Jahon | 13:20 / 20.01.2020
6619
2 daqiqa o‘qiladi

Prodyuserlar gildiyasi 2019 yilning eng yaxshi filmi va serialini aniqladi

«Oskar» oldi tayyorgarlik.

Beverli-Hillz shaharchasida AQSh prodyuserlar gildiyasi mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Asosiy «Eng yaxshi film» nominatsiyasiga rejissyor Sem Mendesning «1917» harbiy dramasi loyiq ko‘rildi.

Nominantlar orasida «Irlandiyalik» (Irishman), «Parazitlar» (Parasite), «Bir kuni... Hollivudda» (Once Upon a Time ...in Hollywood), «Nikoh tarixi» (Marriage Story), «Joker» (Joker), «Quyoncha Jojo» (Jojo Rabbit), «Ford Ferrariga qarshi» (Ford v Ferrari) va «Mitti ayollar» (Little Women) filmlari bor edi.

Eng yaxshi animatsion film yo‘nalishida g‘oliblikni «O‘yinchoqlar tarixi 4» (Toy Story 4) egalladi. Uning raqiblari: «Yo‘qolgan halqa» (Missing Link), «Ajdahoni qanday o‘rgatish kerak 3» (How to Train Your Dragon: The Hidden World), «Muzyurak 2» (Frozen II) va «Everest» (Abominable).

Eng yaxshi mini-serial maqomi «Chernobil»ga berildi, hujjatli film yo‘nalishida g‘oliblik amerikalik astronavtlarning Oyga uchishi haqida suratga olingan «Apollon-11»ga nasib etdi. Shuningdek, «Yaramas» va «Merosxo‘rlar» seriallari ham Gildiya tomonidan mukofotlandi.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid