Jamiyat | 20:55 / 10.01.2020
185710
3 daqiqa o‘qiladi

Mirishkordagi «ko‘rinmas odam»lar ushlandi

8 yanvar kuni Kun.uz’da Mirishkor tumanidagi Pomuq qishlog‘i aholisi bir necha oydan beri o‘g‘rilardan jabr ko‘rayotgani haqda maqola berilgandi.

Maqola e'lon qilingach ko‘p o‘tmay, Qashqadaryo viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari tahririyat bilan bog‘lanib, o‘g‘rilar qo‘lga olingani, tez orada to‘liq ma'lumot berilishini ma'lum qildi.

Bir qishloq ahlini shuncha vaqtdan beri qo‘rquvga solib kelgan, ko‘plab odamlarning mol-mulkiga chang solganlar kim?

Viloyat IIBdan olingan xabarga ko‘ra, Mirishkor tumani Pomuq qishlog‘i hududida o‘g‘irlik jinoyatini sodir etgan bir guruh shaxslar tuman IIB va fuqarolarning hamkorligi natijasida voqea joyida qo‘lga olingan.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va ulardan daliliy ashyolar sifatida 3 bosh mol, mol terilari hujjatlashtirib olingan.

Ichki ishlar idorasi tomonidan berilgan ma'lumotda qo‘lgan olinganlarning shaxsi ochiqlanmagan.

Qishloq aholisining tahririyatga ma'lum qilishicha, qo‘lga olinganlar uch nafar bo‘lib, Pomuqqa yaqin bo‘lgan Ayzabod va Jyeynov qishloqlarida yashovchi fuqarolar ekani aytilmoqda.

O‘g‘rilar qo‘lga olingan vaqtda ularning raqami yechib olingan mashinasi ichidan o‘g‘irlab ketilayotgan echkilar  ham topilgan.

Kun.uz e'lon qilgan maqola yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIBda «Jinoyat haqiqati va adolati» mavzusida brifing o‘tkazilgan. Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik X.Atanazarov raisligida o‘tgan brifingda Mirishkor tumanining Pomuq qishlog‘ida ro‘y bergan hodisalar bo‘yicha batafsil axborot berilgan. Shuningdek, maqoladagi ayrim faktlar haqiqatga mos kelmasligi aytilgan.

Mavzuga oid