Jamiyat | 10:30 / 06.12.2019
6018
2 daqiqa o‘qiladi

1,1 milliard so‘mlik «tamaki» va «pirotexnika» operatsiyasi fosh etildi

Bojxona xodimlari turli tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanmasiga qarshi keskin kurash olib borishmoqda.

Shu kunlarda Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi hamda Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qo‘qon shahrida fuqaro M.I. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashinani kuzatuvga olishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berishicha, mazkur avtomashina fuqaro N.Yu.ning yashash uyida to‘xtaganidan so‘ng, tadbir ishtirokchilari tomonidan belgilangan tartibda xolislar ishtirokida nazoratdan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashina yukxonasida salkam 99 million so‘mlik turli nomdagi tamaki mahsulotlari va umumiy qiymati 48 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro Sh.Z.ning ham yashash xonadoni belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida ushbu xonadon yerto‘lasida umumiy qiymati 937,7 million so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy saqlanayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, umumiy qiymati 1 milliard 84 million so‘mdan ortiqni tashkil etuvchi turli nomdagi jami 109 720 quti tamaki mahsulotlari va 288 195 dona pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. 

Mavzuga oid