Sport | 21:10 / 30.09.2019
43938
6 daqiqa o‘qiladi

Ko‘ksaroyda boks bo‘yicha jahon chempionati qahramonlariga davlat mukofotlari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, Rossiya Federatsiyasining Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida yuqori natijalarga erishgan bir guruh sportchi va murabbiylar faxriy unvonlar va medallar bilan taqdirlangan edi.

30 sentabr kuni Ko‘ksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sport federatsiyalari rahbarlari, bokschilarning ota-onalari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda yoshlar kamoloti, sport rivoji uchun puxta zamin yaratilgan. 2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi izchil amalga oshirilmoqda. Joylarda yangi sport obektlari ishga tushirilib, yoshlar sog‘lom turmush tarziga faol jalb etilmoqda. Professional sportchilarning mashg‘ulotlar o‘tkazishi, mahoratini muntazam oshirib borishi uchun zarur sharoit yaratilmoqda.

Joriy yilning 4 sentabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilangan edi.

O‘tgan qisqa vaqtda mamlakatimiz vakillari bir nechta turnirlarda ishtirok etib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, 14-22 sentabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta medal bilan 2-o‘rinni egalladi. E'tiborlisi, sovrindor sportchilarimiz 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga ham yo‘llanma oldi.

20-25 sentabr kunlari Toshkentda dzyudo bo‘yicha xalqaro Gran-pri turniri yuqori saviyada o‘tkazildi. Unda 71 mamlakat sportchilari 14 ta vazn toifasida qatnashdi. Yurtimiz terma jamoasi jami 6 ta medal bilan 2-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

6-22 sentabr kunlari Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionati sportchilarimiz uchun yanada muvaffaqiyatli bo‘ldi. Saksonga yaqin mamlakatdan eng kuchli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etgan g‘oyat keskin bellashuvda terma jamoamiz 3 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. AQSh, Kuba, Rossiya, Qozog‘iston, Angliya, Hindiston kabi boks bo‘yicha yetakchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Jamoa sardori Bahodir Jalolov chempionatning “Eng yaxshi bokschisi” deb topildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz sportchilarini, ularning ustoz va murabbiylarini, butun xalqimizni boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy g‘alabasi bilan samimiy muborakbod etdi.

– Jahon chempionatida yuksak mardlik va matonat ko‘rsatib, yurtimizga shunday buyuk g‘alabani olib kelganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. O‘sha kunlari keksayu yosh – butun xalqimiz sizlarga zafar tilab, katta hayajon va qiziqish bilan o‘z nigohini Yekaterinburg arenasiga qaratdi. Elimiz ana shu ulkan ishonchni oqlagan sizdek jasur, vatanparvar avlod bilan haqli ravishda faxrlanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Bu yutuqlar nafaqat jismoniy, balki ruhiy va ma'naviy kuch natijasi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud kabi buyuk ajdodlarimizga munosib o‘g‘lonlargina bunday zafarlarga qodir ekani ta'kidlandi.

Prezidentimiz shunday bahodir yigitlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan mehribon ota-onalar, jonkuyar ustoz va murabbiylarga tashakkur aytdi.

Ma'lumki, bokschilarimiz 2016 yil Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida ham umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan edi. Jahon chempionatidagi natijalar bunday yutuqlar tasodifiy emasligini, yurtimiz tom ma'noda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.

– Bu g‘alaba “O‘zbekiston boks maktabi”, “O‘zbekiston bokschilari” degan so‘zlarni jahon sporti tarixiga oltin harflar bilan muhrlab qo‘ydi. Endi O‘zbekiston bokschilarini, o‘zbek boks maktabini tan olgan ham tan oladi, tan olmagan ham tan oladi. Endi “O‘zbekiston”, “o‘zbekistonlik” desa, manaman degan bokschilar ham o‘ylab ringga tushadigan bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari g‘olib va sovrindor bo‘lgan bokschilarni, ularning murabbiylarini nomma-nom tilga olib, ularni qutladi. Bugungi natijalar kelgusi yil Tokioda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun mustahkam poydevor yaratganini, bu nufuzli musobaqaga ko‘proq litsenziya olish va puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligini ta'kidladi.

Prezidentimiz bokschilar va ularning murabbiylariga davlatimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

– Hamma qilayotgan ishlarimizdan maqsad xalqimizni rozi qilish, yoshlarimizni barkamol etib tarbiyalash. Sizlarning g‘alabangiz har bir sohada adolat bo‘lsa, uzoq-uzoq qishloqlardagi iste'dodlar ham o‘z o‘rnini topsa, albatta natija bo‘lishidan yana bir dalolat. Bu barcha yoshlarimizni marrani baland olib, o‘z ustida ishlashga, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishga ruhlantiradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bokschilar, ularning onalari va ustozlari sportni rivojlantirishga yuksak e'tibori, sportchi va murabbiylarga rag‘bati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid