O‘zbekiston | 18:17 / 30.09.2019
19297
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht narxi bo‘yicha statistika ishonchlimi? Davstatqo‘m izoh berdi

Bugun, 30 sentabr kuni, Davlat statistika qo‘mitasi vakillari ishtirokida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot anjumani tashkil etildi. Mutasaddilar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan go‘sht narxidagi noaniqliklar bo‘yicha rasmiy izoh berildi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayev ushbu yo‘nalishda statistika qay tartibda yuritilishi haqida axborot berdi.

«Statistika qo‘mitasi xodimlari tomonidan markaziy dehqon bozorlarida har seshanba kuni 9 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht narxlari bo‘yicha ma'lumotlar yig‘iladi. 10 sentabr kuni o‘tkazilgan kuzatuv natijalariga ko‘ra, go‘sht narxi o‘rtacha 32 ming so‘mdan 55 ming so‘mgacha, deb belgilangan.

Nukus bozorlarida go‘sht narxi haqiqatan ham 32 ming so‘mni tashkil qiladi. Ko‘pchilik bunga ishonmaydi va statistika ma'lumotlarini ishonchsiz, deb baholayapti.

Yana shunday e'tirozlar bo‘ladi: go‘sht narxi supermarketlarda 55 mingdan ham qimmat. Bu hisobga olinmaydimi? Biz kuzatuv ishlarini faqat markaziy dehqon bozorlarida olib boramiz, supermarketlarda emas. Go‘sht 70- 80 ming so‘mdan sotilayotgan savdo rastalari bor, lekin juda kam. Shuning uchun bu raqamlar umumiy hisob-kitoblarda aks ettirilmaydi. O‘rtacha olganda, eng ko‘p kuzatilgan narx-navo 32 ming so‘mdan 55 ming so‘mgacha. Shuning uchun bu raqam asos qilib olinadi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid