Sport | 16:28 / 27.12.2019
3838
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi yilning eng yaxshi sport federatsiyasi deb topildi

O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi mamlakatda «Yilning eng yaxshi federatsiyasi» deb e'tirof etildi.

Bu yo‘nalishdagi milliy sport mukofotini 26 dekabr kuni «Navro‘z» tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorjon Toshxo‘jayev qabul qilib oldi.

Marosimda, shuningdek, yengil atletikachi Temur G‘iyosov O‘zbekistonning 2019 yildagi eng yaxshi paralimpiyachisi deya e'tirof etildi. U joriy yilgi Jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritib, Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan edi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi sportchilari yakunlanib borayotgan yilda 18ta xalqaro musobaqada qatnashib, jami 33ta oltin, 16ta kumush va 18ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Hozirgi qadar o‘zbekistonlik 15 nafar paralimpiyachi 2020 yil Tokioda bo‘ladigan yozgi Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lib ulgurgan.

Mavzuga oid