Jamiyat | 14:15 / 02.11.2019
37223
3 daqiqa o‘qiladi

IIV Navoiydagi shifokorlarga tajovuz bo‘yicha bayonot berdi

Uchquduqdagi tez tibbiy yordam shifokori bilan bog‘liq holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Foto: Videodan kadr

Kun.uz saytida “Shifokor xor bo‘ldimi?! Tez yordam xodimlariga yana bir tajovuz” sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Navoiy viloyatida yuz bergan holat yuzasidan ma'lumot hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi izohi berilgan edi.

Navoiy viloyati ichki ishlar boshqarmasining xabar qilishicha, 2019 yilning 31 oktabr kuni soat 17:40larda Navoiy viloyati Uchquduq tumani Tibbiyot birlashmasi tez tibbiy yordam bo‘limiga fuqaro Eldor Po‘latov tanishi Kamol Hikmatovning sog‘lig‘i yomonlashganligi yuzasidan murojaat qilgan. Xabarga asosan tez tibbiy yordam bo‘limi navbatchi shifokori Najmiddin Boliqulov va navbatchi feldsher Ulug‘bek Rajabovlar soat 17:45larda Uchquduq tumani Navro‘z ko‘chasi 10-uy 4-xonadonga yetib borgan.

Tibbiyot xodimlarini mast holda bo‘lgan E.Po‘latov kutib olgan. Fuqaro K.Hikmatov esa tibbiyot xodimlari kelganligini bilib, uyg‘ongan va navbatchi shifokor N.Boliqulov egnidagi ko‘k rangli tibbiyot xalati ustidan kurtka kiyib olganligiga e'tiroz bildirib “Nima uchun oq xalatda emassan, nima uchun meni oyog‘ing bilan turtib uyg‘otding” deb, N. Boliqulov bilan o‘zaro janjallashgan.

Janjal vaqtida mast holdagi K.Hikmatov shifokor N.Boliqulovning ko‘krak qismiga qo‘li bilan bir marotaba urgan hamda K.Hikmatov va E.Po‘latovlar shifokorni turli uyatsiz so‘zlar bilan haqoratlaganlar.

Ushbu holat yuzasidan navbatchi feldsher U.Rajabov o‘z uyali aloqa vositasi orqali tuman IIB profilaktika inspektori E.Islomovga soat 17:49da xabar bergan. Xabar asosida profilaktika inspektorlari E.Islomov, F.Po‘latov va A.Ismatullayevlar voqea joyiga darhol yetib kelishib, ziddiyatli vaziyatga tezkorlik bilan barham berishgan. Mazkur holat shu kunning o‘zidayoq, Uchquduq tuman IIBning Navbatchilik qismida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘z navbatida, K.Hikmatov va E.Po‘latovlar tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli “Mast holdagi fuqarolarni reabilitatsiya qilish” markaziga joylashtirganlar.

Joriy yilning 1 noyabr kuni shifokor N.Boliqulovning sog‘ligini yomonlashganligi holati yuzasidan, sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta'minlangan.

Hozirda K.Hikmatov va E.Po‘latovlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da ko‘rsatilgan harakatlarni sodir etganliklari bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda” – deyiladi IIV Axborot xizmati bayonotida.

Mavzuga oid