O‘zbekiston | 17:56 / 30.09.2019
104810
4 daqiqa o‘qiladi

«Men rahbar ayol sifatida Shuhrat G‘aniyevning ishini qoralayman» - Gavhar Alimova

Bugun, 30 sentabr kuni Oliy Majlis Senatida Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida Farg‘ona viloyat hokimi, senator Shuhrat G‘aniyev masalasi ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda Shuhrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi muhokama qilinib, senatorlar va komissiya a'zolari o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Maqsuda Vorisova

«Mamlakatimiz demokratik asoslarda rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kirib bormoqda. Lekin birgina Farg‘ona viloyati hokimning o‘ylamay aytgan gaplari bu harakatlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Ro‘mol yillar davomida xotin-qizlarning kiyim elementi bo‘lib kelgan. Ayollarimiz uni o‘zlariga xos qilib o‘rab yurishadi, lekin uning uchun tazyiqqa uchratish holatlari bo‘lmagan. Birgina ro‘mol bahonasida bu kabi qattiq gap aytish mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lgan», - deya senator Maqsuda Vorisovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi raisi o‘rinbosari, Samarqand viloyati xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova ham so‘zga chiqib, Shuhrat G‘aniyev masalasiga o‘xshash holatlar yoshlarning rahbarlik lavozimlariga bo‘lgan intilishlarini susaytirishini alohida aytib o‘tdi.

Gavhar Alimova

«Jamiyatga uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati bilan baho beriladi. Shuning uchun ham men rahbar ayol sifatida Shuhrat G‘aniyevning ishini qoralayman», - deydi Gavhar Alimova.

Senator Tolibjon Madumarov ham o‘z mulohazalarini bildirib o‘tib, viloyat hokimi va senatorning vazifasi 2 tomonlama, ya'ni ham hudud manfaatini himoya qilish, ham hududni rivojlantirishdan iborat ekanligini aytib o‘tdi. Bundan tashqari, Konstitutsiyaga ko‘ra, har bir insonning huquq va burchlari belgilab qo‘yilgani eslatib o‘tildi.

Tolibjon Madumarov

«Har bir rahbar gapirishdan oldin uning qanaqa ta'sir qilishini, xalqqa nimadir foydasi tegadimi-yo‘qmi o‘ylashi kerak. Tan olish kerakki, Shuhrat G‘aniyev haqida bundan oldin ham ijtimoiy tarmoqlarda ancha muhokamalar bo‘lgan. Oldinroq Toshloq va Rishton tumanida sodir bo‘lgan voqealar ham rahbar uchun xulosa chiqarishga arziydi.

Rahbar bo‘lsa ham, nima bilan nafas olayotgani, insoniylik yoki milliy qadriyati – bu insonning o‘z huquqi, burchini esa nizomlar bo‘yicha talab qilishga to‘liq haqlimiz», - deya fikr bildirgan senator Tolibjon Madumarov.

29 sentabr kuni Farg‘ona viloyati hokimi soqol, ro‘mol va ish joylarida namozga qarshi chiqib, bunga bo‘ysunmaganlarni qamash bilan tahdid qilgani yozilgan audio tarqalgan edi. Farg‘ona viloyati hokimi selektor davomida turk insvestorining soqolini olishni buyurgan, viloyatdagi ish joylarida namoz o‘qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa, o‘sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini aytgani, shuningdek, oldida kim bo‘lishidan qat'i nazar ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa, uning ro‘molini o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat G‘aniyevning tarqalgan audiosi bo‘yicha rasmiy bayonot berib, hokimning so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilingani, shu bilan birgalikda Shuhrat G‘aniyev ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlardan xulosa chiqarganini bildirgandi.

Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishida Shuhrat G‘aniyev aybini tan oldi, unga qattiq ogohlantirish va 3 oy sinov muddati berildi.

Mavzuga oid