Samarqandda turizm rivojiga to‘siq bo‘layotgan kim?
Mehmonxona qurish uchun tanlovda bino yutib olgan tadbirkor may oyidan buyon sarson bo‘lib kelayotgani, ma'muriy va boshqa to‘siqlar uni ishlashga qo‘ymayotgani haqidagi murojaatidan so‘ng sarlavhadagi savol yuzaga qalqib chiqmoqda.
Tadbirkor aytgan muammoga yuzlashishdan oldin Samarqanddagi turizm ahvoliga bir nazar tashlab olaylik.
Bu qadimiy shaharda turizmdan kelayotgan daromadlar mavjud salohiyatga aslo mos emasligi rahbarlar tomonidan ham, mutaxassislar tomonidan ham ko‘p marta tanqid qilindi. O‘tgan yili Samarqandga kelgan xorijiy sayyohlar soni 351 ming nafarni tashkil etgani aytilmoqda. Solishtirish uchun, Parij shahridagi birgina Luvr muzeyiga bir yilda o‘rtacha 7 million nafar sayyoh kelarkan.
Aytish mumkin, Samarqandni Parij bilan solishtirib bo‘lmaydi-da, deb. To‘g‘ri, hozircha bizda infratuzilma yaxshimas, mehmonxonalar kam, muammo ko‘pdir. Ammo bir narsa aniqki, shu sohaga hissamni qo‘shaman, degan tadbirkorlarga bugungidek to‘siqlar qolaverar ekan, bundan keyin ham sohadagi muammolar girdobidan chiqib ketish gumon.
Bizga murojaat qilgan fuqaro J.Mamashukurova mehmonxona sohasi tadbirkorlaridan biri.
«Joriy yilning 20 may kuni Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari raisligidagi ishchi komissiya tomonidan moddiy-madaniy meros obektlarni ijaraga berish bo‘yicha tanlovda qatnashib g‘olib bo‘ldim. Mazkur tanlovga qo‘yilgan binolardan biri — Samarqand shahar Tolmasov ko‘chasidagi 37- va 37-«A» manzilda joylashgan mahalla binosi edi. Mazkur binolarning tarixiyligiga zarar yetkazmagan holda, tegishli tashkilotlar belgilagan talablarni buzmasdan ta'mirlab, mehmonxona qurish taklifini berdim.
Asli tanlov qoidalaridan biri ham moddiy-madaniy meros obektlarini ijaraga olib, yaxshi saqlash va foydalanish edi. Shu maqsadda ikkita bino uchun 9 milliard so‘m investitsiya kiritib, 30ta ish o‘rni yaratishni mo‘ljallaganman.
Ammo tanlovda g‘olib bo‘lganimga salkam yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da hamon ishni boshlay olmayapman. Qo‘limga tegishli hech qanday hujjat berilgan emas. Qanchalik yugurmay hech narsaga erisha olmayapman.
Viloyat hokimligi, Samarqand shahar hokimligi, turizmni rivojlantirish departamenti Samarqand bo‘limi va shahar kadastr bo‘limlari o‘rtasida qatnab ta'mirlash uchun qulay vaqt bo‘lgan issiq kunlar ham o‘tib ketdi. Kadastr idorasidagilar «qaror bo‘lmasa kadastr qilib bermaymiz», deyishsa, hokimlik vakillari «qaror bermaymiz», deydi.
Viloyat hokimining telegram messenjeriga qilgan murojaatimga javoban turizm departamentidan kelgan vakil «e'tirozim yo‘q degan xatga qo‘l qo‘yib bering», degan iltimosdan nariga o‘tmadi», — deydi tadbirkor J.Mamashukurova.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida tadbirkor tilga olgan har bir tashkilot vakillari bilan gaplashib ko‘rdik. Eng qizig‘i, birortasida «ayb yo‘q ekan».
Viloyat hokimi o‘rinbosari B.Nurillayev bilan suhbatimiz jarayonida hokim o‘rinbosari viloyat turizm departamenti hamda madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish boshqarmasi vakillarini ham taklif qildi. Suhbat davomida mas'ul idoralar vakillari tadbirkorga aslo qarshi emasligi, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Hujjatlarni olish uchun shunchaki kadastrga borib kerakli hujjatlarni berish kifoya ekanligini ma'lum qilishdi. Binoni ta'mirlash uchun esa madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish boshqarmasi bilan kelishish lozimligi va boshqarma bunga tayyorligi ma'lum qilindi.
Samarqand shahar «Yermulkkadastr» korxonasi esa kadastr qilish uchun tadbirkordan texnik hujjatlarni so‘ramoqda. Tadbirkor taqdim etgan tanlov bo‘yicha yig‘ilish bayonnomasini texnik hujjat sifatida tan olmagan, qaror so‘ragan. Aksiga olib tadbirkorga tegishli qarorni hokimlik taqdim etmayapti.
Samarqand shahar hokimligi mutasaddilari bilan gaplashganimizda gap madaniy meros obekti haqida borayotgani, uni birovga kadastr qilib berish mumkin emasligi, qaror ham berilmasligi ma'lum qilindi.
Xullas, yuqoridagi tashkilotlarning barchasi bilan suhbat qilib ham muammo yechimiga yo‘l topolmadik.
Savol tug‘iladi: O‘zi bu tanlov rostdan ham turizmni rivojlantirish, mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yaman degan tadbirkorga sharoit yaratish maqsadida o‘tkazilganmidi?
Bu savolni qo‘yayotganimizning sababi bor. Yuqoridagi tanlovga jami 7ta bino qo‘yilgan. Biz boshqa binolar bo‘yicha g‘olib bo‘lgan qolgan bir necha tadbirkorni ham topib gaplashib ko‘rdik. Afsuski, ular ham hali hamon faoliyatini boshlay olmayotgan, aynan tegishli hujjatlarni ololmayotgani bunga sabab bo‘layotgan ekan.
Shunday bo‘lgach, bu tanlov shunchaki, «yuqori»ga ko‘rsatish yoki xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmaganmikin, degan gumon ham yuzaga kela boshlaydi. Agar shunday bo‘lmasa, tanlov tashkilotchilari o‘tgan besh oy davomida tanlov g‘oliblarining hech bo‘lmaganda yarmi o‘z faoliyatini boshlab yuborgan bo‘lardi. Afsuski, tanlov g‘oliblari buning aksini aytmoqda.
Yana bir narsa, surishtirib ko‘rsak, tadbirkor M.Mamashukurova mehmonxona ochishi ko‘zda tutilgan 37-manzildagi binoning o‘zi ham nizoli bo‘lib chiqmoqda. Jami 15 sotixdan iborat bu binoda «Sharq» mahalla fuqarolar yig‘ini binosi joylashgan bo‘lib, mahalla oqsoqoli va shu mahalladagi ayrim fuqarolar bu yerda mehmonxona ochilishiga keskin qarshilik ko‘rsatmoqda.
Katta hovli, 7–8ta xonadan iborat binoga ega mahalla markazi Samarqandda ko‘p emas. Mahalla oqsoqoli bino mahalla ahli uchun mehmonxonadan ko‘ra ko‘proq kerak ekani, aholi to‘y va ma'rakalarni shu hovlida o‘tkazishini aytmoqda. Kattagina maydonga ega bu hududda aslida mahalla faoliyati uchun ham, mehmonxona uchun ham joy topish mumkin.
Yana yuqoridagi tanlovga qaytamiz. Viloyat hokimi o‘rinbosari imzolagan tanlov bayonnomasining 2-bandida g‘olib deb topilgan talabgorlarga kadastr hujjatlarini shakllantirishda Samarqand shahar hokimligi amaliy yordam ko‘rsatsin deb aniq ko‘rsatilgan. (Hokimlik munosabati bilan tanishdingiz).
Bayonnomaning yana bir bandida boshqa tashkiliy masalalar bo‘yicha tadbirkorlarga yordam berish viloyat turizmni rivojlantirish departamentiga yuklangan. Shuningdek, bayonnomada ijara shartnomasi ham ko‘zda tutilgan.
Ammo bugun tadbirkorlarda na ijara shartnomasi bor, na kadastr va boshqa hujjatlar. Afsuski, tadbirkorga hech kim yordam bermoqchi emas. Bayonnoma ijrosi ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Yana o‘sha savol: modomiki ijrosi tashlab qo‘yilar ekan tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad nima edi?
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:24 / 21.11.2024
COP29 ishtirokchilari iqlimga mos turizmni rivojlantirishga kelishib oldi
08:10 / 21.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
08:51 / 20.11.2024
To‘rt tumanda 614 mln so‘mlik elektr va gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
13:49 / 14.11.2024