Jahon | 11:10 / 06.12.2019
31550
3 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Ukraina bo‘yicha bayonot berdi. Qozog‘iston vositachi bo‘lishga tayyor

Qosim-Jomart To‘qayev va Angela Merkel/Foto: akorda.kz

Germaniyaga tashrifi chog‘ida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ukraina to‘g‘risida bayonot berdi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar qilmoqda.

Qosim-Jomart To‘qayevning ta'kidlashicha, Ukraina sharqidagi vaziyatga yechim topish «Normand shaklida» amalga oshirilishi kerak. Shuningdek, davlat rahbarining qayd etishicha, Qozog‘iston vositachi bo‘lishga va muammoni hal qilish uchun maydoncha taqdim etishga tayyor turibdi.

«Birinchi prezidentimiz o‘zining yaxshi niyatlarini bildirdi va Qozog‘iston hududida vositachilik qilish bo‘yicha takliflar bilan chiqdi. Ammo, albatta, bizning fikrcha, Ukraina muammolari, birinchi navbatda, «Normand shaklida» hal qilinishi kerak.

Ma'lumki, 9 dekabr kuni normand to‘rtligining uchrashuvi Parijda bo‘lib o‘tadi. Biz muvaffaqiyat tilaymiz, sababi Ukraina bilan bizni do‘stlik va hamkorlik rishtalari bog‘lagan. Biz Ukraina xalqiga juda yaxshi munosabatdamiz hamda bu xalq osoyishta va farovon hayotga loyiq, deb hisoblaymiz», - dedi Qosim-Jomart To‘qayev Angela Merkel bilan OAV vakillari uchun qo‘shma matbuot anjumanida.

Avvalroq, Germaniyaning Deutsche Welle nashriga bergan intervyusida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Qrimda ro‘y bergan voqealarni» anneksiya (bosib olish) deb hisoblamasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston doimo «Rossiya rahbariyatining oqilligiga» ishongan.

Shundan so‘ng, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Yekaterina Zelenko rasmiy bayonot berdi. Unda aytilishicha, Ukraina prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qrim Rossiya tomonidan bosib olinganini rad etgani munosabati bilan Qozog‘istonga namoyishkorona diplomatik harakat (demarsh) bilan chiqadi.

«Qozog‘iston prezidenti bunday bayonotlarni har ikki tomon a'zo bo‘lgan tashkilot - YeXHT vazirlar uchrashuvi arafasida bergani juda afsuslanarli. Helsinki yakuniy aktiga ko‘ra, YeXHTning asosiy prinsiplaridan biri bu - davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish», - deyiladi bayonotda. Shu munosabat bilan bildirilishicha, «tegishli namoyishkorona diplomatik harakat Qozog‘iston tomoniga yetkaziladi».

Mavzuga oid