Sport | 10:20 / 09.10.2019
16585
7 daqiqa o‘qiladi

«Suares, chetga chiq». «Barselona»ni qanday kuchaytirish mumkin?

Yaqinda «Barselona»ning taktik muammolari va Messiga bog‘liqligi haqida «Qopqondagi Valverde» sarlavhali maqola berilgandi. Qo‘yida esa, shunga yaqin mazmunda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mulohazalardan birini havola etiladi.

«Avvalo aytish kerakki, Luis Suares ajoyib futbolchi, dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri bo‘lib kelgan va hozir ham shunday. Lekin bugungi «Barselona»da u asosiy tarkibda o‘ynamasligi kerak. «Inter» bilan o‘yinda aynan u jamoaga g‘alaba olib kelgan bo‘lsa-da, bu fikr o‘zgarmaydi.

«Barselona»ning asosiy kuchi, asosiy quroli – albatta, Lionel Messi. Shu bilan birga, u jamoaning asosiy kamchiligi hamdir. Bu muammo asosan «Barselona» to‘psiz qolganida ro‘y beradi – Messi odatda, bunday paytlarda shunchaki, piyoda yuradi va o‘yinni tomosha qiladi. Ha, shu tarzda u raqibning harakatlarini tahlil qiladi, ularning ojiz nuqtalarini axtaradi, baholaydi. Lekin raqib jamoaga hujumni boshlashga xalaqit bermaydi. Deyarli.

Yo‘q, bu bilan Messi orqaga qaytib, himoyalanishi, to‘pni olib qo‘yish uchun tinmay yugurishi kerak, demoqchi emasman, yo‘q. U faol tarzda raqibga pressing qilishi ham shart emas. Shunchaki, doimo harakatlanib, hech bo‘lmasa, himoyachilarning oldinga pas berish imkoniyatlarini cheklashi, sal bo‘lsa-da, xalaqit berishi ham mumkin edi. Lekin Messi shuni ham qilmaydi. 

Bilasizmi, unga mumkin. Uning daho ekani, boshqa xislatlari to‘psiz harakatlanishdagi kamchiliklarini yopa oladi. Italiyada o‘tgan 1990 yilgi jahon chempionati finalida Argentina terma jamoasi ustozi Karlos Bilardo Maradonaga faqat raqib maydonida qolishni, markazdan orqaga qaytmaslikni aytgan ekan. Chunki Maradona aynan to‘p bilan zarur edi, uning orqasidan yurib kuch yo‘qotish Argentina uchun zarar bo‘lardi. Maradona maydonda doim tetik bo‘lishi, kerak bo‘lganda o‘sha kerakli sehrni amalga oshirishi kifoya edi. Bu aniq o‘ylangan va juda samarali reja ekaniga shubha yo‘q. Messining «Barselona»dagi roli ham aynan shunga o‘xshash deb bemalol aytsa bo‘ladi.

Ammo muammo shundaki, Luis Suares ham xuddi shunday o‘ynashni boshladi. Aslida esa, hujumchi raqib himoyachilariga bosim o‘tkazishga juda usta, biz buni «Barselona»dagi ilk mavsumlardan, shuningdek, «Liverpul», Urugvay terma jamoasidagi o‘yinlari orqali juda yaxshi bilamiz. Bu yerda ikki variant bor, yo u ham Messiga qarab, dangasalik qilmoqda yoki bir o‘zi oldingi chiziqda harakatlanishni samarasiz deb baholayapti va bundan ma'no ko‘rmayapti.

Natijada, «Barselona» to‘psiz qolganda, deyarli to‘qqiz kishi bo‘lib o‘ynashga majbur bo‘lib qolmoqda. Bugungi zamonaviy futbol uchun imkonsiz bo‘lgan holat. O‘tgan mavsumning eng yaxshi jamoalari – «Liverpul», «Manchester Siti», «Ayaks» va «Tottenhem» shuni ko‘rsatdilarki, jamoaviy harakatlanish, sinxronlik va har bir o‘yinchining har bir nuqtadagi faolligi evaziga har qanday o‘yinni o‘z foydasiga hal qilish mumkin. Hatto futbolchilarning saviyasi ham ahamiyat kasb etmay qoladi.

«Barselona»ning bu boradagi muammolarini Rakitich, Artur, Roberto kabi «qora ishchilar» yashirishar, to‘p bilan esa, Messi, Suares, Buskets, Alba kabilarning ajoyib harakatlari vaziyatni o‘z foydasiga hal qilish uchun ba'zida yetarli bo‘lardi. Bu umuman olganda. Lekin 2019 yilda turgan ekanmiz, bu bilan eng yuqori natijalardan umid qilish qiyin. Agar tarkibda bitta shunday futbolchi bo‘lsa, balki hal qilsa bo‘lar, ammo ikki kishi – katta risk.

Grizmanning kelishi bu yo‘nalishda juda katta plyus. Balki ushbu futbolchining transferida aynan shu maqsad yashiringandir. U hozirdan Messi va Suares uchun barcha harakatlarni amalga oshiryapti, lekin ikki kishi uchun o‘ynash ko‘pincha imkonsiz va samarasiz bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun Messi yo Suaresdan biri asosiy tarkibda tushmasligi kerak. Ularning o‘rniga esa, to‘psiz ham tinmay harakatlana oladigan boshqa futbolchi tushishi zarur. To‘g‘ri, hozirgi tarkibdan bunday futbolchini topish ham oson emas, Peres va Fati yosh, Dembele esa, yana bir dangasa.

Ammo nima bo‘lgandayam, Suares zaxira o‘rindig‘iga o‘tirishi lozim. Shundagina Grizmann ham o‘zi uchun qiyin bo‘lgan chap qanotda emas, qulay pozitsiyada, markazda o‘ynaydi, Messining piyoda yurishi ham zararsizlantiriladi.  

Luis Suares esa, gol urish kerak bo‘lganda, tashabbusni «Barselona» qo‘lga olgan o‘yin davomida tarkibga qo‘shilishi mumkin. O‘shanda uning saviyasi jamoaga juda kerak bo‘ladi. Bunday sharoitda uning tetikligi va yuqori darajadagi hujumchi ekani raqibni o‘ldiradi.

Umuman olganda, Suaresning o‘zi ham tarkibda harakat qilib, jamoaning to‘psiz o‘yinini kuchaytirishi mumkin. Masalan, Messidan emas, Grizmanndan o‘rnak olib o‘ynasa. Yuqorida aytganimizdek, Suares bunga qodir va o‘z vaqtida ajoyib shaklda amalga oshirardi. Ammo buni juda istaganimiz bilan, ishonishimiz qiyin».

Mavzuga oid