«Ukraina xalqiga o‘zbek taomlarini tortiq qilyapmiz» - andijonlik oshpaz Kiyevda
O‘zbekistonlik oshpaz Ukraina poytaxtida bir necha yillardan beri o‘zbek taomlarini mahalliy xalq va xorijlik mehmonlarga tortiq qilib kelmoqda.
Ukrainada o‘zbekistonlik talabalar, turli kasb egalari va tadbirkorlar talaygina. Kun.uz muxbirlari Kiyev shahriga safari davomida o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bilan uchrashib, suhbatlashishga muvaffaq bo‘lishdi.
Ulardan biri – 46 yoshli andijonlik oshpaz Sanjar Sobirjonov. U bir necha sheriklari bilan 7-8 yildan beri Kiyev shahrining «Metrograd» savdo markazida «IZYuM – Uzbetska kuxnya» nomli kafe ochib, tadbirkorlik qilyapti. Hamyurtlarimiz «Halol» standarti asosida tayyorlangan o‘zbek taomlarini mahalliy xalq va xorijiy mehmonlarga tortiq qilishmoqda.
«Biz mana bir necha o‘zbekistonlik yigitlar bilan Ukraina poytaxti Kiyev shahridagi katta savdo markazlaridan birida, o‘zbek xalqining milliy taomlari bilan boshqa xalqlarni tanishtirish maqsadida halol oshxonasini ochganmiz.
7-8 yildan beri shu yerda ishlaymiz. O‘zim Andijonning Asaka tumanidagi savdo texnikumini tugatganman, kasbim oshpaz. Shu yerda osh, sho‘rva, lag‘mon, manti kabi o‘zbek milliy taomlarini «Halol» sertifikati asosida taklif qilyapmiz. Menimcha, hammaga ma'qul kelyapti.
Oshxonamizda shikoyat daftarchasi bor. Ammo ichiga faqat minnatdorchilik so‘zlari yozilgan. Birorta norozilik shikoyati tushgani yo‘q. Yaxshi mehnat qilib, o‘zimizning, xalqimizning obro‘sini tushirmaslikka harakat qilyapmiz.
Albatta uzoqda bo‘lsak ham, O‘zbekistondagi vaziyatni kuzatib boramiz. So‘nggi o‘zgarishlar bilan qiziqamiz. Ijobiy o‘zgarishlar bo‘lyapti, bundan xursandmiz.
Ukraina xalqi mehmondo‘st, ochiqko‘ngil, muomalali, samimiy xalq ekan. Shu tomondan o‘zbek xalqiga o‘xshab ketadi. Bu yerda odamlar bilan til topishish oson bo‘ldi.
Kelgusida hech kimning oldida xijolat bo‘lmaydigan holda yashab, qo‘limizdan kelgancha xizmat qilib, xalqning duosini olishni maqsad qilganmiz», – deydi Sanjar Sobirjonov.
Ma'lumot o‘rnida, «Metrograd» Kiyev shahridagi yer ostida joylashgan 2 qavatli yirik savdo markazi hisoblanadi. Uning maydoni 1 gektar bo‘lib, bu yerda turli mahsulotlar bilan savdo qiluvchi do‘konlar, ovqatlanish shoxobchalari, ko‘ngilochar maskanlar joylashgan. Tashrif buyuruvchilarning o‘rtacha kundalik oqimi 50 mingga yaqin.
Nurmuhammad Said, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.