Jahon | 15:20 / 31.12.2019
27818
3 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dodda namoyishchilar AQSh elchixonasini qamal qilishdi

AQShning Bag‘doddagi elchixonasi oldida amerikalik harbiylarning shia ayirmachilari manzillariga yo‘llagan aviazarbalariga qarshi norozilik namoyishi uyushtirib, bir necha ming kishi to‘plandi. Ular diplomatik missiya binosi eshiklarini buzishgan va ichkariga bostirib kirishgan.

Foto: Reuters

Aviazarba tufayli halok bo‘lganlarning dafn marosimidan so‘ng odamlar hukumat muassasalari va elchixonalar joylashgan «yashil hudud» tomon yo‘l olishgan va AQSh elchixonasiga yetib borishgan.

Namoyishchilar bino atrofidagi kuzatuv kameralarini sindirishgan va elchixona binosiga suv to‘la idishlarni uloqtirishgan.

Namoyishchilar «Amerikaga o‘lim», «Amerikaga yo‘q» deya hayqirishgan, elchixona tomon toshlar otishgan va AQSh bayrog‘ini yoqishgan.

Ular elchixona devorlariga AQSh zarba bergan guruh bayroqlarini ilishgan.

Voqea joyidan xabar bergan muxbirlarning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar elchixona devorlariga o‘t qo‘yishgan va kuzatuv kameralarini urib sindirishgan. Iroq politsiyasi avvaliga megafonlar orqali namoyishchilarni tarqalishga chaqirgan, keyin ko‘zdan yosh oqizuvchi granatalar qo‘llay boshlagan. Elchixona qo‘riqchilari ham shovqinli granatalar uloqtirishgan.

Elchi Metyu Toller va boshqa diplomatlar har ehtimolga qarshi evakuatsiya qilingan. «Al-Hadas» telekanali ma'lumotiga ko‘ra, elchixonani tark etgan diplomatlar Iroq poytaxtidagi xalqaro aeroportdan samolyotda noma'lum yo‘nalish bo‘ylab uchib ketishgan.

Namoyishchilar AQSh aviazarbalari tufayli elchixonani qamal qilishdi

Yakshanba kuni AQSh aviatsiyasi shialarning «Kataib Hizbulloh» guruhi pozitsiyalariga zarba bergan, natijada kamida 25 kishi halok bo‘lib, 50dan ortiq kishi jarohatlangandi.

Pentagon rasmiylariga ko‘ra, «mudofaa maqsadidagi zarbalar» Iroqdagi uchta va Suriyadagi ikkita pozitsiyaga yo‘llangan. Nishonlar qurol-yarog‘ omborlari, shuningdek guruh koalitsiya kuchlariga hujumlar uyushtirishda foydalanadigan kuzatuv punktlari bo‘lgan.

AQSh hukumati bu hujumlarni Kirkukdagi bazaga berilgan raketa zarbasiga javob deb atadi. O‘sha hujum oqibatida bir amerikalik harbiy halok bo‘lib, yana 4 harbiy jarohat olgandi.

Iroq bosh vaziri Odil Abdul-Mahdiy amerikaliklarning aviazarbalari mamlakat suverenitetiga tahdid ekani, bu Bag‘dod Vashington bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishiga olib kelishi mumkinligini aytib o‘tgan.

«Kataib Hizbulloh» rahbari AQShga qat'iy javob qaytarilishiga va'da bergan. Eron hukumati bu aviazarbalarni «terrorizm akti» deb atagan.

«Kataib Hizbulloh» - Iroq shialarining harbiylashgan guruhi bo‘lib 2007 yilda Eron qo‘llab-quvvatlovi bilan tashkil etilgan.

AQSh tomoni «Kataib Hizbulloh»ni Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan qalin aloqa o‘rnatganlikda va Erondan yordam olib koalitsiya kuchlariga hujum uyushtirganlikda ayblaydi.

Amerika ma'muriyati esa Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini Yaqin Sharq hududida AQShga qarshi terrorchi guruhlar harakatlarini boshqaruv mexanizmi sifatida ko‘radi.

Mavzuga oid