O‘zbekiston | 22:00 / 20.01.2020
41747
4 daqiqa o‘qiladi

Senat qo‘mitalari raislari saylandi

Yangi tarkibdagi Oliy Majlis Senatining ilk yalpi majlisida tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Senatning 8ta qo‘mitasiga, shuningdek, Reglament va odob komissiyasi raisi saylandi.

1. Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisligiga Ravshanbek Ozodbekovich Alimov nomzodi tavsiya etildi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Ravshanbek Alimovni mazkur qo‘mita raisi etib tayinlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi.

Ko‘p yillar xorijiy davlatlarda elchi lavozimlarida ishlagan, Andijon viloyatidan senator bo‘lgan Ravshanbek Alimov Tashqi ishlar vazirligining MDH davlatlari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlaydi.

2. Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisligiga Erkin Fayziyevich Gadoyev nomzodi tavsiya etildi va nomzod qo‘mita raisi lavozimiga saylandi.

Buxoro viloyatidan senatorlikka saylangan Erkin Gadoyev 2010 yildan 2018 yilgacha Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2018 yildan buyon Moliya vazirligi departamenti direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.

3. Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi lavozimiga Batir Matmuratov nomzodi tavsiya etildi.

Avvalgi chaqiriqdagi Senatda ham shu qo‘mitaga raislik qilgan nomzod bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi. U Qoraqalpog‘iston Respublikasidan senator sifatida saylangan.

4. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi lavozimiga Qutbiddin Burxonov nomzodi qo‘yildi va u ham bir ovozdan saylandi.

Toshkent viloyatidan senator bo‘lgan Qutbiddin Burxonov Senatga saylangunga qadar Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi direktoridir.

5. Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimiga Robaxon Anvarovna Mahmudova nomzodi tavsiya etildi va senatorlar tomonidan bir ovozdan ma'qullandi.

Farg‘ona viloyatidan senator bo‘lgan Robaxon Mahmudova Prezidentning Farg‘ona viloyati Xalq qabulxonasi mudiri hisoblanadi.

6. Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisligiga senator Feruza Farhodovna Eshmatova nomzodi tavsiya etildi va senatorlar uni qo‘mita raisi etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qashqadaryo viloyatidan senator bo‘lgan Feruza Eshmatova avvalgi chaqiriqdagi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo masalalari Qo‘mitasi raisi o‘rinbosari edi.

7. Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisligiga senator Baxtiyor Sayfullayevich Sayfullayev nomzodi qo‘yildi va qo‘mita raisligiga saylandi.

Baxtiyor Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori hisoblanadi.

8. Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi lavozimiga Bahodir Sa'dullayevich Tojiyev nomzodi tavsiya etildi va senatorlar uning nomzodini qo‘mita raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

Xorazm viloyatidan senator bo‘lgan Bahodir Tojiyev avvalgi chaqiriqdagi Senatda ham Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi edi.

Shuningdek, Senatning Reglament va odob komissiyasi raisi saylandi. Bu lavozimga bugun Senat raisi o‘rinbosari etib saylangan Zayniddin Nizomxo‘jayev nomzodi tavsiya etildi. Senatorlar bir ovozdan Zayniddin Nizomxo‘jayevni komissiya raisi etib saylash to‘g‘risida qaror qabul qilishdi.

Mavzuga oid