Sport | 08:59 / 02.11.2019
15544
18 daqiqa o‘qiladi

Italiyada Turin derbisi, «Tottenhem» yana Liverpulda mehmon. Hafta o‘yinlari anonsi

Foto: Getty Images

Payshanba kuni Ispaniya va Italiyada navbatdagi tur, Germaniya, Angliya va Fransiyada esa, kubok o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Jumadan esa navbatdagi turga ham start berildi. «PSJ» kutilmaganda «Dijon»ga yutqazib ulgurdi.

 Agar dam olish kunlaridagi bo‘sh vaqtimizni futbol bilan o‘tkazmoqchi bo‘lsak, bu safar ham bizni bir qator qiziqarli bahslar kutib turibdi. Yomon xabar shundaki, Yevropada soat surildi, endi o‘yinlarni odatdagidan bir soat kechroq ko‘rishga majburmiz.

BORUSSIYa D – VOLFSBURG (2 noyabr, 19:30)

Bundesliga turnir jadvalining yuqori qismida juda zich holat yuzaga kelgan. Masalan, 10-o‘rinda borayotgan «Ayntraxt» peshqadam jamoadan atigi 5 ochko ortda xolos. Hammamiz top jamoalar ko‘pligini aytadigan Angliyada ham hatto, birinchi va ikkinchi o‘rinlar o‘rtasidagi farq olti ochkoni tashkil qilib turibdi. Germaniyadagi bu holat kuchli jamoalarning ko‘payganidanmi yoki barqaror jamoalar yo‘qligidanmi, hozircha aytish qiyin.

Lekin mana shunday taloto‘pda ham hali biror marta mag‘lubiyatga uchramagan jamoa borligi ham qiziq – «Volfsburg». «Bo‘rilar» ko‘p durang o‘ynashdi, ammo himoya chizig‘i bo‘yicha ham ligada yetakchilik qilishmoqda. 9 o‘yindan atigi 5 marta o‘z darvozasidan gol o‘tkazgan «Volfsburg»ni endi Dortmund klubi sinovdan o‘tkazadi. O‘zaro o‘yinlar borasida «Borussiya» «Volfsburg» uchun eng noqulay raqib – so‘nggi 8 o‘yinning 7tasida «asalarilar» g‘alaba qozongan, bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Shuningdek, oxirgi besh o‘yinda hatto «Volfsburg» birorta ham gol ura olmagan. Lekin jamoalarning bugungi holati, turnir jadvalida qo‘shni ekanliklari uchrashuvni yanada ahamiyatliroq, qiziqroq qilsa kerak.

Jarohatlar borasida, nihoyat «Borussiya» ancha o‘ziga kelib oldi. Shmelserdan boshqa barcha futbolchilar kurashga tayyor, lekin uch kundan keyin «Inter»ga qarshi juda muhim o‘yin kutib turganini e'tiborga olsak, Favr aqlining bir chekkasida o‘sha o‘yin haqida ham o‘ylashi va ma'lum rotatsiyalar qilishga harakat qilishi ham turgan gap. Mehmonlarda esa, shundoq ham muammolar yetarli – birato‘la tarkibning yetti futbolchisi safdan tashqarida. Bular ichida Mehmedi, Ginchek kabi yetakchilar ham bor. Darvozabon Kun Kastels esa, yana mashg‘ulotlarni boshladi va balki safga qaytishi ham mumkin.  

ROMA – NAPOLI (2 noyabr, 19:00)

Italiyada bu safar ajoyib tur bo‘ladi. Turin derbisidan tashqari, top-6 deyish mumkin bo‘lgan yana to‘rt jamoa o‘zaro kuch sinashadilar. «Roma» ham, «Napoli» ham, hozircha chempionlik uchun da'vogar hisoblanishmasa-da, Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilar deb atash mumkin.

Hafta o‘rtasidagi o‘yinlar aynan mana shu kuchli to‘rtlikdagi o‘rinni «Roma» «Napoli»dan tortib olishi bilan yakunlandi. Rimliklar safarda chiroyli g‘alabaga erishgan bo‘lishsa, «Napoli» «Atalanta»ga qarshi prinsipial uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida g‘alabani boy berdi. Bu esa, Anchelotti jamoasining A Seriyadagi so‘nggi to‘rt o‘yindagi uchinchi durangi edi. Yo‘qotilgan olti ochko «Napoli»ni bemalol peshqadamlar qatoriga kiritishi mumkin edi. Endi esa, og‘ir oy boshlandi – neapolliklar noyabrning o‘zida «Roma», «Milan» va «Liverpul» jamoalari stadionida mehmon bo‘lishadi. Bunday taqvim bilan ham Seriya, ham Ligadagi imkoniyatni saqlab qolish oson bo‘lmaydi.

«Roma» esa yaxshi sport formasiga kirib oldi, besh o‘yindan beri mag‘lubiyatsiz kelmoqda, uch o‘yinda, jumladan, «Milan»ga qarshi o‘yinda g‘alabaga erishildi. Ayniqsa, Udinezedagi o‘yinda deyarli bir soat kamchilik bo‘lib o‘ynab ham, yirik hisobda g‘alaba qozonish e'tirofga loyiq. «Roma» o‘n kishi holatda 1:0 hisobidagi ustunlikni 4:0ga aylantira oldi.

Lekin «Roma» «lazareti» hamon yaxshi futbolchilar bilan to‘la. Zappakosta, Mxitarayan, Pellegrini, Kalinich kabi futbolchilar hali tiklangani yo‘q. Ularning safiga esa, Udineda chetlatilgan Fasio qo‘shildi, u diskvalifikatsiya tufayli muhim o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Mehmonlar safida esa, Elsaid Xyusayning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.

Darvoqe, raqiblarning Rimda bo‘lib o‘tgan oxirgi uch o‘yinida «Napoli»ning qo‘li baland kelganini ta'kidlash kerak. Xususan, shu yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan oxirgi to‘qnashuv 4:1 hisobida mehmonlar foydasiga hal bo‘lgan. Qizig‘i, «Napoli» o‘z uyida «Roma»ni to‘rt mavsumdan beri yuta olmayapti. So‘nggi yillarda qaysidir ma'noda mehmonlar ustunlik qila oladigan juftlik hosil bo‘libdi, desak ham bo‘ladi.

SeVILYa – ATLeTIKO (2 noyabr, 22:30)

Yuqorida aytib o‘tganimiz, Bundesligadagi holatga o‘xshash vaziyat Ispaniyada ham kuzatilmoqda. Birato‘la 8-9 jamoa yuqori o‘rinlar uchun da'vogar sifatida ta'riflanishi mumkin bemalol. Masalan, bu turda to‘qnash keladigan «Sevilya» va «Atletiko»da bir xil – 20tadan ochko bo‘lib, peshqadam «Barselona»dan 2 ochko kam jamg‘arishgan, xolos. Demak, bu o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa vaqtincha bo‘lsa ham, turnir jadvalini boshqarishi mumkin. Mag‘lubiyat esa, hatto ularni yettinchi o‘ringa ham tushirib yuborishi mumkin.

«Atletiko» mavsum oldidan «Real» darvozasiga 7 gol urganda va ilk turlarda yuz foizlik natija ko‘rsatayoganda, Simeone o‘zining navbatdagi mashinasini yaratdi, deganlar ham ko‘pchilik edi. Ammo ayniqsa, hujum chizig‘ida muammolar paydo bo‘ldi, «Atletiko» raqibni butunlay mahv etish yo‘llarini topa olmayapti, natijada juda ko‘p duranglar qayd etilyapti. Jamoa sakkiz o‘yindan beri mag‘lub bo‘lmasa-da, bu o‘yinlarning 5tasi durang bilan yakunlangan. «Alaves», «Valyadolid», «Selta» kabi jamoalarga qarshi o‘yinlarda, «Atletiko» odatda bemalol g‘alaba qozonib, o‘rganib qolgandi. Endi esa, Felish ham jarohat oldi va usiz hujum chizig‘i yanada g‘arib ko‘rinishi tabiiy.

«Sevilya» esa «Kamp Nou»dagi 0:4dan keyin o‘ziga kelib oldi. O‘z maydonidagi qatorasiga uch o‘yinda (biri Yevropa Ligasida «Dyudelanj» bilan) g‘alabaga erishdi. «Valensiya»ga qarshi qiyin safar o‘yinida durang qayd etdi. Xullas yaxshi sport formasiga kirib olgan andalusiyaliklar bu turdan so‘ng uchinchi o‘ringa mustahkam joylashib olishlari mumkin.

O‘tgan mavsumda har ikki o‘yin ham 1:1 hisobida yakunlangan. Ikkala o‘yin ham bir xil ssenariyda o‘tib, mezbonlar hisobni ochgach, g‘alabani qo‘ldan chiqarishgan. Undan oldingi yil esa «Sevilya» ikki g‘alaba bilan «Atletiko»ni Qirollik kubogidan chiqarib yuborgandi.

TORINO – YuVeNTUS (3 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

Shundog‘am, Turin derbisi har yili bunday anonslarimiz nazaridan chetda qolmasa-da, bu safargi derbi yanada qiziqarliroq kechishi mumkinligidan dalolatlar ko‘p. Masalan, «Yuventus» turnir jadvalini boshqarib turgan bo‘lsa-da, ustunlik har doimgidek emas, turinliklar o‘z o‘yinlarini katta qiyinchiliklar bilan qutqarib qolishyapti. Erishilgan 8 g‘alabaning 7tasi kichik hisobda qo‘lga kiritilgan, oxirgi to‘rt g‘alaba bir xil 2:1 hisobida qayd etilgan. Ya'ni ham himoyada, ham hujum chizig‘ida «Yuventus» mukammal ko‘rinmayapti, ayniqsa, «Torino» kabi jamoalar bemalol kamida bir ochko uchun harakat qilishlari mumkin.

Ikki frontda kurash «Torino»ga qiyinchilik tug‘dirgani shubhasiz. Yevropa Ligasidagi saralash bosqichlari tufayli, mavsumga odatdagidan erta kirib kelgan «Torino» chempionat o‘yinlarida qiynalib qolmoqda. Jamoa turnir jadvalining ikkinchi yarmiga tushib ketgan. Ammo o‘tgan yilgi tajriba «Torino»ga aynan kuchli raqiblar bilan munosib kurashish ko‘nikmasini hosil qilgani ham fakt. Bu yili ular «Mila»ni yengishdi, «Napoli» bilan safarda durang o‘ynashdi. Hatto «Atalanta»ning yagona mag‘lubiyati ham aynan «Torino» bilan o‘yinda ro‘y bergan. So‘nggi turda «Latsio»dan yirik mag‘lubiyat esa, ko‘proq, ikkinchi bo‘limda Nkuluning qizil kartochka olgani bilan ham bog‘liq. A Seriyadagi so‘nggi besh o‘yinida g‘alaba nima bilmayotgan «Torino» o‘zining burilish nuqtasi sifatida aynan derbini tanlagan bo‘lsa, ajab emas. «Olimpiko Grande Torino» stadionidagi oxirgi to‘rt o‘yinda «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan. Ammo «Yuventus» maydonidagi so‘nggi o‘yin 1:1 hisobida tugaganini ham ta'kidlash lozim.

«Yuventus» safida ushbu o‘yinda Kellini, Iguain, Perin, Pyanich jarohat tufayli, Rabo esa, diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olishmaydi. Shuningdek, kelasi hafta YeChLda Moskvaga safar kutib turgani uchun Sarri yana ba'zi rotatsiyalarga qo‘l urishi mumkin. Mezbonlar safida esa, yuqorida tilga olingan Nikolya Nkuluda diskvalifikatsiya bor. Tomas Rinkonning o‘yinda qatnashishi so‘roq ostida qolmoqda. 

EVeRTON – TOTTeNHEM (3 noyabr, 21:30)

«Manchester Yunayted» sal bo‘lsa-da, o‘ziga kelib, nihoyat g‘alaba qozonishni boshlagach, endi barcha e'tibor «Tottenhem»ga qaratilishi ehtimoli bor. Pochettino shogirdlari so‘nggi besh o‘yindan atigi bittasida g‘alaba qozondi. Uch o‘yinda mag‘lubiyat qayd etildi. Shu orqali Liga kubogida uchinchi liga jamoasiga imkoniyat bory berildi. «Liverpul»ga qarshi o‘yinda londonliklar ochkoga yaqin kelgan bo‘lsalar-da, o‘yin to‘liq liverpulliklarning ustunligi ostida o‘tdi, deb bemalol aytish mumkin. «Tottenhem» 10 o‘yindan keyin 12 ochko to‘plab, xavfli zonadan atigi 4 ochko yuqorida joylashgan holatda yana bir qiyin safarni kutib turibdi.

«Everton»ning ahvoli yanada achinarli. Jamoa tarkibi transfer darchasida yaxshigina to‘ldirildi. Tarkibda Bernard, Din, Shnayderlin, Uolkott, Gomish, Kin, Delf, Ivobi kabi top-klublar va yevrokuboklarning havosini olgan futbolchilar bo‘lsa-da, ayniqsa safar o‘yinlarida butunlay ilojsiz ko‘rinmoqda. «Everton» bu yil APLda safardagi o‘yinlarda atigi 1 ochko olib, bu borada so‘nggi o‘rinni band etgan. Qizig‘i, bugungi raqib «Tottenhem» ham qolishmaydi – Pochettino jamoasi safardagi besh o‘yindan 2 durang qayd etgan, xolos. Ligada 17-ko‘rsatkich. To‘g‘ri, «Everton»dan farqli ravishda «Tottenhem» safarda kuchlilar bilan o‘ynaganini ta'kidlash kerak – «Manchester Siti», «Arsenal», «Lester», «Liverpul». Bu o‘yinlarning uchtasida «Tottenhem» hisobda oldinda borgan ham hatto.  

