Jamiyat | 15:50 / 26.12.2019
25679
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 dekabr kuni Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyni borib ko‘rdi.  

O‘zbek romanchiligining asoschisi, vatanparvar adib Abdulla Qodiriy xotirasiga ehtirom ko‘rsatish, milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizning Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldida ijod maktabi va muzey barpo etildi. Boqqa kiraverishda buyuk yozuvchi haykali o‘rnatildi.

Davlat rahbari mazkur haykalning ochilish marosimida ishtirok etib, uning poyiga gul qo‘ydi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi farmoyishi bilan tashkil etilgan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi o‘zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan.  

Joriy o‘quv yilida maktabning 5, 6, 7 va 8-sinflariga ijodiy imtihonlar va test sinovlari asosida 121 nafar o‘quvchi saralab olindi. “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi Zilola Shomurodova ham ijod maktabiga qabul qilindi.   

Bu yerda o‘g‘il-qizlarning ta'lim-tarbiya olishi uchun hamma sharoit yaratilgan. Xonalar keng, yorug‘, shinam va qulay. Fan kabinetlari zamonaviy texnologiyalar va o‘quv anjomlari bilan ta'minlangan. Kutubxona adabiy asarlar, badiiy adabiyotlarga boy. Ochiq va yopiq sport zallarida bolalar sport to‘garaklariga qatnashishi, salomatligini mustahkamlashi uchun qulayliklar mavjud. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘qituvchi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.

– Abdulla Qodiriy ijod maktabida o‘qiyotgan bu bolalar yangi O‘zbekistonning kelajagi bunyodkorlaridir. Barcha umumta'lim maktablari ushbu o‘quv dargohidan ma'naviyatni, ma'rifatni o‘rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma'naviyatli, balki o‘z vatanini yurakdan sevuvchi iste'dod egalari. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz, – dedi Prezident. 

Ijod maktabida “Qodiriy izdoshlari”, “Yosh qalamkashlar”, “Yosh jurnalistlar” kabi to‘garaklar, “Ifodali o‘qish”, “Notiqlik san'ati” bo‘yicha qo‘shimcha darslar tashkil etilgan. Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ma'rifiy tadbirlar tez-tez o‘tkazilib turadi. 

Davlatimiz rahbari oliy o‘quv yurtlarining olimlari bu yerda dars o‘tishi, taniqli yozuvchi va shoirlar mahorat saboqlarini yo‘lga qo‘yishi, darslar zamonaviy metodikalar asosida olib borilishi zarurligini ta'kidladi. Iste'dodli bolalar faqat o‘quv jarayoni bilan cheklanmay, universitetlarda amaliy mashg‘ulotlar o‘tashi kerakligini qayd etdi. O‘g‘il-qizlarga mamlakatimiz tarixini mukammal o‘rgatish maqsadida ijod kunlari yurtimizning diqqatga sazovor shaharlariga sayohatlarini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.  

– Bu maktabda millatparvar, o‘zligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Ma'lumki, bu yil Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlandi. Bunday tadbirlar adib nomi qo‘yilgan ijod maktabida o‘zgacha shukuh bilan o‘tdi.

Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga kiraverishda adib muzeyi barpo etildi. Mazkur binoga “Turon” kutubxonasi ham joylashtirildi. Bu nafaqat yetuk ajdodimizning vorislari, balki adabiyot, ma'naviyat va ma'rifat ahlini, butun xalqimizni quvontirdi.

Prezident muzey va kutubxonadagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Muzeyga kiraverishda Abdulla Qodiriyning hikmatli so‘zlari bitilgan. Chap tomonda adibning hayot va ijod yillari xronologiyasi, qatag‘on yillari eksponatlari hamda mustaqillik yillarida yozuvchiga ko‘rsatilgan ehtirom aks etgan ekspozitsiyalar joylashgan. Tomoshabinlar zaldagi ulkan monitorda adib asarlari asosida suratga olingan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” filmlarini, boshqa kartinalarni ko‘rishi mumkin.

Davlat rahbari shu yerda yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar bilan muloqot qildi.

Mavzuga oid