Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Grandlar uchun qora kun: Ispaniya Kubogida intriga tugadi
«Barselona» yanvar oyi boshida Ispaniya Superkubogini yarimfinaldayoq tark etgani tufayli muxlislar qo‘shimcha klasikodan bebahra qolishgandi, mamlakat kubogi chorak finalida esa ikki favorit sinxron ravishda «Real Sosedad» va «Atletik»ga yutqazishdi.
Zidanning kuboklardagi muvaffaqiyatsizligi
Ispaniya Kubogi. 1/4 final
«Real» — «Real Sosedad» — 3:4 (0:1)
Gollar: Edegor, 22 (0:1). Isak, 54 (0:2). Isak, 56 (0:3). Marselu, 59 (1:3). Merino, 69 (1:4). Rodrigu, 81 (2:4). Nacho, 90+3 (3:4).
«Real»: Areola, Serxio Ramos, Marselu, Nacho, Eder Militau, Kroos, Xames Rodriges (Modrich, 46), Dias (Yovich, 76), Valverde (Rodrigu, 76), Benzema, Vinisius Junior.
«Real Sosedad»: Remiro, Monreal, Elustondo, Gorosabel, Le Norman, Merino, Subeldiya, Yanuzay (Barrenechea, 46), Edegor (Gevara, 64), Oyarsabal, Isak (Ayyen Munos, 70).
Ogohlantirishlar: Edegor, 11. Le Norman, 19. Subeldiya, 66. Eder Militau, 77. Gorosabel, 86. Vinisius Junior, 90+4.
Chetlatish: Gorosabel, 90+5.
Hakam: Mateu Laos.
6 fevral. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.
«Santyago Bernabeu»da basklar bilan oldingi chorak final duelini madridliklar yaxshi xotira bilan eslashadi. 1953 yilda bo‘lgani kabi, 1993 yilda ham mehmonlar 4:0 hisobida tor-mor etilgan, o‘sha mavsumda «Qirollik klubi» maqomiga ko‘ra ikkinchi o‘rinda turuvchi milliy kubokni qo‘lga kiritgandi. Ammo payshanba oqshomida «Real Sosedad» kaltaklanadigan bolaga o‘xshamasdi, bu jamoa bir necha kun oldin ichki chempionatda autsayder «Leganes»ga qarshi irodasiz o‘yin ko‘rsatib mag‘lub bo‘lgan jamoa emasdi.
O‘yinning birinchi bo‘limida mehmonlarning hujumlari favoritning tartibli pozitsion hujumlaridek edi. O‘yinning ilk daqiqalaridanoq bo‘lajak qahramon Aleksander Isak faol harakat qildi, u avvaliga Yanuzay uchun golli vaziyat yaratdi, bu vaziyatda belgiyalik futbolchining zarbasiga Militao oyoq qo‘yishga ulgurdi, keyin uzoq masofadan mezbonlar darvozabonini sinab ko‘rdi. Areola uning zarbasini qaytardi, ammo takroriy zarba bergan Edegor osonlik bilan hisobni ochdi. Paradoks: norvegiyalik futbolchi «Santyago Bernabeu»da ilk golini urdi, ammo o‘z transfer huquqi tegishli bo‘lgan «Real» uchun emas, uning darvozasiga. Tabiiyki, u bu golni nishonlamadi.

16 yoshida katta shov-shuvlar bilan Madridga kelgan va «Qirollik klubi»ning asosiy tarkibida o‘ynagan skandinaviyalik futbolchi 21 yoshga chiqdi. Bir tomondan, bu yaxshi voqea, ammo bir an'anani qayd etish kerak. Bu mavsumda Madridda jamoaning sobiq futbolchilaridan to‘rt nafari gol urishga erishdi, Edegordan avvalroq Villian Joze, Borxa Mayoral va Pablo Sarabiya Madriddagi muxlislarni ranjitgandi. Agar Isak qulay vaziyatlarni ko‘kka sovurmaganida, basklar tanaffusgacha ham hisobni yirik ko‘rinishga keltirgan bo‘lardi.
Aftidan, tanaffus vaqtida shvetsiyalik qora tanli futbolchi nishonga olishni qayta mashq qilgan, u ikkinchi bo‘limda Edegorning dohiyona uzatmasini yo‘qqa chiqarmadi. Lekin bu chiroyli golni VAR ofsayd tufayli bekor qildi, ammo mehmonlar ikkinchi golni uzoq kuttirishmadi. Isak havodagi to‘pni to‘xtatmasdan raqib darvozasining yuqori uzoq burchagiga yo‘naltirdi. «Realu»ga hech kim yordam bera olmay qoldi, zaxiradan tushirilgan Modrich ham qutqara olmasdi, ikki daqiqa o‘tib Isak yaqin burchak «to‘qqizligi»ni nishonga olib, dublni rasmiylashtirdi.
Nazariy jihatdan Madridni faqat mo‘jiza qutqarib qolishi mumkin edi, ammo buning uchun Marselo nafaqat gol urishi, balki himoyadagi ishlarini ham to‘g‘ri bajarishi talab etilardi. Ammo u o‘z qanotida Isakni o‘tkazib yubordi, bu vaziyatda u «Real» markaziy himoyachilari ham mashg‘ulot manekenini eslatardi va Merino qarshiliksiz to‘rtinchi golni urdi. Bu vaqtda o‘yinning 69-daqiqasi davom etayotgan, madridliklar Zinedin Zidan davrida birinchi marta bir o‘yinda o‘z darvozasidan to‘rt gol o‘tkazishi edi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda jamoa yirik mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, lekin mavsumda uy o‘yinlaridagi ilk mag‘lubiyatdan qutula olmadi.
Zidan o‘zining futbolchilik faoliyatida ham, murabbiylik faoliyatida ham hali biror marta milliy kuboklarda g‘alaba qozona olmagan va bu noxush an'ana joriy mavsumda ham davom etadi - bu yildan Ispaniyada kubok o‘yinlari yarim finalga qadar bir o‘yindan iborat bo‘ladi. Mehmonlar esa g‘alabani uzoq nishonlashdi, kiyim almashtirish xonasidan maydonga qaytib, «Santyago Bernabeu»ni hali tark etmagan muxlislari bilan jo‘r ovozda kuylashdi.
LOLOLOLOLOLOLOLO
— Real Sociedad Fútbol (@RealSociedad) February 6, 2020
LOLOLOLOLOLOLO
LOLOLOLOLOLOLOLOLO
LOLOLOLOLOLOLO!!!!!
Beti egongo gara zurekin!!! 💙#AurreraReala pic.twitter.com/OFRYpOI7Kz
Zabt etib bo‘lmas Bilbao

Ispaniya Kubogi. 1/4 final
«Atletik» — «Barselona» — 1:0 (0:0)
Gol: Buskets, 90+3 — avtogol.
«Atletik»: Simon, Berchiche, Inigo Martines, Kapa, Alvares, Nunes, Raul Garsiya (Ibai Gomes, 89), Dani Garsiya, Vesga (San-Xose, 66), Iker Muniain (Aduris, 77), Inyaki Uilyams.
«Barselona»: ter Shtegen, Pike (Yumtiti, 80), Jordi Alba, Semedu, Langle, Rakitich (Artur, 70), Buskets, Serji Roberto, de Yong, Messi, Fati (Grizmann, 57).
Ogohlantirishlar: Semedu, 6. Messi, 39. Jordi Alba, 40. Alvares, 44. Vesga, 53. de Yong, 57. Dani Garsiya, 64. Pike, 72. Artur, 82.
Hakm: Martines Munuera.
6 fevral. Bilbao. «San-Mames» stadioni.
Barcha Messining «Barselona»dan ketishi bilan bog‘liq fantastik ssenariylarni tuzayotganida, uning klub sport direktori Erik Abidal bilan ziddiyati muhokamasi davom etayotganida, Leo mutlaqo xotirjam tarzda maydonga tushib keldi. «San-Mames»ga kirib kelayotganida argentinalik futbolchi fotomuxbirlarga jilmayib qaradi, bu vaqtda mehmonlardan hech kim mavsumning ochilish o‘yinida ko‘k-anorranglilar Bilbaoda faxriy hujumchi Adurisning golidan keyin mag‘lub bo‘lganini eslamas edi.
Aftidan Messida sog‘liq bilan bog‘liq muammolar bo‘lgani haqidagi xabarlar o‘zini oqlamadi. Sardor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushib, Grizmann zaxirada qolgani tufayli «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyasidan o‘rin egalladi. Birinchi bo‘limda «Barsa» hujum chizig‘idagi eng xavfli futbolchi Fati edi. Vaziyatlardan birida u joyida 180 darajaga aylanib, o‘zini qo‘riqlayotgan raqibni hamda darvozabonni chalg‘itdi va to‘pni bo‘sh qolgan burchak tomon yo‘naltirdi, ammo to‘p yo‘liga boshqa bir himoyachi Nunes chiqib keldi. Javob hujumi vaqtida basklar ter Shtegen tomonidan berilgan sovg‘ani qabul qila olishmadi, germaniyalik darvozabon to‘pni uzoqlashtirishda xato qilib, uni Raul Garsiyaning oyoqlariga tashlab berdi. Ammo bunday bo‘lishini kutmagan va shoshib qolgan futbolchi to‘pga zarba berishda adashdi, Uilyamsning goli esa ofsayd tufayli bekor qilindi.
10' ¡Gol anulado a @Williaaams45 por fuera de juego!
— Athletic Club (@AthleticClub) February 6, 2020
0-0 I #AthleticBarça 🏆 pic.twitter.com/E8Y1S2iXrJ
Umuman olganda, o‘yin teng kuchlar ostida kechdi. «Barsa» vaqti-vaqti bilan o‘z darvozasi tomonda raqib pressingidan chiqib ketishda muammolar paydo bo‘la boshladi. Ter Shtegen asabiylashishda davom etdi va xatolarga yo‘l qo‘ydi. Katalonlar hujum chizig‘ida esa vaziyatni yakunlab beruvchi hujumchi yetishmadi. O‘yinning bir soati ortda qolgan vaqtda hujumda kutilmaganda de Yong paydo bo‘ldi. Niderlandiyalik futbolchi darvozabonni aldab o‘tdi, ammo keyin yiqilib, faqat simulyatsiya uchun sariq kartochka olishga erishdi. Yaxshiyamki, arbitr uni qattiqroq jazolamadi, Frenki bir necha daqiqa o‘tib raqib jarima maydonida yiqilgandi.

Grizmann maydonga tushirilgach, mehmonlar «Atletik» darvozasini qamal qila boshlashdi. Fransuz futbolchining uzatmasi darvozabon hududida to‘pni kutib turgan de Yongga borayotganida Nunes yana bir marta basklarni qutqardi. «Barsa» o‘yinini yana bir joker — Artur ham kuchaytirdi. Avvaliga u uzun uzatmasi bilan Serji Robertoni oldinga tashladi, u esa Grizmanni zarba berish nuqtasiga chiqardi. Keyin braziliyalik futbolchi o‘zi raqib jarima maydoniga kirib borayotgan Messini topdi. Bu vaziyatda sardor o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo Simon xavfli zarbani oyoqlari bilan qaytarib yubordi.
O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalar boshlanganida, «Atletik» avgustda bo‘lgani kabi mo‘jiza sodir etdi. Bu vaqtda Pike jarohat tufayli maydonni tark etgan, uning o‘rniga himoyachilarga yordamga kelgan Buskets esa Uilyamsga to‘pni darvozaga yo‘llashiga xalal bera olmadi.
Ikkinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazganiga qaramay, «Barsa»ning unikal seriyasi to‘xtatildi, jamoa bungacha olti mavsum davomida Ispaniya Kubogida finalga qadar yetib borgandi. Umuman, bu mavsumdagi turnir — so‘nggi yillardagi eng sensatsiyalisi bo‘lmoqda: «Real», «Barselona» va «Atletiko» jamoalarining hech biri yarim finalgacha yetib bora olmagani 2003 yilda kuzatilgandi.
Shu tariqa, Ispaniya Kubogi tugadi desa ham bo‘ladi. Turnir finali 18 aprel kuni Sevilyada bo‘lib o‘tadi. Ammo keng omma uchun — bu yakun. Yarim finalda yoki finalda «Barselona» — «Real» yorlig‘i bo‘lmaydi. Umuman, yarimfinalda ispan megagrandlaridan hech biri bo‘lmaydi. So‘nggi marta bunday holat 10 yil muqaddam ro‘y bergandi.
Mavzuga oid
10:44 / 26.05.2025
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari
09:45 / 25.05.2025
«Bernabeu» Modrich va Anchelotti bilan xayrlashdi. «Real» fanatlari ko‘z yoshlarini tiya olmadi
20:38 / 22.05.2025
Modrich «Real»ni tark etadi
11:33 / 19.05.2025