FVV: Tomskdagi yong‘inda 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi
O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Rossiya Federatsiyasi Tomsk oblastida yuzaga kelgan yong‘in bo‘yicha birlamchi ma'lumot berdi.
2020 yilning 21 yanvar kuni Moskva vaqti bilan soat 00:05da Rossiya Federatsiyasi Tomsk oblasti, Asino tumani, Prichulmsk aholi yashash punkti, Svoboda ko‘chasidagi bir qavatli yog‘ochdan qurilgan 1/3-uyda yong‘in sodir bo‘lgan.
Yong‘in natijasida, uyning 208 kv.m. maydonda tom va shift qismi yonib, qulagan. Birlamchi ma'lumotga asosan, ushbu xonadonda 12 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yashagan. Ulardan 10 nafari voqea joyida halok bo‘lgan va 2 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, javob berilgan. Ular OOO “GRINVUD” yog‘och tayyorlash kompaniyasi ishchilari bo‘lishgan.
Vafot etgan fuqarolar Tomsk oblasti Asino shahridagi tuman shifoxonasi morgida saqlanmoqda.
Mazkur holat yuzasidan voqea joyida huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi FVV, TIV, IIV hamda hududiy konsullik xizmatlari bilan hamkorlikda halok bo‘lganlarning shaxsiga aniqlik kiritish va ularni vataniga olib kelish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.