O‘zbekiston | 23:36 / 04.11.2019
9368
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi 478ta aholi punktiga mobil aloqa yetib bormagan – Qahramon Yo‘ldoshev

Mobil aloqa va mobil internet sifati baza stansiyalarining yetarli bo‘lishiga bog‘liq. Biroq mobil aloqa operatorlari aholi nisbatan kam yashaydigan hududlarga baza stansiyalarini o‘rnatishni ko‘p ham istayvermaydi. Chunki uskunalar qimmat, kam odam yashaydigan hududlarda esa sarflangan daromad tezda o‘zini oqlayvermaydi. Buning oldini olish, umuman, mobil aloqaning sifati past yoki haligacha aloqa yetib bormagan hududlarda aloqa operatorlari tomonidan baza stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?

Mazkur savolga AKT vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev dushanba kuni matbuot anjumanida javob berib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik vakolatli organ sifatida har bir operatorning istiqbolli rejalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat qilmasa ham, monitoring qilib boradi va operatorlarning tarmoqni rivojlantirish rejasi vazirlik bilan kelishiladi.

Yo‘ldoshevning aytishicha, O‘zbekistonda mobil aloqa yetib bormagan 478ta aholi punkti bor.

«Albatta, bularning hammasini bir yilning o‘zida qamrov bilan ta'minlash imkoniyati texnik jihatdan ham, moliyaviy jihatdan ham qiyin bo‘lgani uchun biz buni yillarga bo‘lganmiz. Bu yilning o‘zida umuman hech qanaqa aloqa yo‘q bo‘lgan aholi punktlarini 5ta mobil aloqa operatoriga taqsimlab berganmiz. Har oyda ularning hisobotini monitoring qilib boramiz», – dedi Qahramon Yo‘ldoshev.

Unga ko‘ra, bugungi kunda vazirlik tasdiqlab bergan reja bo‘yicha operatorlar bosh tortgan yoki bajarmagan holatlar mavjud emas.

«Keyingi yilga ham mahalliy boshqaruv organlari bilan kelishib, ana shunday aholi punktlarining ro‘yxatini, dislokatsiyasini aniqlashtirib, operatorlarga taqsimlab beramiz», – deb qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid