O‘zbekiston | 21:05 / 27.11.2019
14575
4 daqiqa o‘qiladi

Taqdimot – do‘stligimizning boshlanishi bo‘lsin - «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasidan navbatdagi tashabbus

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida O‘tkir Hoshimovning «Muhabbat» asari, fizika, kimyo, algebra tahlili va asoslari darsliklari Brayl yozuvida chop etildi.

«Ko‘ngil ko‘zi» - ko‘zi ojiz bolalar uchun yangicha imkoniyatlar taqdim etayotgan, ularning kitobxonlikka  qiziqishi va kelajakka intilishi uchun motivatsiya berayotgan loyiha.

Bugun, 27 noyabr kuni ushbu loyiha doirasida ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktablari uchun Brayl yozuvida chop etilgan fizika, kimyo, algebra va tahlil asoslari darsliklari, shuningdek, O‘tkir Hoshimovning «Muhabbat» asarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Unda Axborot va ommaviy kommuniatsiyalar agentligi xodimlari, 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati o‘qituvchilari va o‘quvchilari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovning qayd etishicha, ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktablarida  Brayl yozuvidagi darsliklarga talab katta bo‘lib, ayni paytda bu muammoni bartaraf etish uchun agentlik qoshida maxsus nashriyot faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, taqdimotda agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ham so‘zga chiqib, taqdimotga alohida tayyorgarlik ko‘rilgani va do‘stona muhitda o‘tishiga alohida e'tibor qaratilganini aytib o‘tdi.

«O‘ylaymanki, bu taqdimot do‘stligimizning boshlanishi bo‘ladi. Bundan keyin «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida yangi-yangi sovg‘alar bilan tez-tez sizni xursand qilishga harakat qilamiz», deya ta'kidladi  Saida Mirziyoyeva o‘z nutqida.  

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Ko‘tarinki kayfiyat va muloqot tarzida o‘tgan taqdimotda 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati o‘quvchilari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlariga o‘z savollari bilan murojaat qilishdi.

Jumladan, agentlik direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva «Hayotdagi eng asosiy maqsadlaringiz nima?», «Qaysi badiiy asarlarni yaxshi ko‘rasiz?», «Musiqa asboblarini chalish qo‘lingizdan keladimi?» kabi  bolalar tomonidan berilgan turli savollarga javob berdi, ularga kitob tanlash, maqsad qo‘yish borasida tavsiyalar berdi.

Shuningdek, bolalar bergan takliflar va murojaatlar tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilishi va yechim yo‘llari topilishiga agentlik rahbariyati tomonidan va'da berildi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Masalan, ko‘zi ojiz bolalar uchun barcha umumta'lim fanlaridan olimpiadalar yo‘qligi, Brayl yozuvida chop etilgan chet tilidagi badiiy kitoblar va o‘quv darsliklari  kamligi borasida berilgan murojaatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Mavzuga oid