O‘zbekiston | 07:40 / 10.02.2020
41416
8 daqiqa o‘qiladi

Prezident bo‘sh turgan obektlarga aloqador yangi qaror imzolaydi

Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Prezidentning “Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalari negizida muassasa shaklida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi;

“O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining binolaridan foydalanish direksiyasi” davlat unitar korxonasi negizida muassasa shaklida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Binolardan foydalanish direksiyasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

mulkchilik shaklidan qat'iy nazar barcha toifadagi bo‘sh turgan noturar bino va inshootlar, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish;

bo‘sh turgan obektlarni monitoring qilish, ularning ishga tushirilganligi hisobini yuritish;

bo‘sh turgan davlat obektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish;

davlat mulkini ijaraga berish;

davlat mulki bo‘lmagan obektlarni ularning mulkdorlarining ixtiyoriga ko‘ra ijaraga berishda qatnashish.

Quyidagilar:

Markazning markaziy apparati tuzilmasi tasdiqlanadi;

Markazning boshqaruv xodimlari cheklangan soni 377 nafar, shu jumladan, markaziy apparati – 20 nafar etib belgilanadi;

Agentlikning Bo‘sh turgan davlat obektlarini aniqlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish boshqarmasining 8 ta shtat birliklari qisqartirilib, Markazga o‘tkaziladi;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalaridan 5 tadan, jami 70 ta shtat birliklari Markazning hududiy boshqarmalariga o‘tkaziladi;

Markazning markaziy apparati moddiy ta'minoti va 9 ta shtat birligi Davlat budjetidan, hududiy boshqarmalarining 70 ta shtat birligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlardan, qolganlari Markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Markaz rahbariga quyidagi huquqlar beriladi:

zarur hollarda Agentlik direktori bilan kelishgan holda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Markazning tasdiqlangan tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish;

Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tuzilmalarini va boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

markaziy apparat va hududiy boshqarmalarda markazning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanish bo‘yicha namunaviy tarkibdagi idoralararo komissiyalar tuziladi.

Idoralararo komissiyalar rahbarlari etib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.

Idoralararo komissiyalarga quyidagilar amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklatiladi:

tegishli hududdagi bo‘sh turgan obektlarni aniqlash va ularni xo‘jalik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha mahalliy hokimliklar va davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish;

bo‘sh turgan obektlarning mulkdorlarga nisbatan davlat soliq xizmati organlari tomonidan qo‘llanilayotgan ta'sir choralarini nazoratini olib borish;

bir oyda kamida bir marta tuman/shahar hokimlarining bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha hisobotlarini eshitib borish.

Quyidagilarga:

idoralararo komissiyalar rahbarlariga – o‘z faoliyatida xolislik va ochiqlik prinsiplariga amal qilib, bo‘sh turgan obektlarni tiklash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligiga alohida e'tibor qaratgan holda, komissiyaga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning so‘zsiz va sifatli bajarilishi uchun;

tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlariga – bo‘sh turgan obektlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshiradigan mulkdorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashish, shuningdek, ularda yuzaga keladigan muammoli masalalarni hal etish uchun;

Markazga – idoralararo komissiyalarning ishchi organi funksiyalarini bajarish uchun;

Davlat soliq qo‘mitasiga – bo‘sh turgan obektlarning mulkdorlarga nisbatan belgilangan tartibda ta'sir choralarining o‘z vaqtida va so‘zsiz qo‘llanilishi uchun;

idoralararo komissiyalar va ishchi guruhlar a'zolariga – o‘zlari vakil bo‘lgan davlat boshqaruvi organi va tashkilotlarning mas'uliyat sohalari bo‘yicha javobgarlik yuklanadi.

Belgilanishicha:

vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, mansabdor shaxslar, shuningdek, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar Markazning talabiga binoan unga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur ma'lumotlarni taqdim etishlari shart;

Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita Agentlik direktoriga bo‘ysunadi va hisobot beradi;

Markaz rahbari maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha Agentlik direktori o‘rinbosariga, Markaz va uning hududiy boshqarmalari xodimlari tegishlicha Agentlik va uning hududiy boshqarmalari xodimlariga tenglashtiriladi hamda ularga Agentlik xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari qo‘llaniladi;

Davlat mulkini ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar Markaz va uning hududiy boshqarmalarini moddiy-texnik ta'minlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish uchun sarflanadi;

Markaz tugatilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” davlat unitar korxonalarining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Markaz rahbari Agentlik direktorining taqdimnomasiga asosan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

Markaz rahbari bo‘sh turgan obektlardan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha unga yuklangan vazifalar to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.

Quyidagilar Markaz va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatining joriy ta'minoti va moliyalashtirish xarajatlari (ish haqi, mukofotlar, ustamalar va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga olgan holda) manbalari etib belgilanadi:

Davlat budjeti mablag‘lari;

davlat mulki ijarasidan tushadigan mablag‘lar;

Agentlikning budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Markaz va uning hududiy boshqarmalari o‘ziga yuklatilgan vakolatlarga muvofiq sudlarga ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da'volar bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Markaz beg‘araz foydalanish huquqi asosida Toshkent shahri, A.Temur ko‘chasi, 6-uy manzili bo‘yicha, Markazning hududiy boshqarmalari Agentlikning hududiy boshqarmalari binosiga joylashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid