Sport | 13:05 / 12.11.2019
24295
10 daqiqa o‘qiladi

Kelajak yulduzlari. Rodrigo, Vinisius emas

Ikki hafta oldin «Real» bobokalonlaridan biri Xorxe Valdano klubning ikki braziliyalik yulduzini solishtirib ko‘rgandi.

«Ular bir-biridan farq qiladi. Vinisius jismonan kuchliroq, Rodrigo esa tabiatan iste'dodli. Ularning o‘xshash jihati – har ikkisini ham buyuk kelajak kutmoqda», degandi afsonaviy futbolchi.

Biroz ajoyib solishtiruv, zero aynan Vinisius o‘zini ko‘proq braziliyaliklarga o‘xshab tutadi: fint qilishni yoqtiradi, ko‘pincha sheriklarini unutib qo‘yadi, aksincha, bir yosh kichik bo‘lgan Rodrigo esa, hozirdan kattaroq, tajribaliroqdek ko‘rinadi. Va faqat maydonda emas.

Rodrigoning kelishi kutilmagan bo‘ldi, demaylig-u, 2019/20 yilgi mavsum arafasidagi faol transfer muhokamalari orasida sezilmay ham qoldi. «Pogba yoki Eriksen?» savoli Madridda ko‘ndalang bo‘lib turgan paytda Braziliyadan navbatdagi vingerning 45 million yevro evaziga olib kelinishi ko‘pchilikning e'tiborini qozonmadi ham. Ayniqsa, o‘ziga xos iqtidor sifatida tilga olingan Vinisiusning «oddiy vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qila olmayotgani» (bu Braziliya terma jamoasi murabbiyi Tetedan iqtibos) fonida u qadar istiqbolni kafolatlamayotgandi. Lekin Madriddagi «qayta qurish» kechika boshladi, keyin Asensio jarohat oldi, Zidanning Beyl bilan ziddiyati qaytadan boshlandi, Azarning ortiqcha vazni muhokama mavzusi bo‘ldi. Ana shunda, ya'ni Zidan har bir futbolchini potensial asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida ko‘rayotgan bir pallada Rodrigo paydo bo‘ldi. Qarang-a, u bosim ostida ham o‘zini juda yaxshi namoyon qila olar ekan.

18 yoshida «Real» futbolchisiga aylangan Rodrigo, darhol «Kastilo»ga jo‘nadi. Dastlabki oyni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan futbolchi sentyabrda rezerv jamoa tarkibida ikki o‘yin o‘tkazgach asosiy tarkibga qaytdi.

Rodrigo ilk bor «Real» libosini 6-turda, «Osasuna»ga qarshi o‘yinda kiydi va maydonga chiqqanidan 93 soniya o‘tmay gol urdi. Golning o‘zi ham ajoyib urilgandi – Rodrigo to‘pni olib borib, himoyachini ters yo‘nalishda dog‘da qoldirdi va juda kerakli pallada gavdasi bilan to‘pni to‘sib, uni uzoq burchakka joylab qo‘ydi. 18 yoshli futbolchi uchun ajoyib texnika va sovuqqonlik.

Bolalikda «Santos»ning futzal jamoasi tarkibida o‘ynab yurar ekan, Rodrigo o‘z kumiri sifatida Neymarni tanlagandi. Lekin faqat maydonda, maydon tashqarisida esa u Neymarning butunlay teskarisi. Juda kam gapiradi va aytganlari ham, ko‘pincha oddiy, matbuot kotiblarining fikrlaridan farq qilmaydi.

Bu otasining xizmati. O‘z vaqtida futbolchi bo‘lgan Erik o‘g‘lini ommadan imkon qadar uzoq tutishga harakat qiladi, o‘zi savollarga javob berishga to‘g‘ri kelganda esa, eng muhimi muvaffaqiyatlardan boshi aylanib qolmaslik haqida ta'kidlaydi.

«Menda uning iste'dodi bo‘lmagan, lekin uzoq vaqt futbol bilan shug‘ullana oldim. Bu bilan men og‘ir mehnatning samarasini juda yaxshi tushunaman. O‘g‘limning hozirda o‘zini xotirjam tutayotgani meni faxrlantiradi», – deydi Erik.

«Real»da o‘zini yerda saqlab turish «Santos»dagidan qiyinroq, ammo guvohi bo‘lganingizdek, oiladanoq to‘g‘ri qadriyatlar yo‘lga qo‘yilgan. Transfer amalga oshishi bilan Ispaniya nashrlarida Rodrigo «Kastilya»da o‘ynashni istamayotgani, asosiy tarkibning muhim futbolchisi bo‘lmoqchi ekani haqida yoza boshlashdi. Mish-mishlar bir muddat ko‘tarilib, keyin tindi. Lekin oktyabrda asosiy tarkibda o‘ynay boshlagan Rodrigo bu mavzuga ham nuqta qo‘ydi.

«Men uchun «Kastilya»ga qaytish muammo emas. Agar «Real» tarkibiga kira olmasam, u yerda o‘ynayveraman, asosiy tarkibda lozim ko‘rishsa, bu yerda o‘ynayman», – deydi u.

