Iqtisodiyot | 17:10 / 21.04.2025
4305
8 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy shaxslarning xorijdan tovar olib kirishiga cheklovlar kuchaytirilganiga izoh berildi

“Tashmachilar ko‘magida yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda”, deb bayonot berdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi. Iqtisodchi Otabek Bakirov buning sabablariga e’tibor qaratib, “mahalliylashtiruvchilar” foydasiga kiritilgan import bojlarini olib tashlashga chaqirdi.

Ralf Geithe / Getty Images

Jismoniy shaxslarning notijorat maqsadida xorijdan tovar olib kirishiga cheklovlar kuchaytirilganiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi izoh berdi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekistonga samolyotda kelayotgan jismoniy shaxslar hozirda 2000 dollargacha, poyezdda kelayotganlar esa 1000 dollargacha qiymatdagi tovarlarni bojsiz olib kirish huquqiga ega. 19 aprel kungi hukumat qarori bilan esa, 1 maydan boshlab bu limit mos ravishda 1000 dollar va 500 dollargacha pasaytiriladigan bo‘ldi. Avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali kirib keluvchilar uchun 300 dollarlik cheklov o‘zgarishsiz qoladi.

Bundan tashqari, avval kurerlik jo‘natmalari orqali bir chorakda 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endi bu limit bir oyda 200 dollargacha pasaytiriladi.

Qolaversa, 1-2 kunga chetga chiqib kelganlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydigan bo‘lyapti. Bojsiz tovar olib kirish limitidan foydalanish uchun fuqaro piyoda yoki temiryo‘lda kirib kelayotgan paytda kamida 2 kun, samolyotda kelayotganida esa kamida 3 kun O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lishi kerak bo‘ladi.

Bojxona qo‘mitasi izohi

Bojxona qo‘mitasi bayonotiga ko‘ra, dunyo amaliyoti bilan taqqoslaganda tovarlarni bojsiz olib kirish normalari O‘zbekistonda yuqori belgilangan.

Xususan, Yevropa Ittifoqi davlatlarida jismoniy shaxslar havo transportida kirib kelganda 480 AQSh dollari, avto, piyoda yoki temir yo‘lda kirib kelganda 330 AQSh dollari qiymatidagi tovarlarnigina bojsiz olib kirishlari mumkin.

Turkiyada mamlakatga qaysi transport turida kirib kelishidan qat’i nazar faqatgina 480 AQSh dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat etiladi. Bu me’yor Xitoyda 722 AQSh dollarini tashkil qiladi, deyiladi bayonotda.

Xorijda qisqa muddat (2-3 kungacha) bo‘lib qaytgan shaxslarning bojsiz tovar olib kirish huquqi bekor qilinayotgani esa “jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun tovarlarni bojsiz olib kirish normalaridan tijorat maqsadlarida foydalanish ko‘lami sezilarli oshgani” bilan izohlandi.

“Tahlillarga ko‘ra, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar o‘ziga tegishli bo‘lmagan tovarlarni ma’lum haq evaziga olib o‘tib berib, “tashmachilik” faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

Ulardan ayrimlari bir oyda 100 martagacha chegarani kesib o‘tayotganini inobatga olsak, o‘z ehtiyoji uchun degan niqob ostida aslida tijorat maqsadidagi tovarlarni tashishayotgani oydinlashadi.

Natijada, tashmachilar ko‘magida yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona to‘lovlarisiz O‘zbekiston ichki bozoriga kirib kelmoqda”, – deyiladi Bojxona qo‘mitasi bayonotida.

Qo‘mitaga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarga tijorat maqsadida boruvchi yo‘lovchilar va ular tomonidan sodir etilgan xuquqbuzarliklar soni so‘nggi yillarda karrasiga oshib bormoqda.

“Ayrim yo‘lovchilar bir yil davomida o‘rtacha 100-150 tagacha parvozlarni amalga oshirganidan ko‘rinib turibdi-ki, ular havo yo‘llari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj uchun niqobi ostida olib kirishayotgani ma’lum bo‘ladi. Ularning umumiy soni birgina poytaxt aeroportida 500 nafardan oshadi. Ushbu yo‘lovchilarning har biri yiliga o‘rtacha 2-3 tonnagacha og‘irlikdagi tovarlarni olib kirishmoqda”, – deyiladi rasmiy izohda.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikda chegara bojxona postlari orqali tovarlarni notijorat tovar niqobi ostida noqonuniy olib o‘tish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. 2024 yilda chegara bojxona postlari orqali harakatlangan 600 nafarga yaqin shaxs ana shu huquqbuzarlikni takror va takror sodir etgan. Natijada, ayrim fuqarolar ayni shu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun bir yilda o‘rtacha 10-20 marta javobgarlikka tortilgan.

2024 yilda, shuningdek, chegara bojxona postlarida “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan 1 190 nafar jismoniy shaxs tomonidan 21 mlrd so‘mga yaqin tovarlarni noqonuniy olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar aniqlangan.

Bojxona qo‘mitasi kurerlik xizmati orqali yetkazib berish tartibidagi o‘zgarishlarni ham xalqaro tajriba bilan izohlagan. Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslarga kurerlik jo‘natmalari orqali bir oyda 200 AQSh dollari qiymatidagi tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin bo‘ldi. Ilgari bu me’yor bir chorakda 1000 AQSh dollarini tashkil qilar edi.

“Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda respublikamizga kirib kelayotgan kurerlik jo‘natmalarining o‘rtacha qiymati 200 AQSh dollarini tashkil qiladi. Yuqoridagi me’yorni belgilashda shunga asoslandi.

Yana xorijiy tajribaga yuzlanamiz – tovarlarni kurerlik jo‘natmalari orqali bojsiz olib kirish me’yorlari Xitoyda 288 AQSh dollari, Janubiy Koreyada 150 AQSh dollari, Gruziyada 125 AQSh dollari, Ukrainada 100 yevro, Buyuk Britaniyada 188 AQSh dollari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida 41-175 AQSh dollari va Turkiyada 79 AQSh dollarini tashkil qiladi”, – deyiladi qo‘mita axborotida.

Qayd etilishicha, kurerlik jo‘natmalari orqali tovarlarni bojsiz olib kirish normasini suiste’mol qilgan holda, tovarlarni “notijorat” niqobi ostida olib kirishga urinishlar ortgan. 2023-2024 yillarda 1,1 mingta holatda 8,3 mlrd so‘mlik bojxona qoidalari buzilishi aniqlangan.

“Nomiga jo‘natmalar yuborilgan fuqarolarning shaxsi o‘rganilganida ular orasida vafot etgan shaxslar ham aniqlangan, aksariyat hollarda esa fuqarolar nomiga chet eldan jo‘natma kelganidan xabarlari ham yo‘q bo‘lib chiqdi.

Bunda, tovarlarni mayda partiyalarga bo‘lib, fuqarolarning shaxsga doir (pasport) ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanib soxta yuk-kuzatuv hujjatlari bilan mamlakatimizga olib kirish sxemasi qo‘llanilmoqda”, deya qayd etgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi.

Iqtisodchilar munosabati

Texas universiteti assistent-professori, iqtisodchi Botir Qobilovning fikricha, O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning xorijdan tovar olib kirishi limitlari pasaytirilgani “yaxshilikka emas”.

“Bunday ishlar umuman yaxshilikka emas. Afsus”, – deya izoh qoldirdi u Telegram-kanalida.

Iqtisodchi Otabek Bakirov rasmiylarni oqibatlarga emas, sabablarga e’tibor qaratishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “tashmachilik” – sun’iy tarzda yaratilgan muammoning oqibati. Bu muammo esa – rasmiy import uchun bojlarning yuqoriligi bilan bog‘liq.

“Nima uchun uzoqqa bormaylik, qo‘shni qardosh qozoqlar va qirg‘izlar shunaqa siz aytgandek “tashmachilik” bilan shug‘ullanmaydi? Nima uchun Dubay yo Istanbul aeroportlarida faqat o‘zbekistonliklar o‘zlari bilan boshqa yo‘lovchilarni ham tovar “tashmachiligi”ga jalb qilishadi? Bir o‘ylab ko‘ring. Bilasiz-ku sabablarini.

Balki ajdarho bojlar mavjudligi tufaylidir? Bir to‘da “mahalliylashtiruvchilar” va mahalliy “importyorlar” foydasiga kiritilgan ajdarho bojlarni olib tashlang. Ishoning, hech kim chegara oshib telefon-u, konditsioner olgani qo‘shni davlatlarga bormaydi. Normal davlatlardagi kabi tovarlar o‘zaro raqobatlashuvchi va eng optimal import kanallari orqali kirib keladi, sog‘lom bozor paydo bo‘ladi. Iste’molchi kambag‘allashmaydi”, – deya rasmiylarga murojaat qildi Otabek Bakirov.

Mavzuga oid