Jamiyat | 12:17 / 17.09.2019
127585
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yili uchun «super-kontrakt» tartibi haqida nimalar ma'lum?

Ayni kunlarda oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kira olmaganlardan oshirilgan kontrakt (super-kontrakt) asosida o‘qishga qabul qilinish uchun OTM rektorlari nomiga arizalar qabul qilinmoqda. Belgilangan tartibga ko‘ra, abituriyentlar oshirilgan kontrakt asosida qo‘shimcha qabulga kirish uchun test natijalari e'lon qilingan sanadan boshlab 1 oy ichida ariza berishlari kerak. Shu bois, o‘qishga kirish istagida bo‘lganlarda oshirilgan kontrakt tartibi bo‘yicha ko‘plab savollar tug‘ilmoqda.

Oshirilgan kontrakt asosida OTMlarga qo‘shimcha qabulning joriy o‘quv yili uchun tartibi, to‘lov summalari hali rasman ma'lum qilinganicha yo‘q. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, qo‘shimcha qabulning 2019 ─ 2020 o‘quv yili uchun tartibi 15 oktabr sanasiga qadar ma'lum qilinadi. («Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga asosan qo‘shimcha qabulni amalga oshirish takliflari OTMlar tomonidan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda 15 oktyabrga qadar Davlat komissiyasiga kiritilishi kerak. Qo‘shimcha qabul bo‘yicha qaror 20 oktabr sanasiga qadar qabul qilinadi).

Hozircha oshirilgan kontrakt borasida quyidagilar ma'lum:

Oshirilgan kontrakt to‘lovini ikkiga bo‘lib amalga oshirish mumkin. Ilgari super-kontrakt uchun belgilangan summaning hammasini bir martada to‘lash talab etilar edi. Joriy o‘quv yilidan boshlab oshirilgan kontrakt summasini ikkiga bo‘lib to‘lash imkoni beriladi.

Super-kontrakt uchun ham ta'lim krediti ajratiladi. Talabalarga kontrakt to‘lovini to‘lashda qulaylik yaratish uchun beriladigan ta'lim krediti oshirilgan kontrakt asosida o‘qiydiganlar uchun ham tatbiq etilishi kutilmoqda. Bu haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov to‘lov-shartnoma asosida o‘qishning yangi tartibiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma'lum qilgan edi.

Stipendiyasiz to‘lov oshirilgan kontrakt uchun ham amal qiladi. 2019 yil sentabr oyidan boshlab kuchga kirgan stipendiyasiz to‘lov (bunda kontraktning umumiy summasidan oylik 400 ming so‘mlik stipendiyaning bir yillik summasi chegirib qolinadi) shakli oshirilgan kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar uchun ham amal qiladi. Oshirilgan kontrakt uchun stipendiyasiz kontrakt miqdori ─ 6 million 200 ming so‘m asos qilib olinadi.

Oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • to‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;
  • 1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2 barobar;
  • 2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;
  • 3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3 barobar.

Kirish imtihonlarida Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan minimal balldan (56,7) kam bo‘lmagan ball to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan 25 baravarigacha to‘lovni amalga oshirishadi.

Imtihonda Davlat komissiyasi belgilagan minimal balldan (56,7) kam ball yig‘gan abituriyentlar amaldagi oshirilgan to‘lov-kontraktning ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan eng yuqori miqdorining 2 baravariga teng bo‘lgan summani to‘lash orqali o‘qishga qabul qilinishlari mumkin.

Oshirilgan kontrakt asosida o‘qish uchun faqat birinchi yo‘nalishni tanlash mumkin. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashevning ma'lumot berishicha, o‘qishga kira olmagan abituriyent o‘zi imtihon topshirgan, lekin kira olmagan uchta yo‘nalishning faqatina birinchisiga oshirilgan kontrakt asosida qabul qilinish uchun ariza topshirishi mumkin. Ikkinchi va uchinchi yo‘nalishlar uchun oshirilgan kontrakt asosida qabul qilinmaydi.

Shuningdek, oshirilgan kontraktlar uchun bir qator qulayliklar va yengilliklar joriy qilinishi kutilayotgani haqida ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid