Fan-texnika | 16:36 / 21.11.2019
36788
4 daqiqa o‘qiladi

«Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasiga start berildi

Abdulla Aripov

21 noyabr kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida «Bir million o‘zbek dasturchisi» nomli yirik loyihaga start berildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi, O‘zbekiston hukumati vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Loyiha ochilishida Bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqdi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida kadrlar tayyorlash, aholiga xizmat ko‘rsatish, axborot texnologiyalari, transport, energetika va boshqa sohalarda bir qator muhim sarmoyaviy va gumanitar loyihalar amalga oshirilmoqda. «Bir million o‘zbek dasturchilari» loyihasining boshlanishi ham axborot texnologiyalar va dasturlash sohasidagi qo‘shma tashabbuslarimizning muhim mantiqiy davomidir.

Bugungi kunda zamonaviy O‘zbekistonning eng muhim boyligi bu – inson resurslaridir. Aholimizning 60 foizidan ortig‘ini 29 yoshdan oshmaydigan yoshlar tashkil etadi. Shu sababli yoshlarga oid davlat siyosatida o‘g‘il va qizlarimizning jamiyatdagi mavqeyini mustahkamlash, istiqbolli kasblarni egallashi biz uchun o‘ta muhimdir. Bu – O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yoshlarni tarbiyalash va ta'lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan beshta tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida aks etgan», – deya ta'kidladi Aripov.

Tadbir doirasida Toshkent shahridagi Inha universiteti dasturchilarining ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

«Bir million o‘zbek dasturchisi» (One Million Uzbek Coders) loyihasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi, «Dubay Future Foundation» jamg‘armasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, AT-akademiyasi va Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi AT-maktabi hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Loyiha ixtisoslashtirilgan onlayn portal orqali aholiga bepul masofaviy ta'lim olish imkoniyatini beradi. Barcha xohlovchilar loyiha ishga tushirilishi bilanoq ishtirok etish uchun ariza topshirishi mumkin. Dasturning asosiy maqsadi – raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar avlodini tayyorlash va dasturlash bo‘yicha ularga kerakli bilim va ko‘nikmalarni berishdir.

Birinchi bosqichda loyiha global mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 4ta mutaxassislikni o‘z ichiga oladi: ma'lumotlarni tahlil qilish, Android ishlanmalar, FrontEnd ishlanma hamda FullStack ishlanma. Umumiy kurs 120 soatlik ta'lim uchun mo‘ljallangan. Har bir bosqich yakunida ishtirokchilar laboratoriya ishlarini tayyorlashadi va shundan so‘ng ularga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

Kursni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar grantlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkaza olishadi va Udacity platformasidagi yuzdan ortiq Nanodegree dasturlarining birida o‘qishni davom ettirishlari mumkin. Buning uchun nomzod yakuniy imtihonni muvaffaqiyatli topshirishi va eng yuqori ball to‘plagan 150 talaba ro‘yxatiga kirishi kerak.

Ta'kidlash joiz, Nanodegree diplomlari Google, AT&T, Autodesk, Salesforce va boshqa ko‘plab AT gigantlari tomonidan tan olinadi.

Aytish lozimki, birinchi marotaba dasturchilarni masofaviy o‘qitish loyihasi Birlashgan Arab Amirliklarida «One Million Arab Coders» nomi bilan start olgan. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil mart oyida BAAga rasmiy tashrifi doirasida bir qator sohalarda, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida ham hamkorlik kelishuviga erishilgan edi.

Amirliklar hukumati loyihani O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganib, konsepsiyani mamlakat sharotiga moslashtirish rejasini ishlab chiqdi va «One Million Uzbek Coders» deb nomlangan loyihani yo‘lga qo‘ydi.

Mavzuga oid