Tarkiblar borasida, bu o‘yinda mezbonlardan Bernard, Jyenk To‘sun, hamda Yyeri Mina maydonga tusha olishmaydi. Mehmonlardan esa, Denni Rouzda diskvalifikatsiya bor, Lamelaning o‘ynashi so‘roq ostida, Loris hali tiklangani yo‘q. Rayan Sessenon esa, mashg‘ulotlarga kirishdi va nihoyat «Tottenhem» safida debyut qilishi ham mumkin.

Jamoalarning Liverpulda o‘tgan so‘nggi 2 o‘yini «Tottenhem»ning yirik g‘alabasi bilan yakunlanib, bu o‘yinlarda mehmonlar 9ta gol yo‘llashgan. «Everton»ning bu raqib ustidan so‘nggi g‘alabasi 2012 yilning dekabriga to‘g‘ri keladi.

MILAN – LATsIO

«Milan» nihoyat so‘nggi turda SPAL ustidan g‘alaba qozondi. Go‘yoki burilish nuqtasi, g‘alabalar seriyasini boshlash uchun yaxshi palla, lekin milanliklarning taqvimiga havas qilib bo‘lmaydi. «Latsio» bilan o‘yindan so‘ng, «Milan»ni «Yuventus» maydoniga safar kutib turibdi. Keyin esa, «Napoli» «San-Siro»da mehmon bo‘ladi. Bu uch o‘yindan imkon qadar ochko olish uchun, avvalo «Latsio» ustidan g‘alaba qozonilishi shart. Aks holda jamoa turnir jadvalining ikkinchi yarmiga uzoq vaqtga tushib ketishi va hatto bu Piolining iste'fosi bilan ham tugashi mumkin. Xullas, «Milan» uchun uch ochkodan boshqa muvaffaqiyatli yakun bo‘lmasligi kerak.

«Latsio» esa, ayni paytda juda yaxshi sport formasiga kirib ulgurdi va yana bir nechta shunday uchrashuv jamoani peshqadamlarga ancha yaqinlashtirib qo‘yadi. Avvaliga «Atalanta»ga qarshi o‘yinda 0:3 hisobida boy berilayotgan o‘yin qutqarildi. Keyin so‘nggi daqiqadagi gol evaziga ancha kuchli o‘yin namoyish qilayotgan «Fiorentina» ustidan safarda g‘alabaga erishildi. O‘tgan turda esa, «Latsio» «Torino»ni 4:0 hisobida yengdi. Bu o‘yinlarda 6 gol va 2 assistni amalga oshirgan 29 yoshli Chiro Immobile hozirda A Seriyada 4 gol ustunligi bilan to‘purar bo‘lib turibdi. Shuningdek, o‘rtacha reyting baholari bo‘yicha ham Immobile Krishtianu Ronaldu va Alexandro Gomesni ortda qoldirib, birinchi o‘rinda bormoqda.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, aytish mumkinki, bu raqiblar u qadar gollar shodasini taqdim etishmaydi. Oxirgi 6 o‘yinda atigi 4 gol urilgan va 4 o‘yin 0:0 hisobida tugagani, bizni ko‘proq himoyaviy, taktik kurash kutib turganidan dalolat qilsa kerak. Milanda bo‘lib o‘tgan so‘nggi ikki o‘yin bir xil – 1:0 hisobida tugagan. Chempionat o‘yinida mezbonlarning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, apreldagi kubok o‘yinida Xoakin Korreaning goli mehmonlarni yarim finalga olib chiqqan. Keyinchalik «Latsio» finalda «Yuventus» ustidan ham g‘olib chiqib, mamlakat kubogini qo‘lga kiritgandi. Umuman, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi 24 o‘yinning qariyb yarmi – 11tasi durang bilan tugagan va 7 o‘yinda «Milan» g‘alaba qozongan.

BOShQA O‘YINLAR

2 noyabr. Bornmut – MANCheSTeR YuNAYTeD (17:30), BAYYeR – BORUSSIYa M (19:30), Ayntraxt – BAVARIYa (19:30), Levante – BARSeLONA (20:00), ARSeNAL – Vulverhempton (20:00), Aston Villa – LIVeRPUL (20:00), MANCheSTeR SITI – Sauthempton (20:00), Bolonya – INTeR (22:00), Uotford – CheLSI (22:30), ReAL MADRID – Betis (3 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00) 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid