Katta AESga qaytish, sun’iy navbat ajiotaji va kechiktirilgan tariflar - hafta dayjesti
Gaz-svet uchun yangi tariflar may oyiga qoldirildi: bir oydan keyin narxlar qanday o‘zgaradi? Rossiyadan yana delegatsiya keldi: yirik AES masalasi kun tartibiga qaytgan. Avtomobil olib kirish endi omadga bog‘liq: “monopolistlar niyatiga yetgani” aytilmoqda. O‘zini o‘zi band qiluvchilar ro‘yxati qisqaradi: 34 xil kasb egalariga soliq imtiyozi tugaydi. Ortda qolayotgan hafta yangiliklari – Kun.uz dayjestida.
Energotariflar oshishi 1 mayga qoldirildi
Gaz va elektr energiyasi tariflarini oshirish bir oyga kechiktirildi. “Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tariflarni oshirishni keyinga surishni buyurdi”, deyiladi Hayit bayrami arafasida e’lon qilingan rasmiy xabarda.
Yangi tariflar endi 1 apreldan emas, 1 maydan kuchga kiradi. Bunda, aholi uchun bazaviy norma doirasidagi elektr energiyasi 1 kWh uchun 450 so‘mdan 600 so‘mga, normadan oshmagan 1 kubometr gaz 650 so‘mdan 1000 so‘mga oshadi. Suyultirilgan gaz narxi kilosiga 1600 so‘mdan 2000 so‘mga ko‘tariladi.
O‘tgan yil 1 maydan farqli ravishda, bu yil 1 maydan kuchga kiradigan tariflar biznesga ham taalluqli. Aksariyat yuridik shaxslar uchun hozirgi 900 so‘mlik elektr energiyasi 1000 so‘mga yetadi, gaz narxi esa 1500 so‘mdan 1800 so‘mga oshadi. Avtomobillarga metan quyish shoxobchalari 1 maydan boshlab gaz uchun hozirgidek 1800 so‘mdan emas, 2500 so‘mdan to‘lay boshlaydi.
Yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga soliq stavkalarining ko‘tarilishini kechiktirish bo‘yicha yangilik bo‘lganicha yo‘q. Amaldagi Soliq kodeksiga ko‘ra, 1 apreldan e’tiboran benzin, dizel, metan va propan uchun aksiz solig‘i 10 foizga oshadi.
AES qurilishi: Prezident huzuridagi yig‘ilish va Ahmadxo‘jayev intervyusi
Markaziy Osiyoda Rossiya AES qurish haqida gapirmayotgan davlat oxir-oqibat bitta qoldi – u ham bo‘lsa, gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda 4-o‘rinda turadigan Turkmaniston. O‘tgan hafta Rossiya tomoni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyin, endi Tojikistonga ham atom elektr stansiyasi qurib berishni taklif qilayotganini tasdiqladi. “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, kam quvvatli AES qurish bo‘yicha berilgan taklifni Tojikiston tomoni o‘rganib chiqyapti. “Bu – muzokaralarning ilk bosqichi”, dedi “Rosatom” rahbari.
Bu hafta Lixachevning birinchi o‘rinbosari, “Atomstroyeksport” prezidenti Andrey Petrov O‘zbekistonga kelib, yana yirik quvvatli AES masalasini ko‘tardi. U “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev bilan uchrashuvda yirik AES qurish uchun joy tanlash va loyihani texnik-iqtisodiy asoslash masalalarini muhokama qilgan.
Seshanba kuni “O‘zatom” tarqatgan xabarda bu uchrashuvdagi muhokamaning asosiy mavzusi yirik AES emas, kam quvvatli AES bo‘lgani aytilgan bo‘lsa-da, aynan katta stansiya atrofidagi muhokamalar ko‘proq jamoatchilik va OAV e’tiborini tortdi. Shunga o‘xshash holat payshanba kuni prezident huzurida bo‘lib o‘tgan, atom energetikasini rivojlantirishga oid yig‘ilishdan keyin ham kuzatildi. Rasmiy xabarda aytilishicha, yig‘ilishda mutasaddilar Shavkat Mirziyoyevga kam quvvatli AES loyihasining borishi va hamkorlar bilan muzokaralar haqida axborot bergan. Qurilishning barcha bosqichlari Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘lishi, bo‘lajak stansiya jahonning eng ilg‘or xavfsizlik talablariga javob berishi aytilgan. Ko‘pchilikning diqqatini qaratgan yangilik esa press-relizning eng oxirgi jumlasidan o‘rin olgan bo‘lib, unga ko‘ra, yig‘ilishda kichik AES masalasidan tashqari, katta quvvatli AES qurishning texnik-iqtisodiy jihatlari va uni barpo etish rejalari ham ko‘rib chiqilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqilsa, O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasida 2017 yildan boshlab muhokama qilina boshlagan yirik AES masalasi yana kun tartibiga qaytgan. Bir necha yil davomida muzokaralarda ikkita energoblokdan iborat, umumiy quvvati 2,4 gigavattlik to‘laqonli stansiya haqida gap borgan, rossiyaliklar loyihani taxminan 11 mlrd dollarga baholagan edi. Lekin 2024 yilga kelib, rejalar o‘zgargan, Jizzaxdagi tanlangan maydonda 330 megavattlik kam quvvatli AES qurish bo‘yicha bitim imzolangan edi.
Jurnalist Kirill Altmanga intervyu bergan “O‘zatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, kichik stansiya qurilishida birinchi betonni quyish 2026 yil 2-choragiga reja qilingan. Bosh pudratchi “Rosatom”dan tashqari, mahalliy pudratchilar, masalan Saneg ham ishtirok etadigan loyihaning qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligi va’da qilinyapti. Ahmadxo‘jayevning tasdiqlashicha, AES asosan tashqi qarzlar hisobiga quriladi. Jumladan, Xitoydan imtiyozli kredit olinadi. Rossiyadan esa mablag‘ jalb qilinmaydi. “Geosiyosiy jarayonlarni hisobga olgan holda, Rossiyaning pullarini ko‘rib chiqmayapmiz”, dedi “O‘zatom” rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilajak stansiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi texnik-iqtisodiy asoslar tayyor bo‘lganidan keyin ma’lum bo‘ladi. Ya’ni hozircha “TEO” tayyor emas.
Azim Ahmadxo‘jayev AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilmaganini konstitutsiyada bunaqa talab yo‘qligi bilan izohladi. Rossiyadan olib kelish reja qilingan reaktorlar muzliklar bag‘ridagi suvosti kemalariga mo‘ljallangan yadroviy texnologiyaning modifikatsiya qilingan versiyasi ekani, hali hech qayerda quruqlikda ishlatilmagani haqidagi savolga javoban, Ahmadxo‘jayev O‘zbekiston yadroviy eksperiment maydoniga aylanib qolishini rad etdi. “Reaktor suvda yoki yerda bo‘lishining nima farqi bor? Uning elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni bir xil. Texnologiya allaqachon yer ustida ishlashga moslashtirilgan”, dedi “O‘zatom” direktori.
Agentlik rahbari Jizzaxdagi AES Rossiya uchun O‘zbekistonga bosim o‘tkazish richagiga aylanib qolishini ham rad etdi. “Stansiya O‘zbekistonning mulki bo‘ladi, unda mahalliy mutaxassislar ishlaydi. Rossiya qandaydir tugmani bossa, bu stansiyada nimadir sodir bo‘ladi, degan narsa yo‘q. Yevropa mamlakatlarining dasturiy ta’minotini ishlatishimiz ham mumkin”, – dedi Azim Ahmadxo‘jayev.
