Jamiyat | 15:05 / 19.09.2019
33576
2 daqiqa o‘qiladi

Eslatma: yangi turdagi elektr hisoblagichlar bepul o‘rnatilishi kerak

2018 yilning 23 oktabr sanasida prezidentning 3981-sonli «Elektr energiyasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

Qarorda sog‘lom muhit yo‘qligi, davlat nazorati haddan tashqari ko‘pligi tanqid ostiga olingandi. Shuningdek, resurs va energiya tejovchi texnikalardan deyarli foydalanilmasligi elektr energiyasini tejashga jiddiy salbiy ta'sir etayotgani tushuntirilgandi. Respublikadagi barcha foydalanuvchilar uchun tejamkor elektr hisoblagichlar o‘rnatilishi ko‘rsatilgandi. 

Qarorga ko‘ra, yangi ko‘rinishdagi tejamkor elektr hisoblagichlar iste'molchilarga ta'minoti korxonalar tomonidan bepul o‘rnatib berishi tasdiqlangandi.

Biroq oramizda fuqarolarning huquqiy bilimi sayozligidan foydalanib, mo‘may daromad olishni istaydiganlar ham uchrab turibdi, afsuski.

Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berishicha, joriy yilning avgust oyida Majburiy ijro byurosi Sergeli tuman bo‘limi boshlig‘i nomiga Sergeli tumanida yashovchi fuqaro M.Alibekovadan kelib tushgan murojaatda o‘zini MIB xodimi sifatida tanishtirgan D. ismli shaxs aslida bepul o‘rnatilishi kerak bo‘lgan hisoblagich o‘rnatib berish evaziga 900 ming so‘m pul talab qilgan.

Fuqaro holat yuzasidan tegishli tashkilotga xabar bergach, D. ismli shaxs xonadonga kelib oldindan aytilgan pullarni olayotgan paytida tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

Aniqlanishicha, D. ismli shaxs Sergeli tuman gaz korxonasida chilangar vazifasida ishlab kelgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Yangi elektr hisoblagichlar bepul o‘rnatiladi, shuni unutmang!

Mavzuga oid