Jahon | 13:47 / 13.10.2019
30357
9 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning Suriyadagi operatsiyasi: kurdlar IShID jangarilari saqlanayotgan qamoqxonalarni qo‘riqlamoqchi emas

Foto: AFP/GETTY IMAGES

Suriya kurdlari ma'lum qilishdiki, agar turk harbiylarining yurishi davom ettirilsa, ular IShID jangarilari saqlanayotgan qamoqxonalarni qo‘riqlashga e'tiborni susaytirishga majbur bo‘lishadi.

«Suriya demokratik ittifoqi» partiyasi (SDF) boshqaruvidagi kurdlar ayni vaqtda IShID bilan aloqadorligi uchun qo‘lga olingan bir necha minglab kishilar tutib turilgan qamoqxonalarni nazorat qilishmoqda.

Turkiya harbiylari haftaning chorshanba kuni kurd harbiy bo‘linmalariga qarshi «Tinchlik bulog‘i» nomli harbiy amaliyot boshladi va ayni vaqtda turklar Suriya shimoli-sharqida harbiy harakatlarni olib bormoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, chegara hududida ikki tomonning harbiy harakatlari oqibatida kamida 50 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan.

Turkiya kurdlarni terrorizmda ayblamoqda va ularni Suriya ichkarisiga surib tashlab, chegarada 30 kilometrlik «xavfsiz hudud» tashkil etishni istashini bildirmoqda. Turkiya hukumati bu hududga hozirda Turkiya hududida istiqomat qilayotgan 3 milliondan ortiq suriyalik qochqinlarni joylashtirishni maqsad qilgan.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, harbiy harakatlar tufayli 100 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, bu raqamlar 450 ming nafarga yetishi ham mumkin.

100 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishdi / AFP

Suriya shimolidagi kurd ma'muriyati ma'lum qilishicha esa, boshpanasiz qolgan kurdlar soni 200 mingga yaqinni tashkil etmoqda.

AQSh prezidenti Donald Trampning amerikalik harbiylarni Suriya shimolidan olib ketish haqidagi qarori Turkiya o‘z vaqtida G‘arb mamlakatlariga IShIDga qarshi kurashda asosiy ittifoqchi bo‘lgan kurdlar ustiga yurish qilishiga imkon yaratib berdi.

Kurdlar nima deyishmoqda?

Chegarada Turkiya harbiylariga qarshi janglar «Suriya demokratik ittifoqi» kuchlariga IShID jangarilari qamoqxonalarini qo‘riqlashga xalal bermoqda. Bu haqda tashkilot rahbarlaridan biri Redur Kselil telemurojaatida ma'lum qildi.

«Endilikda IShID jangarilari qamoqxonalarini qo‘riqlash asosiy vazifa emas. Kimni bu mahbuslarni qo‘riqlash masalasi tashvishga solayotgan bo‘lsa, kelishi va yechim topishi kerak bo‘ladi», degan kurdlar rahbari.

«Kurd jangchilari o‘z shaharlarimiz va xalqimizni himoya qilish uchun otlandi», deya qo‘shimcha qilgan Kselil. U Turkiya boshlagan amaliyot IShID yana kuch to‘plashiga yo‘l ochishi mumkinligidan ogohlantirgan.

«Ular (IShID) uyg‘onmoqda, Qamishli va Xasakada yana ularning yacheykalari paydo bo‘lgan», degan u.

IShID nimalar qilmoqda?

Juma kuni Qamishli va Xasakada portlovchi moddalar o‘rnatilgan avtomobillar portlatildi. Bu teraktlar uchun javobgarlikni IShID o‘z zimmasiga oldi.

IShID Qamishlidagi terakt uchun javobgarlikni zimmasiga oldi / REUTERS

Kurdlar tomonidan ma'lum qilinishicha, Qamishli turklar tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin IShIDning 5 nafar jangarisi qamoqdan qochib ketgandi.

Shanba kuni esa IShID Suriyada kurd qamoqxonalarida saqlanayotgan safdoshlari uchun qasos olish maqsadida Suriyada yangi kampaniya boshlaganini e'lon qildi.

Amerikalik harbiylar hali Suriya shimolida bo‘lib turibdi / AFP

Kurdlarning ma'lumotiga ko‘ra, Suriya shimolidagi 7ta qamoqxonada IShID bilan aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan 12 mingdan ortiq jangari saqlanmoqda. Ularning 4 ming nafardan ortig‘ini xorijiy davlatlar fuqarolari tashkil etadi.

Bu qamoqxonalarning joylashuvi haqida aniq ma'lumotlar yo‘q, ammo bu qamoqxonalarning aksari Turkiya bilan chegaralarga yaqin joylashgani aytiladi.

Ikki lager - Roj va Ayn Issa - IShID jangarilarining oila a'zolari saqlanayotgan lagerlar «xavfsiz hudud» ichkarisida joylashgan.

Juma kuni kurdlarning vakillari Ayn-Issa lageri artilleriyadan o‘qqa tutilgani va bu lagerni ko‘chirish imkoniyatlari muhokama qilinayotgani haqida aytishdi.

Turkiya tomoni esa turk harbiylari o‘z yo‘lida IShID mahbuslari lagerlari chiqadigan bo‘lsa, ular uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma'lum qildi.

Qo‘shinlarning joylashuvi

Turkiya yurish boshlaganidan buyon Suriya shimoli-sharqidagi Ras-al-Ayn shahri yaqinida qaqshatqich janglar ketmoqda.

Turkiya bu shahar ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida ma'lumot tarqatdi, ammo kurdlar bu ma'lumotni rad etib chiqdi.

Bir necha kundan buyon shahar ustidan Turkiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari uchmoqda va kurdlarning pozitsiyalariga aviazarbalar berilmoqda.

Turkiyaning Suriyadagi ittifoqchilari ham chegaradan boshlab 30 km hududdagi yo‘llar va o‘nlab qishloqlar ustidan nazorat o‘rnatilganini ma'lum qildi.

Shuningdek, Suriya davlat televideniyesi ma'lumotiga ko‘ra, turkiyalik harbiylar chegara yaqinidagi Suluk aholi punktini ham egallashgan. Bu shaharcha Raqqa viloyatining shimoliy-sharqiy qismida joylashgan.

Umuman, Suriyadagi kurdlarning chegara bo‘ylab 120 km uzunlikdagi hududda joylashgan pozitsiyalari ham quruqlikda, ham havodan hujumga uchramoqda.

Kselil o‘z telemurojaatida AQShdan himoya talab qilgan va buni amerikaliklarning «ma'naviy burchi» deb atagan.

«Bizga ular o‘z harbiylarini oldingi chiziqlarga jo‘natishi kerak emas... bizga kerak bo‘lgan narsa shuki, ular havo hududini turk samolyotlari uchun yopishsin, bu esa ular uchun oson ish», degan u.

Qurbonlar

Strategik muhim shahar Ras-al-Ayn jang maydoniga aylangan / AFP
  • Qarorgohi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriyadagi Inson huquqlari vaziyatini monitoring qiluvchi tashkilot ma'lumotiga ko‘ra, kamida 38 nafar tinch aholi vakili va 80 nafardan ortiq kurd jangchisi halok bo‘lgan
  • Turkiya tomoni ma'lumotiga ko‘ra, Turkiya janubiga yo‘llangan raketa zarbalari oqibatida 17 kishi, jumladan bir nafar suriyalik bola halok bo‘lgan
  • Suriyadagi Turkiya ta'siri ostidagi kuchlardan tarkib topgan Suriya milliy armiyasining 50 nafarga yaqin jangchisi, shuningdek bir nafar turkiyalik askar halok bo‘lgan

Shanba kuni Suriya shimolida aviazarba oqibatida halok bo‘lgan 9 kishi orasida kurd huquq faoli va siyosatchisi, Suriya kelajagi partiyasi bosh kotibi Xervil Kalaf ham bor edi. U ketayotgan avtomashina Tell-al-Abyad shahridan janubda pistirmaga tushib qolgan. Kurdlar bu hujumda Suriya milliy armiyasi harbiylarini ayblagan.

Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan harbiylar esa bu hujumga aloqadorliklarini rad etishgan, ular buni hali mazkur hududga kirib kelishmagani bilan izohlashgan.

Siyosatchilar nima deyishmoqda?
IShIDga qarshi urush vaqtida AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga quruqlikdagi harakatlarda asosiy ko‘makchi bo‘lgan kurdlarning yetakchilari Donald Tramp amerikalik harbiylarni Suriya shimolidan olib chiqishga ko‘rsatma berishini Turkiya Suriya hududiga bostirib kirishiga rozilik bildirgani sifatida qabul qilishmoqda va AQShni «orqadan pichoq urish»da ayblamoqda.

Turkiya 9 oktabr kuni Suriyaga qo‘shin kiritganidan keyin esa Donald Tramp Amerika NATOdagi ittifoqchisi va kurdlar o‘rtasida sulh tuzilishiga erishishni istashi haqida gapirdi. Ammo Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an harbiy amaliyot davom ettirilishini ma'lum qildi.

AQSh va G‘arb mamlakatlaridagi ko‘pchilik kishilar turklarning yurishini qoralashmoqda va Vashingtonga bosim ortib bormoqda: AQShdan Turkiyani to‘xtatish talab qilinmoqda. Tramp ham Turkiyaga sanksiyalar qo‘llanish zaruratga aylanganini ta'kidlay boshladi.

Juma kuni Pentagon Suriya shimolidagi Kobani shahri yaqinida joylashgan amerikaliklar bazasi turklar tomonidan o‘qqa tutilganini ma'lum qilgach, Vashington va Anqara munosabatlaridagi keskinlik yanada oshdi. Turkiya hukumati esa AQSh bazasiga hujum qilganini rad etmoqda.

Shanba kuni Parij, Berlin va boshqa shaharlarda minglab yevropaliklar Turkiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotiga qarshi norozilik aksiyalarini o‘tkazishdi.

Mavzuga oid