O‘zbekiston | 14:50 / 03.12.2019
54388
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonning o‘g‘lini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 dekabr kuni Tojikiston Respublikasining poytaxti - Dushanbe shahri raisi Rustam Imomalini qabul qildi.

«Shavkat Mirziyoyev uchrashuv avvalida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari keyingi yillarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ikki qardosh mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish ta'minlangani, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilgani alohida qayd etildi.

Dushanbe shahri raisi Rustam Imomali qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz poytaxtlari Toshkent va Dushanbe o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Shaharni boshqarish va infratuzilmani rivojlantirish, «yo‘l xaritasi» asosida qo‘shma kooperatsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlarini amalga oshirish kabi yo‘nalishlarda muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e'tibor qaratildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq, Rustam Imomali Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan uchrashib, tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid