«O‘zbekistonga bunday ko‘rgazmalar kerak» - «Tashkent book fest – 2019» ishtirokchilar nigohida
Bugun, 2 oktabr kuni «Tashkent book fest – 2019» I Toshkent xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasi o‘z ishini boshladi. Unda milliy va xalqaro nashriyot vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Jumladan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston davlatlarining 18ta nashriyoti va 30dan ortiq mahalliy nashriyotlar o‘z kitoblarini jamoatchilikka namoyish qilmoqda.
«Ayni paytda ko‘rgazmada odamlar kitoblarimizga va german tiliga qiziqish bilan qaramoqda. Ta'kidlash joizki, nashriyotimiz Germaniyaning eng yaxshi maktab nashrlarini chop etadi. Bundan tashqari, turli xorijiy tillardagi kitoblarni ham bosmadan chiqaramiz», - deydi ko‘rgazma ishtirokchilaridan biri, Germaniyaning Klett nashriyoti xodimi Sandra Ramsperger.
Yarmarkada ishtirok etayotgan adabiyotshunos Shuhrat Rizayev kitob ko‘rgazmalari butun dunyoda doimiy o‘tkazib borilishi, ularning ilk bor O‘zbekistonga ham ko‘chishi esa ijobiy hodisa ekanini, ayni mana shunday ko‘rgazmalar bilan odamlarning kitobxonlikka qiziqishi yanada oshishi mumkinligini ta'kidladi.
«Ayni damda Xitoy ijodiyotining durdona asarlarini namoyish qilyapmiz. Ular orasida bolalar adabiyoti, xitoy tilini ingliz tilida o‘rgatuvchi turli izohli kitoblar ham bor. Turli darsliklar ham ko‘rgazmamizdan joy olgan. Ushbu xalqaro yarmarka haqida esa faqat bitta narsa deyishim mumkin: bu kabi tadbirlar O‘zbekistonga kerak», - deydi Xitoy madaniy markazi direktori janob Yang.
Ko‘rgazmada mahalliy nashrlarning stendlari orqali chet ellik nashriyot vakillariga ham O‘zbekiston bosma sanoati haqida ma'lumot berish loyihaning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lmoqda.
«Hilol» nashriyoti ham ko‘rgazmada yangi asarlar bilan ishtirok etyapti. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari jamlanmasi, yozuvchi Tohir Malik to‘plamlari ham shular jumlasidan. Bundan tashqari, ko‘rgazmada alohida bepul wi-fi zonasi tashkil etish bilan o‘quvchilarga nashriyotning elektron bazasidagi kitoblarni o‘qish imkoni berildi», - deya ma'lumot berdi «Hilol» nashri bosh muharriri Yorqinjon Haydarov.
«Sharq» nashriyoti marketing bo‘limi boshlig‘i Avaz Soliyevning ta'kidlashicha, ushbu nashriyot ham bir qator adiblarimizning yangi asarlarini taqdim etishmoqda. Turli sara asarlarning davomiy tarzda chop etilgan kitoblari, ayniqsa, kolleksiyaning muhim qismi hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, «Tashkent book fest – 2019» xalqaro ko‘rgazma-yarmarkasi 4 oktyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan bo‘lib, turli taqdimotlar, viktorinalar, mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.