Jahon | 18:50 / 20.10.2019
67681
6 daqiqa o‘qiladi

«Sayyoraning eng baxsiz odamlari» - Burundi haqida faktlar

Zamonamizning eng qashshoq va rivojlanishdan ortda qolgan davlatlaridan biri bo‘lgan Burundi Respublikasi Markaziy va Sharqiy Afrikaning Buyuk ko‘llar hududida joylashgan.

Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan va qurg‘oqchilik hukm suruvchi bu mamlakat Tanzaniya, Ruanda va Kongo bilan chegaradosh. Bu yerda ajablanishga sabab bo‘luvchi hech qanday tabiiy boyliklar ham, tabiat in'omlari ham yo‘q. Qachonlardir bor bo‘lganlari inson omili natijasida boy berilgan. Aholisi — 12 mln kishi. Asosiy xalqi — xutu, tutsi, lingala va tva.

Tarixi

Yevropaning missionerlari bu yerlarga ilk marta XIX asrning so‘nggi yillarida kirib borgan bo‘lsa,  u vaqtgacha Burundi mustaqillik qirollik sifatida qariyb 200 yil davomida mavjud bo‘lgan. Ammo XX asr boshlarida bu hudud Germaniya tomonidan koloniyaga aylantiriladi, Birinchi jahon urushidan keyin esa Belgiya qo‘liga o‘tadi. Mustamlakachilar ushbu mamlakatni qo‘shni Ruanda bilan yagona qaram o‘lka sifatida birlashtirishga ko‘p urinishadi. Davlat 1962 yilda mustaqillikni qo‘lga kiritganda dastlab monarxiya sifatida boshqariladi, ammo to‘ntarishlar, zo‘ravonliklar va mintaqaviy nomutanosiblik 1966 yilda yakka partiyali respublika shakllanishiga olib keladi. O‘tgan asrning yetmishinchi va to‘qsoninchi yillarda fuqarolar urushi va genotsid ro‘y bergan.

Fransuz tili rasmiy maqomga ega, ammo amaliyotda juda kam sonli odam bu tilda gapira oladi. Shuningdek, til bu yerda kuchli o‘zgarishlarga uchragan, haqiqiy fransuzlarning o‘z tilini mahalliy aholi talaffuzida tushunib olishi oson bo‘lmaydi.

Qashshoqlik, infrastrukturaning yomonligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash tizimi cheklanganligi, to‘yib ovqatlanmaslik, siyosiy beqarorlik va ishsizlik burundiliklar duch keladigan asosiy muammolar hisoblanadi. Mahalliy aholining yarmidan ko‘pi mutlaq qashshoqlikda yashab kelmoqda. 2018 yilda Jahon baxt hisobotiga ko‘ra, Burundi aholisi sayyoramizning eng baxsiz odamlari deb tan olingan.

Faktlar

Poytaxt Bujumburadan Gitegaga ko‘chirilgan

2019 yil yanvar oyida Burundi parlamenti urbanizatsiya va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida poytaxtni Bujumbura shahridan Gitegaga ko‘chirish uchun ovoz berdi. Bujumbura mustaqillikka erishilgan davrdan beri poytaxt bo‘lib kelgan. Poytaxtni o‘zgartirish haqida birinchi marta 2007 yilda prezident Per Nkurunziza taklif kiritgandi. Ma'lumot uchun, Bujumbura so‘zi «kartoshka sotiluvchi bozor» tarjimasini beradi.

Davlat budjetining deyarli 6 foizi mudofaa uchun sarflanadi. Hukumat buni mintaqadagi vaziyat beqarorligi bilan izohlaydi.

Burundi yer ostida foydali qazilmalari oz emas, masalan sayyoramizdagi nikel zaxirasining 5 foizga yaqini shu yerda yotibdi. Ammo ularning hech biri qazib olinmaydi. Mamlakat haligacha qahva eksporti bilan kun ko‘rishga harakat qilmoqda va qishloq xo‘jaligidagi yaroqli yerlarning katta qismidan shu maqsadda foydalaniladi.

Mamlakatda 100 nafarga yaqin shifokor bor. Deyarli shu kabi aholi zichligiga ega va qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lgan Gaitida ham tibbiyot sohasi xodimlari soni 4 barobar ko‘p. 

Burundida temir yo‘llar mavjud emas. Asfaltlangan yo‘llar ham ko‘p emas. Mobil aloqadan aholining 2 foizi foydalana oladi, xolos. 

Gustav — odamxo‘r timsoh

Gustav — Burundida yashovchi ulkan timsoh. U dunyodagi eng yirik timsoh hisoblanadi. So‘nggi yillarda Ruzizi daryosi va Tanganika ko‘lining shimoliy qirg‘og‘i atrofida 200-300 nafar atrofida odam qurbon bo‘lgani uchun ham u ancha mashhur. «Qotil» haligacha tutilmagan. 2000 yil o‘rtalarida timsoh o‘lgani haqida mish-mishlar tarqalgandi, ammo National Geographic Channel'ning 2008 yilgi ekspeditsiyalarida unga duch kelishgan.

Aholining yuqori zichligi
Burundi Respublikasi katta bo‘lmagan maydonni egallasa ham, uning aholisi zich. Gavayi shtati hududi bilan taqqoslaganda, bu yerda odamlar 8 barobar ko‘p! Aholining zichligi yuqori darajada ortishi qishloq xo‘jaligi uchun katta muammo tug‘diryapti, chunki bo‘sh yerlar kamayib bormoqda.

Qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda Burundi immigratsiyasi dunyodagi eng yuqori darajani qayd etmoqda. Aksariyat burundiliklar qayerda bo‘lsada yaxshi hayot istab o‘z vatanlari chegarasini tark etishmoqda, shuning uchun aholining zichligi yanada oshishi kuzatilmayapti. 

Ochlik

Aksariyat burundiliklar o‘simlik ildiz mevalari va kraxmalli donlar bilan oziqlanadi. Makkajo‘xori asosiy oziq manbaidir. Aholining 85 foizini tashkil etgan xutu xalqi o‘zining an'analariga muvofiq tarzda o‘simliklar bilan oziqlanadi. Aholi chorvachilik bilan shug‘ullanmasligi oqibatida mamlakat ochlik va ratsionda oqsil yetishmasligidan aziyat chekmoqda.

Qoramol boqish o‘ziga to‘qlikdan darak beradi
Sigir egalari o‘zlarining hayvonlarini nafaqat ular go‘sht va sut bergani uchun, balki sigirlar an'anaga ko‘ra boylik belgisi ekani uchun sevadi. Burundida iqtisodiy holatidan qat'i nazar, hozircha qo‘lida sigiri bormi, u boy kishi. Mollar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ijtimoiy mavqe ham ko‘tarilib boradi.

Ubumwe, Ibikorwa, Iterambere
Ubumwe, Ibikorwa, Iterambere — milliy shior, «Birlik. Mehnat. Taraqqiyot» ma'nosida tarjima qilinadi. Biroq so‘nggi davrda mamlakatda na birlik, na yetarli ish o‘rni va na taraqqiyot paydo bo‘ldi.

Mavzuga oid