Saylovdan so‘ng: xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayonidagi yutuq va kamchiliklar haqida
O‘zbekistonda 22 dekabr kuni vakillik organlariga bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlari xususida xalqaro kuzatuvchilar o‘z xulosalarini bayon etmoqda.
23 dekabr kuni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, YeXHTning O‘zbekistondagi saylovlarni kuzatish uchun kelgan missiyasi a'zolari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda missiya a'zolari bevosita saylov va saylovdan keyingi ovoz hisoblash jarayonlari bo‘yicha o‘zlarining dastlabki xulosalarini bayon etishdi.
“Qonunchilik bazasi yaxshilangan, lekin bu amalda hammasi ijobiylashdi degani emas”
YeXHT maxsus koordinatori Georgiy Tsereteli saylov qonunchiligining yaxshilangani, lekin bu amalda hali to‘la namoyon bo‘lmayotganini qayd etdi.
“Saylov yangilangan qonunchilik asosida o‘tkazildi. Saylovchilarning yagona reyestri shakllantirilgani va nogironlarning ovoz berishi uchun sharoit yaratilganini alohida qayd etish lozim. Saylov uchastkalaridagi xodimlar o‘qitilgan. Lekin malaka yetarli darajada emas.
Saylov kodeksini tuzishda YeXHT tomonidan berilgan tavsiyalar ham inobatga olingan. Qonunchilik bazasi yaxshilanganini e'tirof etamiz, lekin bu amaldagi jarayonlarning ham to‘la ijobiylashganini anglatmaydi. Hukumat shaffoflikka intilayotgan bo‘lsa ham, cheklovlar haligacha mavjud”, ─ deb ta'kidladi u.
YeXHT vakili saylov jarayonida va undan keyingi ovoz sanash davomida kuzatilgan kamchiliklarni sanab o‘tdi hamda ushbu jarayon noqonuniyliklardan xoli bo‘lmaganini qayd etdi.
“Bevosita jarayonda bir qator kamchiliklarni kuzatdik. Bir nafar fuqaro kelib, barcha oila a'zolarining nomidan ovoz berib ketishi holatlari bor. Bu eskidan qolgan odat.
Hisob-kitob jarayonining o‘z qoidalari mavjud. Ammo bu qoidalarga hurmat bilan munosabatda bo‘linmadi. Kamchiliklar haqida kuzatuvchilarimiz kerakli ko‘rsatmalarni berishgan. Lekin salbiy xulosa o‘z o‘rnida qolmoqda. Men o‘zim o‘nta uchastkada bo‘lib kuzatdim. Shuning o‘zi ham umumiy manzara haqida tasavvur hosil qilish uchun yetarli bo‘ldi. Bir-ikkita joyda bo‘lgan xatolar boshqa uchastkalarda ham takrorlangani tabiiy”, ─ deya o‘z xulosalarini bildirdi u.
Tsereteli fuqarolar saylovlarga befarq bo‘lmaganini e'tirof etdi.
“Fuqarolar saylov jarayoniga qiziqish bildirgani sezildi. Har bir nomzodning posterini yarim soatlab o‘qigan saylovchilarni ham kuzatdim. Ular o‘z manfaati uchun befarq bo‘lmayapti. Yangi deputatlar o‘zlari bergan va'dalarning ustidan chiqishadi, degan umiddaman”, ─ deya fikrini yakunladi u.
“Partiya vakillari saylov natijasi qanday bo‘lishiga qiziqish bildirmadi”
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari Byurosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari Tana de Zuluyeta saylovda o‘zi kuzatgan uch muhim jihatni sanadi.
“Birinchidan, yuqori darajadagi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur saylovlar uchun hamkorlik bir yildan beri davom etmoqda. Xalqaro kuzatuvchilar uchun jarayonlar ochiq bo‘ldi. Ikkinchidan, saylov jarayonida saylovchilarning yagona elektron reyestri ishga tushirildi. Uchinchidan, so‘z erkinligidagi o‘zgarishlarni chin ma'noda his qildik. Atmosfera boshqacha. So‘z erkinligi hissi bor, blogerlarning roli ham ko‘rinyapti”, ─ dedi u.
Zuluyeta xonim saylovning o‘tishi va ovoz hisoblash jarayonidagi kuzatuvlarga asosan, xulosalarning 42 foizi salbiy xarakterga ega ekanligini ma'lum qildi.
“Saylov uchastkasiga pasporsiz kelgan odamlarga ham ovoz berish uchun imkoniyat berilishi, bitta odam barcha oila a'zolari uchun ovoz berishi hollari ham bo‘ldi. To‘g‘ri, hammasini bir martada ijobiy hal qilib bo‘lmaydi. Ammo partiya vakillari saylov natijalari qanday bo‘lishiga ishtiyoq, qiziqish bildirmagani sezildi”, ─ deya ta'kidladi vakil.
Missiya rahbari ovozlarni hisoblash jarayonida kuzatilgan kamchiliklar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ovozlarni hisoblash jarayonlarida ishtirok etdik. 130ta uchastkada ovoz hisoblash jarayoni missiyamiz a'zolari tomonidan kuzatildi. Xulosalarga ko‘ra, hisoblash jarayonlari oxirigacha silliq o‘tmagan. Qonunda belgilangan protseduralarga to‘liq amal qilinmagani, natijalar o‘zgargani ko‘rindi. Ba'zi joylarda raqamlar kamroq edi.
Birlamchi hisob-kitoblar amalga oshirilishi kerak edi. Lekin bu ish qilingani yo‘q. Masalan, ishlatilmay qolgan byulletenlarni hech kim hisoblab chiqqani yo‘q. Hisoblar oxirigacha olib borilmagan hollarni ham ko‘rdik. Ko‘rsatkichlarning aniqligiga ishonch hosil qilish uchun biror kishi, xolis odam qayta sanab chiqmadi. Xavfsizlik ta'minlanmagan kanallar orqali ma'lumotlar almashinuvi amalga oshirilgan hollar ham kuzatilgan”, ─ dedi Zuluyeta xonim.
“Tomonlar bir-biridan farqlanishga intildi, lekin ular baribir prezident siyosatini quvvatlaydi”
YeXHT Parlament assambleyasi missiyasi rahbari Kari Xenriksen saylov jarayonlari bilan bog‘liq o‘z fikrlarini bildirdi.
“Saylovlar jarayonida hamkorlik haqiqatan ham yuqori darajada amalga oshirildi. O‘ylaymanki, mamlakat o‘zgarayotgani kundek ravshan. Tabiiyki, o‘zgarishlar bir kechada sodir bo‘lmaydi. Tarixdan ma'lumki, demokratlashtirish vaqt o‘tishi bilan yuz beradi. Bu juda murakkab vazifa va mazkur jarayon hech qachon tugamaydi. Siyosiy iroda o‘zgarishlarga eng ko‘p ta'sir ko‘rsatadigan narsa. Barchasi amalga oshishi va yuz berishi uchun haqiqatan ham aniq choralar zarur. Biroq bu ana shunga arziydigan narsa”, ─ dedi u.
Shuningdek, Xenriksen saylov jarayonlari kamchiliklardan xoli bo‘lmaganini e'tirof etdi.
“Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar bo‘lib o‘tgani, ular kerakli yo‘nalishda olib borilayotgani qayd etilganiga qaramay, siyosiy variantlar diapazoni juda cheklanganligicha qolmoqda. Tomonlar bir-biridan farq qilish uchun juda jiddiy ish olib borishganini tan olamiz. Shunga qaramay, ular har qanday holatda ham prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlashadi. Haqiqiy raqobat hali yetarli emas, biz buni his qilmadik. Shuning uchun ham saylovchilar haqiqiy muqobil variantlarga ega emasdilar.
Shunga qaramay, nomzodlar o‘rtasida debatlar bo‘lib o‘tdi demoqchiman. Bu juda muhim edi, chunki bu batamom yangicha ruh. U bag‘rikenglikni namoyish etadi hamda so‘z erkinligi uchun imkoniyat beradi”, ─ deya ta'kidladi YeXHT vakili.
“Hali natijalarni ko‘rganim yo‘q. Qancha ayol kishi saylanganini bilmayman. Biroq nomzodlarning 41 foizi ayollar bo‘lgani juda muhim. Nomzodini ko‘rsatgan ayollar soni haqiqatan ham O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar belgisi. Joriy saylovlar haqiqatan ham ochiq bo‘ldi. Shunga qaramay, saylovchilar orasida tanlov nuqtai nazaridan muqobil variant uchun cheklangan diapazon saqlanib qolyapti”, ─ deya qo‘shimcha qildi u.
Mavzuga oid
08:50 / 26.10.2024
Shavkat Mirziyoyev YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
12:10 / 23.10.2024
Tashqi ishlar vaziri YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
13:00 / 20.06.2024