O‘zbekiston | 12:26 / 23.11.2019
21364
2 daqiqa o‘qiladi

Taniqli jurnalist Mahmud Sa’diy vafot etdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbek matbuotida uzoq yillar mehnat qilgan tajribali, ustoz jurnalist Mahmud Sa’diy bugun 23 noyabr kuni vafot etdi.

Mahmud Sa’diy 1939 yil Samarqand viloyatining Narpay tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlab ToshDU (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetining jurnalistika bo‘limida tahsil olgan.

Turli yillar davomida “Sharq yulduzi”, “Guliston” jurnallarida katta adabiy xodim, bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetalarida maxsus muxbir, sharhlovchi, bo‘lim muharriri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.

Mahmud Sa’diy o‘ziga xos muharrirlik maktabi yaratgan tajribali ijodkor, iqtidorli munaqqid va ko‘zga ko‘ringan tarjimon ham edi. O‘zbek adabiyotining eng dolzarb muammolari tahliliga bag‘ishlangan adabiy-tanqidiy maqolalar va suhbatlarni o‘z ichiga olgan “Teran tomirlar” kitobi alohida ajralib turadi. U oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun “Tahrir san’ati” o‘quv dasturini yaratgan.

Tajribali jurnalist va yetuk publitsist sifatida ellik besh yillik faoliyati davomida soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga munosib ko‘rilgan. Prezident farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofotini qo‘lga kiritgan.

Marhumning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etamiz va Alloh taolodan sabr tilab qolamiz. 

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid