Jamiyat | 09:42 / 20.11.2019
19000
2 daqiqa o‘qiladi

Chilonzor tumanida yangi ko‘prik qurilishi mumkin

Foto: KUN.UZ

Chilonzor tumanida avtomobillar qatnovi uchun yana bir ko‘prik qurish taklif etildi. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri aholisining soni yil sayin oshib borayotgani sababli poytaxtda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining soni ham sezilarli darajada ortib bormoqda. Avtotransport vositalari sonining oshishi yo‘llarda, ayniqsa, chorrahalarda katta tirbandliklarni vujudga keltirmoqda. Bunday holatlarda yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish hisobiga avtotransport vositalarining harakatlanishi bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topishi aytiladi. 

“Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasi va Qatortol 2, Do‘mbirobod 4-tor ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada avtomobillar qatnovining zichligi hamda piyodalarning serqatnovligi sababli katta tirbandlik vujudga kelib, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining aralashuviga qaramay tirbandlik bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topmay qolmoqda. Shunday holatda mazkur muammo yuzasidan o‘z vaqtida to‘g‘ri yechim berilishi hamda tegishli choralar amalga oshirilishi lozim”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasi va Qatortol 2, Do‘mbirobod 4-tor ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada avtomobillar qatnovi uchun yangi ko‘prik va piyodalar uchun yo‘l o‘tkazgichlarini qurish taklif qilingan.

Mavzuga oid