O‘zbekiston | 17:00 / 11.10.2019
16896
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik tartibi o‘zgardi

Bugun, 11 oktabr kuni Senatning 23-yalpi majlisi o‘z ishini olib bormoqda. Majlis kun tartibi doirasida «Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzganligi uchun javobgarligi liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma'qullandi.

Mazkur qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lish tartibini buzganlik uchun javobgarlik tartibiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Xususan:

Fuqaroning pasporsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, turgan joyi bo‘yicha doimiy propiskasiz yoxud hisobga turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi yoki beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportning yo‘qolishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan yashash guvohnomasi bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida yashash guvohnomasining yo‘qolishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yilishi, shuningdek fuqarolar tomonidan o‘z turar joylarida shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yilgan hollarda – eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solinadi.

Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzishi, ya'ni haqiqiy bo‘lmagan hujjatlar bilan yashashi, vaqtincha propiskaning, ko‘chishning yoki yashash joyini tanlashning belgilangan tartibiga rioya etmagani, bo‘lish muddati tugagach chiqib ketishdan bo‘yin tovlashi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tish qoidalariga o‘n sutkagacha rioya etmagani — eng kam ish haqining besh baravari miqdoridagi jarimaga sabab bo‘ladi.

Chet el fuqarosining yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini o‘n sutkadan ortiq, ammo o‘ttiz sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzganda – eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida, o‘ttiz sutkadan ortiq muddatga buzganda — eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima to‘lovi undiriladi.

Chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi qoidalarida nazarda tutilgan chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qabul qilish tartibini mansabdor shaxs tomonidan buzish – mansabdor shaxsga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima belgilanadi.

O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzgani uchun ma'muriy javobgarlik qo‘llanmaydi.

Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzgani uchun belgilangan jarimani to‘lamagan taqdirda, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi bir yil muddatga cheklangan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuboriladi.

Chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzishni ma'muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etgan taqdirda, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasiga kirish huquqi uch yil muddatga cheklangan holda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuboriladi.

Mavzuga oid