Bahrom Ashrafxonov yangi lavozimga tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi 780-sonli qarori bilan Bahrom Bahodirovich Ashrafxanov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi direktori lavozimiga tayinlandi.
Shu munosabat bilan u moliya vaziri o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan.
Bahrom Ashrafxanov 1969 yilda tug‘ilgan, 1993 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1994 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlari Kentukki universitetini xalqaro valuta-kredit munosabatlari, davlat moliyasi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
U 1994−1998 yillarda — AIG Trading Group’ning Markaziy Osiyodagi vakili, 1998−2000 yillarda — UzAIG O‘zbekiston-Amerika sug‘urta kompaniyasi bosh menejyeri, 2000−2002 yillarda — Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2002-2004 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari – Sug‘urta nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
2005-2007 yillarda moliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2007-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligi boshlig‘i – moliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan.
2016-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-2019 yillarda «O‘zbekneftegaz» AJ boshqaruv Raisi vazifasini bajaruvchisi bo‘lgan.
2019 yil fevralidan O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri ijtimoiy soha masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Bundan avvalroq, Ahadbek Yahyobekovich Haydarov moliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.