Intervyuda sobiq energetika vaziri Alisher Sultonovning “Gazimiz uchta O‘zbekistonni boqishga yetadi” degan fikri ham muhokama qilingan. “O‘zatom” direktorining fikricha, Sultonov o‘shanda gazni tejab ishlatish muhimligini nazarda tutgan va haq gapni aytgan. “Agar odamlar odatlanib qolgan iste’mol madaniyati bo‘lmaganida, gaz uchta O‘zbekistonga yetgan bo‘lardi”, dedi Ahmadxo‘jayev. U odamlarning gazni tejamasdan ishlatishi haqida gapirarkan, uchta O‘zbekistonga yetgulik gaz qanday qilib bitta O‘zbekistonga ham yetmayotganining yana boshqa sabablarini tilga olishni lozim topmagan.
Piskentdagi avtolaboratoriyaga navbat ajiotaji
“Monopolistlar niyatiga yetdi desak ham bo‘ladi”. Oxirgi paytlarda avtomobil import qilish qiyinlashib ketgani haqida xabar bergan Telegram'dagi “Rastamojka” kanali vaziyatni aynan shunday izohladi. Ma’lum bo‘lishicha, mashinalarni Piskentdagi laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkazish uchun elektron navbat olish haddan tashqari qiyinlashib ketgan. Navbat olish tungi soat 00:00 da ochilib, 1 daqiqaga bormasdan tugab qolyapti. Kanal muallifi bu holatni Cobalt uchun shartnoma olishdagi ajiotajga o‘xshatdi.
Bojxona sohasidagi boshqa bir bloger – Autodeklarant kanali muallifining ma’lum qilishicha, 28 mart holatiga, 13 aprelgacha bo‘lgan navbatlar to‘lib bo‘lgan. Tungi 00:00 dan ochilgan navbatlar 20 sekundda tugab ketgan. Kanal muallifi jarayon qanaqa kechayotganini qisqa videoda ko‘rsatib berdi.
“Undan ko‘ra: “Bo‘ldi, avtomobil import qilmanglar, yo‘l qo‘ymaymiz” deb aytib qo‘yinglar, insonlar, tadbirkorlar ovora bo‘lib mashina olib kelmasin”, – deydi bloger.
Ma’lumot uchun, Piskentdagi laboratoriya kuniga 100-120 ta avtomobilni sinovda o‘tkaza oladi. Lekin bu kunlik import ko‘rsatkichidan kamida 2 barobarga kam. Ya’ni mas’ullar o‘tgan yili noyabrda shu tartibni joriy qilishlaridan oldin, bunday navbatlar yuzaga kelishini oldindan bilgan.
Hozirgi vaziyatda, bojxona omborlarida sertifikat uchun navbat kutayotgan minglab, hatto o‘n minglab avtomobillar to‘planib ketgan bo‘lishi mumkin. Agar navbatga yozilish cheklovlarsiz, doimiy rejimga o‘tkazilsa, bojxonada kutayotgan minglab avtomobillar bir necha oylik navbatlarni to‘ldirib qo‘yishi ma’lum bo‘ladi. Eng yomoni, biror o‘zgarish qilinmasa, navbatlar faqat uzayib boraveradi. Bora-bora, import qilingan mashinalar sertifikat olish uchun bojxonada yillab qolib ketadigan ssenariy ham ehtimoldan xoli emas.
O‘zini o‘zi band qilganlar toifasi qisqaradi
O‘zbekistonda 34 toifadagi o‘zini o‘zini band qilgan shaxslar bundan buyon soliq to‘lashi kerak, degan qarorga kelindi. Bu qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati amaldagi 104 ta banddan 72 tagacha qisqaradi. Sartaroshlik, foto-video xizmatlari, avtomobil ta’mirlash, dehqon bozorlarida savdo qilish, shirinlik va salat tayyorlab sotish, repetitorlik kabi jami 34 toifadagi faoliyat turlari ro‘yxatdan chiqariladi.
Bu degani, o‘zini o‘zi band qilgan holda shu ishlar bilan shug‘ullanayotgan odamlar kelasi yildan boshlab qonuniy ishlamoqchi bo‘lsa, rasman tadbirkorlik ochishi kerak bo‘ladi. Qaror bilan, ular yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tsa, davlat boji to‘lamasligi belgilandi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qiluvchilar toifasiga yangi qo‘shilgan kasblar ham yo‘q emas: 2026 yildan boshlab, marketpleyslarda savdo qilish, tovuq boqish, dorbozlik, askiya va lapar bilan shug‘ullanish ushbu ro‘yxatga qo‘shiladi.
Farmon bilan, kichik va o‘rta biznes sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklashga 3 yillik moratoriy e’lon qilindi. Bundan tashqari, endilikda tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatiga nisbatan biror yangi talab belgilansa, bu talabning kuchga kirish muddati qat’iy ravishda yo 1 yanvar, yoki 1 iyul deb belgilanadi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Boysundagi M25 konida yana bitta nuqtadan oltingugurt gazi otilib chiqdi. Energetika vazirligi kondagi 202-sonda ro‘y bergan hodisani “nazorat ostidagi otilish” deb atadi. Jabrlanganlar yo‘qligi, holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmasligi aytilyapti. Gaz chiqayotgan quduq tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida yoqib qo‘yilgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 1 sentabr kuni bu kondagi 604-sonli quduqdan ham vodorod sulfid gazi chiqqan, keyinroq takroriy portlash ro‘y berib, 4 kishi halok bo‘lgandi. Yanvar oyida M25 koni hududi “olovli vodiy”ga aylanib qolgani ma’lum bo‘lgandi.
Toshkent shahri jamoat transportining sobiq rahbarlari ustidan sud hukmi o‘qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, “Toshshahartransxizmat” ning sobiq raisi Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizov talon-toroj va mansab soxtakorligi kabi jinoyatlarda ayblanib, fevral oyida 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Ularning ikkisi ham sudda bergan ko‘rsatmasida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan, hukm chiqqach, apellyatsiya shikoyatini kiritgan. Ma’lumot uchun, Anvar Jo‘rayev 2024 yil boshida, lavozimda ishlayotgan vaqtida qamoqqa olingandi.
Poytaxtda qamoqqa olingan yana bir mansabdor – favqulodda vaziyatlar tizimi vakili bo‘ldi. Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining ismi ochiqlanmayotgan o‘rinbosari hibsga olingan. DXX xabariga ko‘ra, u qurilish sohasi bilan bog‘liq vakolatlarini suiiste’mol qilib, doimiy ravishda tamagirlik yo‘li bilan pora olib kelganlikda ayblanyapti. Bu jinoyat ishining qo‘zg‘atilishi favqulodda vaziyatlar vaziri va uning ikki o‘rinbosari ishdan olingani fonida ro‘y bermoqda. Davlat rahbari ularni qurilishdagi qonunbuzarliklar sababli ishdan olganini aytgandi.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga endi salkam 1 mlrd so‘mdan beriladi. Prezident farmoniga asosan, 1 iyundan boshlab nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblariga to‘lanadigan mukofot puli 5 baravarga oshiriladigan bo‘ldi. Natijada, 1-o‘rin sohiblari oladigan pul mukofoti 2500 BHM (937,5 mln so‘m)ga, 2-o‘rin uchun 1500 BHM (562,5 mln so‘m), 3-o‘rin uchun 1000 BHM (375 mln so‘m)ga yetadi. Bundan tashqari, top-100 talikka kiruvchi OTMlarda ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun 10 yil muddatga 2150 BHM (806 mln so‘m)gacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Mavzuga oid

08:42 / 28.03.2025
M-25 gaz konida vodorod sulfidi otilishi yuz berdi

17:50 / 27.03.2025
O‘zini o‘zini band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari qisqaradi

17:42 / 27.03.2025
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

21:19 / 26.03.2025