Light | 15:32 / 20.02.2020
43613
4 daqiqa o‘qiladi

Foto: Laylaklar O‘zbekistonda qishlamoqda

So‘nggi yillarda O‘zbekistonning turli hududlarida laylaklar qishni ham shu o‘lkada o‘tkazishayotgani kuzatilmoqda. Bu iqlim o‘zgarishi oqibatimi?

Qishning qoq chillasida Andijon viloyatining Buloqboshi tumanidan o‘tgan yo‘l bo‘yidagi qishloqlarda ajoyib go‘zalliklarga guvoh bo‘lish mumkin.

Uyali aloqa operatori antennasida yoki yo‘l bo‘yidagi simyog‘ochlarda ko‘plab laylaklar inlari bor.

Laylak asli issiqsevar qush va havo harorati sovishi bilan issiq o‘lkalarga uchib ketadi. Biroq so‘nggi yillarda ular O‘zbekistonda qolishni ma'qul ko‘rmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, qadimdan Yevropa laylaklari qishda Afrikaga, Markaziy Osiyodagi qushlar esa Hindistonning g‘arbiy qismiga uchib ketishni odat qilishgan.

«Farg‘ona vodiysida ayrim juftlar sovuq faslda ham qolayotganiga guvohmiz. Aslida laylaklar issiq faslda kelib, tuxum qo‘yib, bola ochib so‘ng sentabr-oktabr oylarida uchib ketardi», deydi Andijon davlat universiteti o‘qituvchisi, dotsent Anvarjon  Ummatov.

Mahalliy aholi vakillaridan birining aytishicha, laylaklar so‘nggi besh yil davomida migratsiya qilmay qo‘yishgan.

«Besh yildan beri laylaklar ketmay qo‘yishdi. Ertalab kun isishi bilan ozuqa izlab uchib ketishadi. Tushga yaqin kelib, tumshuqlarini taqilatib, dam olishadi. O‘zimizning qadrdon laylaklar. Qishloq ahli ularning harakatlarini zavqlanib kuzatamiz», deydi shu yerlik otaxon.

Namangan viloyati Uychi tumani To‘qay qishlog‘i yo‘l chetidagi qator elektr simyog‘ochlarida ham laylak uyalarini ko‘rish mumkin.

«Uch yildan beri uch jufti har yili qoladi. Tuxum qo‘yib ochgan paytda yo‘l chetiga yo‘lovchilar to‘planib, bolasiga uchishni o‘rgatayotganini tomosha qilishadi», deydi To‘qay qishlog‘ilik Akramjon Musaxanov.

Soha odamlarining aytishicha, laylaklar qishda kuchli sovuq bo‘lmasa qiynalmas ekan. Ularning patlari issiq saqlaydi. Patsiz oyoqlari esa, ulardagi boshqa turlarga o‘xshamagan qon aylanish tizimi tufayli sovqotmaydi. Tumshuqlarida qon tomirlari bo‘lmas ekan. Qishda ular kam harakat qilib, qunishib energiya tejashadi.

Olimlar sovuq oylarda qushlarga qo‘lda ovqat berish kerakligini aytishgan. Ular bu holatga o‘rganib qolib, boshqa issiqroq hududlarga o‘tishga urinmay qo‘yishlari mumkin. Qish oylarida faqat juda holsizlanib qiynalgan laylaklarni reabilitatsiya markazlariga topshirish maqsadga muvofiq.

«Laylak keldi, yoz bo‘ldi...»

Bir vaqtlar, bolaligimizda mana shunday so‘zlar bilan boshlanadigan she'rni aytar edik. Kuzak payti samoda halinchak hosil qilib, «qur-qur»lab uchayotgan turnalar sovuq kunlar yaqinlashayotganidan darak berar edi. Qish o‘tib, kunlar isiganda ko‘kda qanot qoqib kelgan laylaklarni ko‘rardik.

Mutaxassislarning aytishicha, laylaklar uchib ketmayotgani bu yerda ular uchun ozuqa yetarli ekani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Uzuntumshuq qushlar asosan mayda baliqlar, qisqichbaqasimonlar va baqalar bilan oziqlanadi. Yurtimizda qish iliq kelayotgani ularga qulay sharoit yaratayotgan bo‘lsa kerak.

Elmurod Ermatov

Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid