O‘zbekiston | 18:29 / 01.11.2019
115913
3 daqiqa o‘qiladi

Dubay shahzodasi bir oy ichida ikkinchi marta O‘zbekistonga keldi

Dubay amirligining taxti vorisi Shayx Hamdan bin Muhammad Ol Maktum oktabr oyida ikki marta O‘zbekistonda bo‘ldi.

Foto: Instagram.com/faz3

Telegram'dagi AviaSpotter kanalining ma'lumot berishicha, Dubay hukumatiga xizmat ko‘rsatuvchi «Dubai Royal Air Wing» samolyoti 31 oktabr, kunning birinchi yarmida Toshkentga qo‘ngan.

Shayx Hamdanning Instagram'ga yuklagan suratlariga ko‘ra, u «Tashkent City» hududidagi «Hilton» mehmonxonasiga joylashib, payshanba kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashgan. Shahzoda, shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev oilasi vakillarining ham mehmoni bo‘lgan.

Foto: Instagram.com/faz3
Foto: Instagram.com/faz3

Dubay taxti vorisi oktabr oyi o‘rtalarida ham O‘zbekistonda bo‘lib, Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikdagi cho‘l hududida lochinlar bilan ov qilgan edi.

Bu hududda 300 gektar maydonni egallagan «Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi» (AYTAM) joylashgan.

Ushbu markaz BAA vitse-prezidenti – Dubay amirligining hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum tashabbusi bilan 2008 yilda tashkil etilgan.

O‘zbekistonda lochinlar bilan ov qilish mavsumi sentabr-oktabr oylarida bo‘ladi, shu vaqt davomida tuvaloqlar yovvoyi tabiatga uchiriladi. 2012 yildan buyon Navoiydagi markaz tomonidan tabiatga 10 mingga yaqin yo‘rg‘a tuvaloq yovvoyi tabiatga uchirilgan.

Ma'lumot uchun, Hamdan ibn Muhammad Ol Maktum – Dubay amiri Muhammad ibn Roshid Ol Maktumning o‘g‘li, Dubay amirligining merosxo‘r shahzodasi, 1982 yilda tug‘ilgan. U juda faol hayot kechirishi bilan mashhur. Uning qiziqishlari doirasi kengligi hammani hayratga soladi. Shahzoda parashyutdan sakrash, suv ostiga sho‘ng‘ish, baliq ovi, lochin ovi, snoubording, velosport va sportning ko‘plab boshqa turlariga qiziqadi. «Fazza» taxallusi bilan she'rlar ham yozadi.

Mavzuga oid