Rodrigoning o‘yinidan qachonki, uning endigina 18 yosh ekanini yodingizda tutsangizgina, qoyil qolasiz. U bu yoshdagi va Yevropada o‘zining ilk mavsumini o‘tkazayotan futbolchi sifatida haddan tashqari samarali va aqlli o‘yin ko‘rsatadi. Bu pallada futbolchi to‘p bilan zo‘r fintlar ko‘rsatishi, o‘zini jalb etishi osonroq, lekin Rodrigo boshqa tarafdan qoyil qoldiradi. U tajribali futbolchilarga xos tarzda sovuqqon, xotirjam va doim to‘g‘ri qarorlar qila oladi. «Galatasaroy» darvozasiga urilgan gol ham buning yorqin dalilidir.

Rodrigo bir harakat bilan ikki himoyachini dog‘da qoldirdi, biroz pauza qilib, uzoq burchakni aniq nishonga oldi. Biroorta ham ortiqcha harakat yo‘q. Yuqorida tilga olingan «Osasuna» darvozasiga urilgan golning o‘zginasi, faqat, bu safar hujum o‘ng qanotdan uyushtirilgandi va Rodrigo to‘pni chap oyog‘iga mosladi. Aslida o‘naqay, ammo chap qanotni yaxshi ko‘radigan hujumchi aslida uning uchun har ikki qanot ham bir ekanini aytadi.

«Men har ikki qanotda ham o‘ynayveraman, muhimi jamoaga foyda keltirsam bo‘ldi», – deydi yosh yulduz.

Bu shunchaki gap emas, faktlar ham bu so‘zlarni isbotlaydi: «Real» tarkibidagi ilk 4 golning ikkitasi chap oyoqda va bittasi bosh bilan urildi. Darvoqe, «Galatasaroy» darvozasiga amalga oshirilgan het-trik futbolcha ta'rifda «mukammal het-trik» bo‘ldi, ya'ni gollar o‘ng oyoqda, chap oyoqda va bosh bilan urildi.

Gollar faqat tananing qaysi qismi bilan urilgani bilan emas, turli uslublarda urilgani bilan ham e'tiborni tortadi. Benzema himoyachilarni boshqa tomonga «boshlab olib ketgach», 174 sm bo‘yi bo‘lgan Rodrigo bo‘sh qolgan markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘ldi va uzatmaga bosh bilan zarba berib, darvozani ishg‘ol qildi. Ikkinchi gol ajoyib dribling evaziga amalga oshgan bo‘lsa, uchinchi golda Rodrigo Benzema bilan juda chiroyli kombinatsiya uyushtirdi.

Har ikki qanotda o‘ynay olish qobiliyati Rodrigoni qutqarib ham qolishi mumkin, zero bir kun kelib Azar optimal formaga qaytadi va chap qanotni o‘ziniki qilib oladi. Shu bilan birga, Rodrigoning jarima maydoniga intilishini hisobga olib, to‘laqonli vinger deb atash ham qiyin. Qaysidir ma'noda uni Krishtianu yoki Mbappega qiyoslash mumkin. Uni faqat o‘ng yoki chap qanotda emas, 4-4-2 rombda hujumchilar ortida yoki 4-2-3-1 sxemasida hujumchilardan biri sifatida ham tasavvur qilish qiyin emas.

Boshida Xorxe Valdanoning qiyosini keltirdik, endi Rivaldoning so‘zlarini ham eslaymiz. «Barselona»ning sobiq futbolchisi bir qaraganda oddiy, lekin juda o‘rinli fikr bildirgandi: «Vinisius va Rodrigo mahorat bobida o‘xshash, ammo hujumlarni yakunlash borasida Rodrigo ancha kuchliroq. Futbolda natija muhimroq, shuning uchun Vinisius buning ustida ishlash kerak, Rodrigo esa, hozirdan qotil-hujumchini eslatmoqda».

Rivaldo bir so‘z bilan superklub uchun muhim ahamiyat kasb etadigan farqni o‘rtaga chiqardi. Iqtidor kerak, lekin samarali harakatlar muhimroq. Rodrigo hozirdan yosh iqtidorli futbolchiga emas, uzoq yillardan beri yuqori saviyada, bosim ostida o‘ynab yurgan yulduzni eslatadi. Bu uning o‘ziga xosligi. Aytgancha, Rodrigo va Vinisius yaqin do‘st.

Tabiiy, Madridda paydo bo‘lib qolgan ikki braziliyalikning do‘st bo‘lmasligi ham g‘alati bo‘lardi, ammo har ikki futbolchi buni juda tez tilga olishlari ham e'tiborga arziydi. Vinisius bir kuni asosiy tarkib uchun raqobat mavzusi o‘zaro suhbatlarni umuman tilga olinmasligini aytgandi, Rodrigo esa, ilk oylarda Madridga ko‘nikishda Vinisiusning yordami beqiyos bo‘lganini ta'kidlaydi.

«Uchinchi golni urganimda, bu «mukammal het trik» ekanini tushundim. Uchala gol ham har xil urilgandi. O‘sha to‘pni olib, o‘z shkafimga yashirib qo‘ydim. Hamma futbolchilar bu to‘pga imzo qo‘yishlarini istayman. Juda xursandman, bir kun orzular amalga oshar ekan. Men o‘yindan o‘yinga kuchayib borishga harakat qilaman va buning uchun oldinda yanada ko‘proq mehnat kutayotganini tushunaman». Bu Rodrigoning o‘sha, uni YeChL haftasining eng yaxshi o‘yinchisiga aylantirgan uchrashuvdan keyingi so‘zlari.

Xullas, hammasi hozircha yaxshi va juda ajoyib faoliyatning ibtidosiga o‘xshaydi.

Championat.com materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid