Trampning «asr kelishuvi»: Falastinliklar armiyadan voz kechishi va o‘ziga boshqa poytaxt qurishi kerak
AQSh prezidenti Donald Tramp va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Yaqin Sharqdagi mojaroni hal etishning yangi rejasi tafsilotlarini e'lon qilishdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, 80 sahifadan iborat reja Isroilning poytaxti «bo‘linmas» Al-Quds shahrida bo‘lishini taqozo etadi. AQSh prezidenti bu holda bo‘lajak Falastin davlatining poytaxti ham sharqiy Qudsning sharqiy qismida bo‘lishini va'da bergan.
«Mening his qilganlarim har ikki tomon uchun ham manfaatli, ikki davlat tuzilishi asosidagi haqqoniy yechim bo‘lib, u Isroil xavfsizligi uchun Falastin davlatchiligidan keladigan xavfni bartaraf etadi, — degan Tramp. — Bugun Isroil tinchlik uchun ulkan qadam tashladi. Kecha bosh vazir Netanyahu bu hislarimni falastinliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun asos sifatida qo‘llab-quvvatlashni istayotgani haqida gapirib o‘tdi. Bu tarixiy ilg‘orlash».
Trampning aniqlik kiritishicha, uning rejasi amalga oshishi natijasida na isroilliklar, na falastinliklar o‘z uylarini tark etishadi.
Seshanba kuni minglab falastinliklar hali reja rasman e'lon qilinmasdan Tramp takliflariga qarshi norozilik namoyishlariga chiqishdi.
Amerika prezidentining chiqishidan so‘ng Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos «Quds sotilmasligi»ni hamda Tramp va Netanyahuning kelishuvini Falastin xalqi «tarixning chiqindi chelagiga uloqtirishi»ni ta'kidlagan.
«Biz tiz cho‘kmaymiz va taslim bo‘lmaymiz. Falastin masalasini bartaraf etishga yo‘naltirilgan fitnalar, kelishuvlar va rejalar barbod bo‘lishi muqarrar», — degan u.
Abbos bu holatda falastinliklar muzokaralarga tayyor ekanligini ta'kidlagan, lekin AQSh yoki Tramp rejasi asosida emas, faqat Yaqin Sharq kvarteti bilan birgalikda.
Falastinliklar o‘z davlati 1967 yilgi chegaralar bo‘yicha tan olinishini istaydi. Isroilliklar bunga qat'iyan qarshi.
Manzilgohlarni nima qilish kerak?
AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Isroil ilk marta «tinchlik manfaati yo‘lida o‘zi rozi bo‘lgan hududiy yon berishlarni tasvirlovchi konseptual xarita»ni e'lon qilishga rozi bo‘lgan. Bu xaritani AQSh prezidenti o‘z tvitterida e'lon qilgan.
I will always stand with the State of Israel and the Jewish people. I strongly support their safety and security and their right to live within their historical homeland. It's time for peace! pic.twitter.com/lKwQ9IKTUG
— Donald J. Trump (@realDonaldTrump) January 28, 2020
Netanyahu Vashington Isroilning Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi manzilgohlarga bo‘lgan huquqini tan olish taraddudida ekaniga shama qilgan.
«Bu kun siz xavfsizligimiz uchun nihoyatda muhim bo‘lgan va tarixiy merosimizda markaziy o‘rin tutadigan Iudeya va Samariya hududlari [G‘arbiy sohildagi hududlarning Injilda qayd etilgan nomlari] ustidan Isroilning suverenitetini tan olgan jahondagi ilk yetakchi bo‘ldingiz», — degan Netanyahu.
Tramp rejasi bilan yaxshi tanish bo‘lgan Reyter agentligi manbalarining aytishicha, AQSh Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan manzilgohlarni tan olishga tayyor. Shu ma'lumotlarga ko‘ra, Isroil buning evaziga to‘rt yil muddatga — Falastin davlatini tashkil etish borasida muzokaralar olib borilayotgan chog‘da yangi manzilgohlar qurilishini muzlatadi.
Trampning ta'kidlashicha, tinchlik rejasiga ko‘ra Falastin hududi qariyb ikki borabar oshadi, Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i ikkiga bo‘linmaydi. «Biz bo‘lajak Falastin davlatida chegaradosh hududlar yaratish ustida ish olib boramiz. Bunday hududlar davlatchilik uchun shart-sharoitlar qoniqarli bo‘lganda, jumladan, terrorizmdan butkul xalos bo‘linganda paydo bo‘ladi», — degan Tramp.
Ayni paytda Falastin hududlari umumiy chegaraga ega bo‘lmagan ikki qismdan iborat: HAMAS tomonidan idora etiluvchi G‘azo sektori, shuningdek, Mahmud Abbos rahbarligidagi hokimiyat idora etuvchi Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i. Bu yerda Isroil qo‘shinlari ham bor.
HAMAS allaqachon Trampning rejasini rad etishini e'lon qilib bo‘lgan.
Rejaning boshqa detallari:
- Falastinliklar tajovuzkorlikni yig‘ishtirib, isroilliklarga hujum qilgan insonlarning oilalarini moliyalashtirishni bas qilishlari kerak;
- Tramp yangi Falastin davlatiga 50 milliard dollar investitsiya va'da qilmoqda. AQSh prezidentiga ko‘ra, bu 1 million yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘mak beradi;
- Qudsi Sharifdagi musulmonlar va yahudiylar muqaddas obektlar bo‘lgan Al-Haram tepaligi o‘zgarishsiz qolishi kerak.
Yaqin Sharq mojarosini hal etish bo‘yicha rejani Trampning kuyovi va maslahatchisi Jyerad Kushner ishlab chiqqan. U e'lon qilinmasdan avval jahonning bir qator nashrlari reja mutlaq Isroil manfaatlarini ko‘zlab, Falastin tomonining manfaatlari minimal qilib tuzilgan bo‘lishini taxmin qilishgan edi.
Bu taxminlar foydasiga Falastin muxtoriyati vakillari Vashingtonga hujjatning taqdimot marosimiga taklif etilmagani ham guvohlik berib turibdi.
Jyeremi Bouen, BBC’ning Yaqin Sharq bo‘limi muharriri:
«Isroilliklarning aksariyati sionizm va yahudiylar davlatining barpo etilishi ta'qib ostida bo‘lgan xalqning tarixiy va diniy vataniga qonuniy qaytishini ifodalashini ta'kidlashadi. Falastinliklarning katta qismi sionizm ularning yerlarini mustamlakaga aylantirish va yerlarini o‘g‘irlashga sabab bo‘lganidan e'tiroz qilishadi.
Siz bu masalaga qay tomondan qaramang, bu bahsning yakuni — ikkinchi yuz yillikda ham davom etayotgan mojaro bo‘lib chiqaveradi. U dam so‘nadi, dam yangi kuch bilan alangalanadi.
Shu o‘tgan yillar ichida isroilliklar va falastinliklar o‘rtasida vositachi bo‘lib chiqayotgan AQSh uchun ustuvor vazifa aynan Isroilning istaklari, ular tomonidan yon berishlarning so‘nggi chegarasi, ayniqsa, yahudiylarning xavfsizligi bo‘lib kelgan.
Biri birini almashtirgan Amerika prezidentlari tinchlikka erishish uchun tinchlik jarayonlarida falastinliklar ham isroilliklar bilan bab-baravar ishtirok etishlari muhim ekanligini tushunib kelishgan. Garchi AQSh falastinliklarga teng suverenitet taqdim etishga tayyor bo‘lmasa ham».
Netanyahu Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Vashingtondan Moskvaga uchadi. Uchrashuvda Trampning tinchlik rejasi hamda Isroil va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama etiladi, — degan BBC muxbiriga Isroil bosh vaziri idorasining vakili.
Oslodagi maxfiy muzokaralar
Falastinliklar va isroilliklar mojaroni hal etishga qariyb 30 yil muqaddam juda yaqin kelishgan. 1993 yilda Osloda o‘tgan maxfiy muzokaralarda Isroil tashqi ishlar vaziri Shimon Peres va o‘sha vaqtda Falastin muxtoriyati hukumati rahbari Mahmud Abbos gaplashishgan.
Dastlabki bitim 1993 yilning avgustida imzolangan, sentabr oyi boshida Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin va Falastin ozodligi tashkiloti yetakchisi Yosir Arofat o‘zaro tan olish haqidagi do‘stona nomalarni almashishgan.
O‘shanda Isroil ilk marta Falastin ozodligi tashkilotini falastinliklarning muzokaralardagi legitim vakili sifatida tan olgan.
1993 yil sentabr oyining o‘rtalarida Oq uy o‘tlog‘ida prezident Bill Klinton ishtirokida Rabin va Arofatning tarixiy qo‘l siqishlari fototasmaga muhrlangan.
Biroq ko‘p o‘tmay Ishoq Rabin Falastin tomoni bilan muloqot o‘tkazishga qarshi chiqqan Isroilning ultrao‘ng qanoti vakili tomonidan Tel-Avivda o‘ldiriladi.