O‘zbekiston | 13:10 / 13.01.2020
43742
4 daqiqa o‘qiladi

Jahongir Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri hokimligiga qayta tasdiqlandi

Bugun, 13 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yangi chaqiriqdagi ilk sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokidagi sessiya davomida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha axborot berildi. Shuningdek, kengashning reglamenti va nizomi tasdiqlandi, doimiy faoliyat yurituvchi yettita komissiyasi raislari saylandi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatga olindi.

Sessiyada ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga 48-Tinchlik saylov okrugidan saylangan deputat Jahongir Abidovich Ortiqxo‘jayevning nomzodini Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi sessiyasida tasdiqlash to‘g‘risida Taqdimnomani o‘qib eshittirdi.

«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent shahar hokimi lavozimiga taqdim etilgan nomzodini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaror bir ovozdan ma'qullandi.

Reglamentga muvofiq, sessiyada «Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashlari deputatlari Qo‘shma majlisi Maslahat Kengashi a'zoligiga nomzodni tavsiya etish to‘g‘risida»gi masala ham ko‘rib chiqildi va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori bilan taklif etilgan nomzodlar tasdiqlandi.

Abdulla Aripovning qayd etishicha, 2019 yilda poytaxtda mahalliy budjet tushumi 6,7 trln. so‘mga oshgan. 

Ma'lumot uchun, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunining 2-moddasiga ko‘ra, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.

Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.

Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining ko‘pchilik ovozini olgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, muqaddam Akfa Group kompaniyalari asoschisi va rahbari, ishbilarmon bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yilning aprel oyi oxirida Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. U 2018 yilning dekabrida Toshkent shahri hokimi lavozimiga rasman tasdiqlangandi.

Sessiya davomida xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatlari saylovi yakunlari bo‘yicha axborot berilgan. Qayd etilishicha, saylovda O‘zLiDePdan 22 nafar, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan 12 nafar, XDPdan 11 nafar, «Milliy tiklanish» partiyasidan 11 nafar hamda Ekologik partiyadan 4 nafar deputat saylandi.

Shu bilan birga, sessiyada xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlandi, shuningdek, doimiy faoliyat yurituvchi yettita komissiyaning raislari saylandi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatga olindi.

Mavzuga oid