Sport | 13:02 / 21.01.2020
12422
3 daqiqa o‘qiladi

Tarjimon-murabbiy. Yo‘q, Mourino emas

Foto: Tribuna.uz

Tarjimon va murabbiy so‘zlarini birlashtirganda ko‘z oldingizga kim keladi? Bilaman, Mourino dedingiz. Ha, Joze ser Bobbi Robsonga tilmochlik qilib katta futbolga kirib kelgan.

Murabbiylarning bir vaqtning o‘zida tarjimonlik qilganini bugun o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Osiyo chempionati U-23 yarimfinalidan o‘rin olgan O‘zbekiston — Saudiya Arabistoni jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan avval har ikki jamoa bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanga Saudiya bosh murabbiyi Saad al Shehri tarjimonsiz keldi va bu vazifani o‘zi bajardi. Avvalo arab tilida kirish so‘zi qilgan murabbiy keyin so‘zlarini inglizchada gapirdi. Keyin unga saudiyalik bo‘lmagan jurnalistlar inglizchada savol berishdi. Murabbiy savolga inglizcha javob berib bo‘lgach, yangragan savol va javobni arab jurnalistlari uchun arabchaga tarjima qildi.

Arab jurnalistlari bergan savolga javob bergan murabbiy arab tilini bilmaydiganlar uchun avval savolni keyin o‘z javobini inglizchada takrorladi. To‘g‘risi, saudiyalik sobiq futbolchi bo‘lgan bu murabbiyning bir vaqtning o‘zida ham tarjimon, ham murabbiy bo‘lib savollarga javob berganiga havas qildim. Qaniydi bizning sobiq futbolchilar ham mana shunday murabbiy bo‘lib yetishsa deb o‘yladim bir lahza.

Saudiya milliy jamoasini doim xorijlik murabbiy boshqarsa ham, sobiq futbolchilar asta-sekin murabbiy sifatida yetishib chiqmoqda va ularning aksari ingliz tilida ravon gapira oladi. Esimda, Toshkentga o‘z jamoasi bilan kelgan sobiq futbolchi bo‘lgan murabbiy Sami al Jabr ham shu xislati bilan yodda qolgandi. U «Bunyodkor»ning oxirgi daqiqalarda gol urayotgani haqida savol bergan o‘zbek jurnalisti keltirgan faktni tuzatib ham ketgandi. O‘shanda Sami al Jabr raqibni shunchalik yaxshi o‘rganganiga qoyil qolgandim.

Shu o‘rinda ertaga O‘zbekistonga raqib bo‘ladigan jamoa murabbiyi Saad al Shehri Saudiya milliy jamoasini kelajakda boshqarishi mumkin bo‘lgan nomzodlardan ekanini aytish kerak. Chunki u o‘z shogirdlari bilan 2017 yil yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga ham chiqqandi. Endi esa murabbiyning jamoasi olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish arafasida turibdi. Umid qilamiz, Saad al Shehri jamoasi Tokio olimpiadasi yo‘llanmasini Osiyo chempionatining 3-o‘rin uchun kechadigan o‘yinida qo‘lga kiritadi.

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid