O‘zbekiston | 14:50 / 24.12.2019
16451
2 daqiqa o‘qiladi

«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashining 4 a'zosi tashkilotni tark etdi

«Buyuk Kelajak» ekspert kengashining to‘rt nafar a'zosi tashkilotni tark etishga qaror qildi.

Fergana nashri xabariga ko‘ra, tashkilotni «Buyuk Kelajak» ta'sischilari umumiy yig‘ilishining raisi, ekspertlar kengashi raisi Alisher Kalonov, tashkilot muvofiqlashtiruvchi kengashi a'zolari Sobir Shodiyev, Bahrom Ismoilov va Sherzod Yusupov tark etgan.

Bu kengashni tark etgan a'zolarining ikkinchi guruhi. Buning sabablari haqida hozircha xabar qilinmadi. Birinchi guruh tashkilotni 2019 yil sentabr oyida tark etgandi. O‘shanda o‘n kishi tashkilotdan chiqib ketgan. Kengash sobiq a'zolari holatga «ichki tashkiliy sabablar» turtki berganini aytishgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Buyuk Kelajak» nodavlat notijorat tashkiloti 2018 yilda O‘zbekiston hukumati ko‘magida tashkil etilgan. Uning ta'sischilariga respublikadan tashqaridagi turli tashkilotlar va xalqaro kompaniyalarda ishlovchi o‘zbekistonliklar aylandi. Tashkilotning ekspert kengashi tarkibiga 30dan ortiq mamlakatlarda istiqomat qiluvchi 200dan ortiq mutaxassislar kiritilgan. «Buyuk Kelajak»ning asosiy vazifasi «Strategiya-2035» konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish edi. Loyiha 2019 yil may oyida taqdim etildi.

Mavzuga oid