O‘zbekiston | 20:29 / 14.11.2019
8325
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi ilk «Fan va atom» festivali qanday o‘tmoqda? (fotojamlanma)

Toshkentda ilk marotaba «Fan va atom» festivali bo‘lib o‘tmoqda. Yoshlar o‘rtasida fanni targ‘ib qiluvchi festival «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» korporatsiyasi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan.

14 noyabr kuni «O‘zatom» agentligining Atom texnologiyalari axborot markazida «Fan va atom» festivali start oldi. Fan, innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalarni ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilishni maqsad qiluvchi mazkur festivalga atom sohasi olimlari jalb etilgan.

«Ilm-fanning barcha sohalarida, shuningdek, atom energetikasida ham malakali mutaxassislarga ega bo‘lish uchun ularni tayyorlashni maktab davridanoq boshlashimiz kerak. «Fan va atom» festivali bu borada muhim qadam bo‘la oladi. U yoshlarni ilmga qiziqtirish va o‘zlari uchun kerakli kasbni tanlay olishlariga yordamlashadi», – deydi «O‘zatom» agentligi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Mansurov.

Bahrom Mansurov

Festivalning tantanali ochilish qismida «Rosatom Markaziy Osiyo» korporatsiyasi bosh direktori Sergey Gromov ham so‘zga chiqdi.

«Ilm-fanga yoshlarning qiziqishini oshirishda bugungi festival muhim rol o‘ynaydi. Festival davomida yosh avlod yadro texnologiyalarining inson hayotini yaxshilishga hissa qo‘shgani, sanoat va iqtisodiyot taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi xususida ma'lumotga ega bo‘lishadi», – dedi Gromov.

Sergey Gromov

Festival davomida o‘quvchilarga atom to‘g‘risidagi bilimlarni sodda va qiziqarli tarzda tushuntirishni ko‘zda tutuvchi «Texnostrategiya», «Ilmiy xronograf», «Atomli dobl» kabi intellektual o‘yinlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, sohaning yetakchi olimlari tomonidan talabalar uchun qiziqarli ma'ruzalar, «Atomlarga ajratamiz» tok-shousi tashkillashtirilgan.

Festivalda 600 nafardan ziyod maktab o‘quvchilari va oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirok etmoqda.

Ma'lumot uchun, «Fan va atom» festivali – yadro fani va texnologiyalari sohasidagi ilmiy-ma'rifiy tadbirlar majmuidir. Bunday festival atom energetikasi rivojlanayotgan Bangladesh, Hindiston, Belarus, Armaniston kabi davlatlarda ham an'anaviy ravishda keng miqyosda o‘tkazib kelinadi.

Festival 2 kun – 14-15 noyabr kunlari O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, «O‘zatom» agentligidagi Atom texnologiyalari axborot markazida davom etadi.

Mavzuga oid