Sport | 09:33 / 13.02.2020
10891
7 daqiqa o‘qiladi

Bekhemda muammo. Uning klubi nomlanishini o‘zgartirishga majbur qilishmoqchi

Mart oyidan boshlab Devid Bekhem egaligidagi «Inter Mayami» klubi MLSda o‘z ishtirokini boshlaydi. Bu voqeaga uzoq tayyorgarlik ko‘rildi: klub ligada oldinroq qo‘shilishi kerak edi, ammo har safar sobiq futbolchi oldida muammolar qalqib chiqardi. Gohida stadion bilan, gohida esa biznes-hamkorlar bilan. Nihoyat, bu yil Bekhemning rejalari amalga oshish arafasida.

 «Inter Mayami» uchun qurilgan stadion deyarli tayyor holga keldi. Arena 2021 yilda foydalanishga topshiriladi. Ungacha esa klub eski «Mayami Fyuj Lokhart» stadionida to‘p suradi. «Inter Mayami» yangi mavsumdagi ilk uchrashuvini aynan ushbu stadionda 14 mart kuni «LA Gelaksi» klubiga qarshi o‘tkazadi.

Yangi stadion «Mayami Fridom Park» deb nom olib, arena ichida futbol maydonlari, park, restoranlar va hattoki mehmonxona ham o‘rin oladi.

 Bekhem jamoasining asosini bungacha MLSda to‘p surgan tajribali futbolchilar va yosh janubiy amerikalik o‘yinchilar tashkil etadi. Bekhem o‘z klubiga Yevropadan nomdor futbolchilar - Edison Kavani, Jo Hart, Luis Suares va hattoki Leo Messini olib kelmoqchi ekanligi haqida xabarlar tarqalgandi. Jamoaning ayni damdagi murabbiyi urugvaylik mutaxassis Diyego Alonsodir.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Bosses in the 🏡 Jorge Mas and @davidbeckham take in the view from the Safe standing supporters section located in the North Stand of #InterMiamiCF Stadium. Built at a 34 degree incline, the section is the maximum steepness permitted by MLS- ensuring an intimidating experience for visiting teams. Tag two friends that will have this section 🔥on March 14th ⤵️ ————————————— Los Jefes en casa. Jorge Mas y David Beckham admiran la sección a-pie de la Hinchada en el Fondo Norte del estadio #InterMiamiCF. Construida con una inclinación de 34 grados, esta hecha para crear una experiencia intimidante para los equipos visitantes. Taggea a dos amigos que traerán 🔥 el 14 de Marzo.

A post shared by Inter Miami CF (@intermiamicf) on

 MLSda ishtirok etish uchun ham klub o‘z akademiyasiga ega bo‘lish shart edi. Devid bu muammoni hal etib bo‘ldi – klub 2019 yilda «Inter Mayami» akademiyasi ochilganligini e'lon qildi. Bugunga kelib akademiyada U-12, U-19 yoshli guruhlar shug‘ullanmoqda.

 Yillik abonementlar ham allaqachon sotuvga chiqarilgan. Eng arzon yillik chipta narxi – 25 AQSh dollarini tashkil etadi. Klub yangi forma taqdimotini ham o‘tkazib bo‘ldi. Adidas brendiga tegishli klub ramzi tushirilgan futbolkalar sotuvi allaqachon boshlangan.

 Devid Bekhem MLSda ishtirok etish barcha talablarni bajardi, klub ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganida, kutilmaganda yana bir muammo chiqdi: Milanning «Inter» klubi Bekhem jamoasi ustidan sudga murojaat qildi. E'tiroz sababi – klubning nomlanishidir.

 2018 yilda Florida klubi o‘ziga «Inter Mayami» deya nom qo‘ygach, Milanning «Inter» klubi sudga murojaat qilgandi. Gap shundaki, Italiya klubi 2014 yilda AQShda «Inter» savdo belgisini ham ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lgan.

MLSning o‘ziga xos huquqiy jihatlari bois, «Inter» hozirda klub bilan emas, MLS ligasi bilan sudlashmoqda. Dastlabki bosqich milanliklarning g‘alabasi bilan tugagan. MLS jahon bo‘ylab juda ko‘p jamoalar «Inter» nomi ostida to‘p surish vajini keltirishga uringan bo‘lsa-da, klubni nomlash huquqini isbotlay olmagan. Natijada, «Inter» Bekhem klubi ustidan dastlabki sud ishini yutdi. Endi «Inter Mayami» klubi tez orada o‘z nomini boshqa nomga almashtirishga majbur etilishi mumkin.

 Vaziyatdan xabardor bo‘lgan amerikalik advokat Devid Uinkerning aytishicha, suddagi ishlar «Inter Mayami»ning foydasiga ishlayotgani yo‘q va tez orada sud MLSga ushbu klub nomini o‘zgartirish bo‘yicha qaror chiqarishi mumkin. Devid Bekhem mavsum boshlanmasdan bu masalani ham yechishi kerak bo‘ladi. 

 

Mavzuga oid