O‘zbekiston | 12:24 / 22.01.2020
19137
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi sanoat korxonalari kichik halqa yo‘lidan tashqariga ko‘chiriladi

Foto: KUN.UZ

Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari kichik halqa yo‘lidan tashqariga ko‘chiriladi. Shahar hokimligidan Kun.uz’ga xabar berishlaricha, korxonalarni ko‘chirish bir yilga yaqin vaqtni olishi mumkin. 

«Avval korxonalarni inventarizatsiya qilish amalga oshiriladi, keyin Sergeli tumanidagi maxsus sanoat zonasida qurilish boshlanadi», - deya aytib o‘tdi poytaxt ma'muriyati vakili.

Masalan, Yakkasaroy kichik sanoat zonasi (sobiq Toshkent to‘qimachilik kombinati hududi)dan korxonalarni Sergelidagi maxsus sanoat zonasi hududiga joylashtirish rejalashtirilmoqda. Yerlar tadbirkorlarga xususiy mulkka bepul beriladi, mablag‘ yetishmasa, ishlab chiqarish obektlari quriladi va ularga 7 yilgacha bo‘lgan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan taqdim etiladi.

Hokimlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, poytaxtning kichik sanoat zonalari korxonalarida mehnat qiluvchi 4 mingdan ortiq kishi har kuni Toshkentga keladi. Shahardagi ekologik vaziyatni yaxshilash bilan bir qatorda, korxonalarning ko‘chirilishi yo‘llarni bo‘shatishga imkon beradi.

«Toshkent xizmat ko‘rsatish, kichik biznes va yuqori daromadli ishlab chiqarishga e'tibor qaratishi kerak», - deya ta'kidlashgan hokimlikda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid