O‘zbekiston | 16:40 / 10.12.2019
2805
3 daqiqa o‘qiladi

Saylovoldi tashviqoti qoidalari buzilgani to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushgani yo‘q – MSK

Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Mahmud Istamovga ko‘ra, shu paytgacha Markaziy saylov komissiyasiga siyosiy partiyalar va nomzodlardan saylovoldi tashviqoti qoidalarini buzganlik to‘g‘risida shikoyatlar kelib tushmagan.

Xalqaro matbuot markazida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilinishicha, Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan o‘tkazilayotgan deputatlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari va saylovoldi tashviqot tadbirlarini monitoring qilib borilmoqda. O‘tgan vaqt davomida siyosiy partiyalar tomonidan jami 863 marta miting o‘tkazilgan, 2 mingga yaqin tashqi reklama vositalarida bannerlar joylashtirilgan, nomzodlar to‘g‘risida 1 milliondan ortiq plakat va 7 millionga yaqin flayerlar tarqatilgan.

Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar tomonidan jami 21 ming 571 marta, nomzodlarning 6 mingdan ortiq ishonchli vakillari tomonidan esa 21 ming 295 marta saylovchilar bilan uchrashuvlari o‘tkazilgan.

«Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda olib borilayotgan monitoring natijalari, shuningdek, «Ishonch telefoni»ga kelib tushayotgan murojaatlar shuni ko‘rsatmoqdaki, siyosiy partiyalar va nomzodlar tomonidan olib borilayotgan saylovoldi tashviqoti ishlari har bir saylovchigacha yetib bormagan. Joylarda saylovchilarimiz deputatlikka ilgari surilgan nomzodlar, ularning dasturiy yo‘nalishlari to‘g‘risida yetarlicha ma'lumotga ega emas.

Bugungi kunda nomzodlar xususida ko‘rgazmali keng ko‘lamdagi targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan nomzodlardan tomonidan aholi bilan uchrashuvlarni kuchaytirishni talab etadi. Saylovoldi tashviqoti eng qizg‘in pallasiga kirib kelmoqda, 11 kundan so‘ng saylovoldi tashviqoti vaqti tugaydi. Shundan kelib chiqib, siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqotini yanada faollashtirish, joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarni ko‘paytirishni tavsiya qilamiz. Zero, bundan avvalambor siyosiy partiyalar va nomzodlar manfaatdordir», deya Mahmud Istamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq MSK raisi Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov joylarda saylovoldi tashviqoti ko‘ngildagidek olib borilmayotgani, fuqarolar deputatlikka nomzodlarni ko‘rmayotganidan shikoyat qilayotganini aytgandi.

Brifingda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan dastlabki saylovchilar soniga uyma-uy yurish orqali aniqlik kiritilgani, 9 dekabr holatiga umumiy saylovchilar soni 20 529 590 nafarni tashkil etishi, 1 790 039 nafar saylovchi xorijiy davlatlarda tuzilgan saylov uchastkalariga biriktirilgani ma'lum qilindi.

Mavzuga oid