Jahon | 18:10 / 27.10.2019
17348
4 daqiqa o‘qiladi

Iroqda inqiroz: Namoyishchilarga o‘quvchilar, kommunistlar va deputatlar qo‘shildi

Iroqda so‘nggi ikki kun ichida yana 50dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan hukumatga qarshi namoyishlar kundan kunga kuchaymoqda. Yakshanba kuni Bag‘doddagi mitinglarga maktab o‘quvchilari, talabalar va parlament a'zolari ham qo‘shilishdi.

Shu kunlarda Iroq parlamenti kvorum (majlisning qarorlari qonuniy bo‘lishi uchun ishtirokchilarning ustav bo‘yicha yetarli hisoblanadigan miqdori) yig‘a olmadi va muxolifatchi namoyishchilarning talablarini muhokama qila olmadi. Muqtada Sadra yetakchiligidagi shialar partiyasi va Iroq kommunistik partiyasi birlashmasi bo‘lgan «Sayrun» bloki a'zolari mitinglar ishtirokchilarining talablari muhokama qilinmas ekan, parlament binosini tark etmasliklarini ma'lum qilishdi.

So‘nggi ikki kun ichida Iroqdagi namoyishlar vaqtida 63 kishi halok bo‘ldi va 2,5 mingdan ortiq kishi jarohatlandi. Shu ikki kun ichida 83 ta davlat korxonasi va siyosiy partiyalar ofisi binolariga zarar yetkazilgan.

Namoyishchilar Bag‘doddagi Tahrir maydonini egallashgan va hukumat binolariga olib boruvchi yo‘lda joylashgan ko‘prikda barrikadalar qurishgan.

Hukumat binosiga olib boruvchi yo‘l to‘silgan / REUTERS

Juma va shanba kunlari namoyishchilar hukumat gvardiyasi binosini egallashga harakat qilishi va yuqori martabali amaldorlarning uylariga hujumlar oqibatida o‘nlab kishi halok bo‘ldi.

Shuningdek, tasodifan markaziy maydonga kelib qolgan va zo‘ravonlik harakatlarida ishtirok etmagan kishilar ham halok bo‘lishgan.

Oktabr to‘lqini

Namoyishchilarning aksari ishsizlikdan aziyat chekayotgan yoshlar / GETTY IMAGES

1 oktabr kuni mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish va korrupsiyaga chek qo‘yish talabi bilan stixiyali tarzda (tinch ruhda) boshlangan namoyishlar politsiya tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilgandi: Bag‘dodda ko‘chalarga chiqqan kishilar o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan, bir necha kun ichida 150dan ortiq kishi halok bo‘lgandi.

Ammo bu namoyishchilarni to‘xtata olmadi, aksincha yanada ko‘proq odamlar ko‘chalarga chiqdi, namoyishlar Iroqning boshqa shaharlariga, ayniqsa nisbatan qashshoq yashovchi janubiy hududlariga ham tarqaldi.

Hukumat namoyishchilarga nisbatan o‘qotar qurollar qo‘llangani holatini tekshirdi va bu holatni «haddan oshish» deb baholadi. Shu bilan birga, odamlar «noma'lum snayperlar» tomonidan o‘ldirilgani iddao qilindi.

Odil Abdul-Mahdi boshchiligidagi hukumatga qarshi qaratilgan namoyishlarning ikkinchi to‘lqini payshanba kuni boshlandi. Endi namoyishchilarga talabalar va maktab o‘quvchilari ham qo‘shilishdi. Ular korrupsiya, ishsizlik va xalqning munosib sharoitlarda hayot kechirishini ta'minlashni talab qilishmoqda.

Mahdi siyosiy namoyishlarni keskinlik bilan bostirish bo‘yicha pozitsiyadan chekinib, fuqarolarga iqtisodiy islohotlar o‘tkazishni va'da qilgan bo‘lsada, namoyishchilar uning so‘zlariga ishonishmayapti va uning iste'foga chiqishini istashmoqda.

«Biz rejim to‘liq almashishini xohlaymiz. Biz bugun hukumatni olib tashlash - uni begona o‘t kabi yulib tashlash uchun bu yerdamiz!», degan yakshanba kungi namoyish ishtirokchilaridan biri jurnalistlarga.

Mahdi bir yil muqaddam bosh vazir lavozimini egallagandi.

Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, Iroqda yoshlar orasidagi ishsizlik darajasi 25 foizga yetgan, holbuki so‘nggi o‘n besh yil davomida urush va diniy nizolar girdobida qolganiga qaramasdan mamlakat neft eksporti bo‘yicha OPeKda ikkinchi o‘ringa chiqqan.

Mavzuga oid