Sport | 18:25 / 10.12.2019
34433
10 daqiqa o‘qiladi

«Liverpul» xavf ostida. Chempionlar ligasidagi so‘nggi intrigalar

Bugun Chempionlar ligasining guruh bosqichida so‘nggi tur o‘yinlari boshlanadi. Yakuniy tur arafasida guruhlarda qanday intrigalar mavjud?

Birinchi o‘rinni egallab ham «Real»ga raqib bo‘lish mumkin

Ayni vaqtda YeChL nimchorak finalida ishtirok etadigan 16 jamoadan 8tasining nomi ma'lum bo‘lib ulgurgan va bu baxtli jamoalardan faqat «Leypsig» guruhni qaysi o‘rinda yakunlashini bilmaydi. Mantiqan hisoblansa, nemislar jamoasi guruhda birinchi o‘rinda qolishi haqiqatga yaqin, bu esa jamoaga 16 dekabr kuni o‘tkaziladigan qur'a tashlash marosimida saralanganlar savatchasida bo‘lish imkonini beradi.

Ayni vaqtda birinchi o‘rinni egallash jamoani «Barselona», «Bavariya», «Manchester Siti», «PSJ» va «Yuventus»ga raqib bo‘lishdan qutqaradi. Ammo guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqqan jamoalardan qaysi birigadir («PSJ»dan tashqari) pley-offida guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan «Real» yoki Joze Mourino kelgach yana o‘yinini topib olgan «Tottenhem» ro‘baru bo‘ladi. Bugungi o‘yinlar natijasiga ko‘ra, YeChLning amaldagi g‘olibi «Liverpul» ham guruhda ikkinchi bo‘lishi mumkin. 

8ta o‘ringa 13 da'vogar

A guruhi

11 dekabr: Bryugge — Real (01:00 Toshkent vaqti), PSJ — Galatasaroy (01:00 Toshkent vaqti).

Bu guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinlar «PSJ» va «Real» tomonidan egallab bo‘lingan. «Bryugge» agar bu turda «Galatasaroy»dan yomonroq o‘ynamasa, Yevropa Ligasiga yo‘llanma oladi.

V guruhi

10 dekabr: Bavariya — Tottenhem (01:00 Toshkent vaqti), Olimpiakos — Tsrvena Zvezda (01:00 Toshkent vaqti).

«Bavariya» birinchi, «Tottenhem» — ikkinchi. «Tsrvena Zvezda» yevrokuboklardagi ishtirokini davom ettirish uchun Pireyada «Olimpiakos»ga yutqazmasligi talab etiladi.

S guruhi

11 dekabr: Shaxtyor — Atalanta (22:55 Toshkent vaqti), Dinamo Z — Manchester Siti (22:55 Toshkent vaqti).

«Manchester Siti» birinchi o‘rinni kafolatlab bo‘lgan, ikkinchi yo‘llanma uchun qolgan uch jamoa da'vogar. Hozirgi ikkinchi o‘rinni saqlab qolish uchun «Shaxtyor» yoki o‘z maydonida «Atalanta»ni yengishi, yoki durang o‘ynagan holatda Zagrebning «Dinamo» klubi «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda 3 ochko ololmasligidan umid qilishi kerak bo‘ladi.

Xorvatiya jamoasi 1/8 finalga chiqishi uchun Xarkovda durangda bo‘lishi kerak. Eng kam imkoniyat «Atalanta»da. Italyanlar «shaxtyorlar»ni yengishi va «Dinamo» g‘alaba qozona olmasligini kutishi kerak.

D guruhi

11 dekabr: Atletiko — Lokomotiv (01:00 Toshkent vaqti), Bayyer — Yuventus (01:00 Toshkent vaqti).

«Yuventus»ni hech kim birinchi o‘rindan tushirib yubora olmaydi, ikkinchi yo‘llanma uchun kurash «Atletiko» va «Bayyer» o‘rtasida kechadi. Diyego Simeone jamoasiga shunchaki «Lokomotiv» ustidan g‘alaba qozonish yetarli bo‘ladi. Agar madridliklar o‘z o‘yinida g‘alaba qozona olmasa, Leverkuzenda nemislar «Yuventus»dan ustun kelmasligiga umid qilishi kerak bo‘ladi. Ochkolar teng kelsa o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik «matraschilar» foydasiga bo‘ladi. «Lokomotiv» esa har qanday vaziyatda ham uchinchi o‘rindan yuqoriga ko‘tarila olmaydi, chunki Yuriy Syomin shogirdlari «Bayyer»ga o‘zaro uchrashuvlar natijasiga ko‘ra yutqazishadi (2:1, 0:2).

Ye guruhi

10 dekabr: Napoli — Genk (22:55 Toshkent vaqti), Zalsburg — Liverpul (22:55 Toshkent vaqti).

«Liverpul» bir yil oldin bo‘lgani kabi o‘z taqdirini so‘nggi turda hal qiladi, Yurgen Klopp jamoasini hech narsadan tap tortmaydigan «Zalsburg»ga qarshi safar uchrashuvi kutmoqda. «Enfild»da qizillar 4:3 hisobida g‘alaba qozonishgandi, hozir esa Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibiga Avstriyada ochko kerak.

Mag‘lubiyat «Liverpul»ni uchinchi o‘ringa tushirib yuborishi mumkin. Albatta 4:5 yoki 5:6 hisobidagi mag‘lubiyat inglizlarni qoniqtiradi va bu holda safardagi gollar soni tufayli ular mezbonlardan ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra o‘zib ketishadi. Shuningdek, «Napoli» autsayder «Genk»dan mag‘lub bo‘lishi ham mersisaydliklarni qutqarib qolishi mumkin.

Agar uch jamoa ham bir xilda ochko to‘plasa,  neapolitanliklarda o‘zaro uchrashuvlarga ko‘ra eng yaxshi natija bo‘ladi. Karlo Anchelotti jamoasini o‘z uyida yutqazmaslikning o‘zi qoniqtiradi. Ammo jamoa mag‘lub bo‘lsa ham 1/8 finalga chiqishi mumkin, agar «Zalsburg» o‘z uyida g‘alaba qozona olmasa.

F guruhi

10 dekabr: Borussiya — Slaviya (22:55 Toshkent vaqti), Barselona — Inter (22:55 Toshkent vaqti).

«Barselona» birinchi o‘rin masalasini hal qilgan va so‘nggi turda boshqalarning taqdirini hal qiladi. Messisiz harakatlanadigan katalonlar Milanda mag‘lub bo‘lishsa, «Inter»ni o‘zlari bilan 1/8 finalga olib chiqishadi. «Borussiya»dan talab qilinadigan ish - Antonio Konte jamoasidan yomonroq o‘ynamaslik, dortmundliklar ochkolar teng kelib qolsa, o‘zaro uchrashuvlar natijasiga ko‘ra italyanlarga yutqazishadi.

G guruhi

10 dekabr: Benfika — Zenit (01:00 Toshkent vaqti), Lion — Leypsig (01:00 Toshkent vaqti).

Eng chalkash holat G guruhida yuzaga kelgan. Bu yerda uch jamoa bir xil – 10tadan ochkoga ega bo‘lishi ham, yoki uch jamoa 7 tadan ochko to‘plab qolishi ham mumkin. Har qanday holatda «Leypsig» guruh masalasini hal qildi – so‘nggi turda Fransiyada mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham, agar uch jamoada 10tadan ochko bo‘lib qolsa, nemislar o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli guruh g‘olibi bo‘lib qolaveradi.

«Benfika» esa, aksincha, so‘nggi turda «Zenit»ni yutgan taqdirda ham, 2-o‘ringa chiqib ololmaydi. O‘zaro o‘yinlarda portugaliyaliklar «Zenit»dan ustun bo‘lishgan taqdirda ham, «Lion»ni ham ortda qoldirish vazifasi turibdi.

Xullas, ikkinchi yo‘llanma uchun asosan «Zenit» va «Lion» kurash olib boradi. O‘zaro o‘yinlardagi ustunlik tufayli «Zenit» hozir 2-o‘rinda turibdi. Endi ruslar keyingi bosqichga chiqishi uchun so‘nggi turda «Lion»dan kam ochko jamg‘arishmasa kifoya.

N guruhi

10 dekabr: Chelsi — Lill (01:00 Toshkent vaqti), Ayaks — Valensiya (01:00 Toshkent vaqti).

Bu yerda faqat «Lill» hech narsaga da'vogarlik qilmaydi, natijalar qanday ko‘rinish olishi «Ayaks» va «Chelsi»ning o‘z qo‘lida. Londonliklar shunchaki o‘z uyida fransuzlarni yengishi kifoya qiladi. Agar Londonda durang qayd etilsa, pley-offga chiqish uchun inglizlar «Valensiya» Amsterdamda mag‘lub bo‘lishiga umid qilishi kerak bo‘ladi.

Ikkinchi yo‘llanma egasi esa Amsterdamda aniqlanadi. «Ayaks» o‘z maydonida «Valensiya»ni qabul qiladi. Niderlandiyaliklar g‘alaba qozonishsa, 13 ochko bilan guruhni peshqadam sifatida yakunlaydi. Durang «Ayaks»ni kamida 2-o‘rin bilan pley-off ishtirokchisiga aylantiradi. Mag‘lub bo‘linsa esa inglizlar g‘alaba qozonmasligini kutish kerak bo‘ladi.

«Valensiya»ni esa, faqat g‘alaba qoniqtiradi. Ispanlar bu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, nafaqat yo‘llanma, guruh peshqadamligini ham qo‘lga kiritadi. Chunki «Chelsi» bilan taqqoslaganda, o‘zaro o‘yinlarda «Valensiya» ustunlikka ega.

Demak, yo‘llanma uchun «Chelsi» «Lill»ni yutishi kerak, «Valensiya» safarda «Ayaks»ni yutishi shart, «Ayaks»ni esa, so‘nggi turda durang ham qoniqtiradi.

Mavzuga oid