Jahon | 10:40 / 19.01.2020
100739
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp general Sulaymoniy o‘ldirilishining yangi tafsilotlarini ma'lum qildi  

Foto: Susan Walsh/AP

AQSh prezidenti Donald Tramp Floridadagi Mar-a-Lago villasida Respublikachilar partiyasi homiylari uchun tashkil etilgan kechki ovqatda eronlik general Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilish amaliyotiga uning AQSh haqidagi nojo‘ya gaplari olib kelganini ma'lum qildi. Bu haqda tadbirda yozib olingan audioyozuvlarga tayanib The Washington Post va CNN xabar berdi. 

AQSh ommaviy axborot vositalarining ta'kidlashicha, Tramp o‘z nutqida Sulaymoniy tomonidan AQSh manfaatlari va elchixonalariga tahdid bildirilgani haqida so‘z ochmagan, vaholanki u generalning yo‘q qilinishini aynan shu sabablar bilan tushuntirgandi. AQSh prezidentining ta'kidlashicha, AQSh generalni yo‘q qilish amaliyotini o‘tkazishdan ikki hafta avval uning ortidan kuzatuv o‘rnatgan. Trampning aytishicha, kuzatuv davomida Sulaymoniy AQSh haqida nojo‘ya so‘zlar aytgani qayd qilingan. 

“U bizning davlat haqida nojo‘ya gaplar aytgan, go‘yoki biz ularga hujum qilmoqchiligimiz, odamlarni o‘ldirmoqchiligimizni aytgan. Men shunda aytdim: “Menga qarang, bu safsatani yana qancha eshitamiz?”, deb Trampning audioyozuvdagi so‘zlarini keltirib o‘tgan The Washington Post. Ta'kidlanishicha, homiylar Trampning bu gaplarini olqishlar bilan qarshilashgan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Sulaymoniyni “yo‘l chetidagi bombalar otasi” deb atagan va uning zimmasiga “qo‘l-oyog‘i yo‘q har bir qiz va o‘smir uchun” javobgarlikni yuklagan. 

Trampning ta'kidlashicha, u Oq uydagi maslahatlashuv xonasidan turib amaliyotning har bir daqiqasi ortidan kuzatgan. AQSh prezidenti yig‘ilganlarga unga amaliyotning borishi va Sulaymoniyning o‘ldirilishiga qancha qolgani haqida qanday hisobot berib borilganini tasvirlab bergan.

“[Sulaymoniy] yashashiga yana 2 daqiqa 11 soniya qoldi, ser. Ular zirhlangan avtomobilda. Ser, ularning yashashiga taxminan bir daqiqa qoldi, ser, 30 soniya. 10, 9, 8... Keyin birdaniga “bum”. Ular endi yo‘q, ser”, deb tasvirlab bergan Tramp harbiylar hisobotini. CNN’ning ta'kidlashicha, harbiylar amaliyot ortidan kameralar yordamida kuzatishgan va o‘zlari ko‘rayotganlarni Trampga tasvirlab turishgan.

Shuningdek, Tramp tadbirdagi nutqida mudofaa budjeti 2,5 trln dollargacha oshirilgani va uning pullarni sarflashi hamda AQSh qarzining tobora oshib borayotganini tanqid qiluvchilarga befarqlik bilan javob berishi bilan maqtangan.  

Qosim Sulaymoniy 3 yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dod aeroporti yaqinida amerikalik harbiylarning zarbalari oqibatida halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid