Andijondagi toshqin, oliy ta’limdagi o‘zgarishlar va do‘xtirlarga $1500 oylik - hafta dayjesti
Andijonda toshqin: sabablar ma’lum, sababchilar mavhum. Shifokorlar oyligi: 1000 dollarlik planka 1500 dollarga ko‘tarildi. Oliy ta’lim: sirtqi ta’lim yopiladi, nazorat kuchayadi, “Work and travel”chilarga foizsiz qarz beriladi. Jarima ballari 1 iyundan boshlanadi: haydovchilar foydasiga o‘zgarish bor. Haftaning O‘zbekistonga oid muhim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Buloqboshida toshqin
Hafta Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Sarvontepa mahallasi ahli uchun mashaqqatli keldi. 8 may kuni ertalab Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘og‘ining o‘pirilishi oqibatida, mahalladagi yuzdan ortiq hovlilarni suv bosdi. Aholi vakillariga ko‘ra, toshqin paytida ayrim uylarda suv sathining balandligi 70-80 santimetrgacha yetgan. Suv ba’zi xonadonlarda uy ichigacha kirib borgan, ba’zi uylardagi qo‘shimcha inshootlar, ba’zilarda esa faqat ekinlar zarar ko‘rgan.
“O‘zbekgidroenergo”ning izohlashicha, ro‘y bergan holat Janubiy Farg‘ona magistral kanalida kichik GES qurilishi bilan bog‘liq. Loyiha doirasida kanalda suvni to‘sish inshooti qurilib, suv oqimi vaqtincha aylanma kanalga yo‘naltirilgan, lekin negadir aylanma kanalning suv o‘tkazish qobiliyati inobatga olinmagan: soniyasiga 60 kubometr hajmni o‘tkazishga mo‘ljallangan kanalga 70 kubometr suv kelgan, kanal qirg‘og‘i esa bunga dosh berolmay, o‘pirilgan.
Kanalga loyihaviy miqdordan ortiqcha suv yo‘naltirilgani uchun mas’uliyat kimning zimmasida ekani aytilmayapti. Shunisi ma’lumki, GES qurish loyihasini Rossiya moliyalashtirmoqda, qurilish ishlarini “tayyor holda topshirish” sharti bilan Rossiyaning “Energosila” kompaniyasi amalga oshiryapti. Ro‘y bergan holatga huquqiy baho beriladimi-yo‘qmi, bu savol ham hozircha ochiq: o‘tgan uch kun davomida huquq organlaridan biror reaksiya bo‘lmadi.
Ayni paytda, taxminan 150 ta xonadonga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya favqulodda tezlik bilan to‘lab berilgani, ertasiga mahalla yo‘llariga asfalt yotqizish ishlari ham boshlanganini e’tirof etish mumkin. “Hatto ekkan pomidoridan qancha hosil kutayotganigacha bozor bahosida hisob-kitob qildik. Pullarni olib kelib qo‘ydik, kechasi bilan xalqimizga tarqatamiz. Biror inson norozi bo‘lmaydi, hamma narsa joy-joyiga qo‘yib beriladi”, dedi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov.
Eng ko‘p kompensatsiya olganlardan biri – ham uyi, ham biznesiga talafot yetgan tadbirkor ayol uyiga bir qop pul – 250 mln so‘m bilan qaytdi. Hozircha aynan qancha pul tarqatilgani, hodisadan ko‘rilgan umumiy zarar miqdori qanchaligi ochiqlanmadi. Viloyat mahallalar uyushmasi rahbari Muhammadjon Nishonovga ko‘ra, zararlarni qoplash uchun pullarni “O‘zbekgidroenergo” vakillari olib kelgan. Davlat kompaniyasining bu xarajatlari hujjatlarda qanday rasmiylashtirilgan, keyinchalik ularni qoplash masalasi ko‘riladimi-yo‘qmi, yuqorida aytganimizdek, noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Boysunda gaz favvorasi
Andijonda ro‘y bergan texnogen ofat uchun jabrlanuvchilarga shu kunning o‘zidayoq kompensatsiya to‘langanini hammadan ham ko‘ra boysunliklar o‘zgacha taassurot bilan kuzatgan bo‘lsa ajab emas. “Mustaqillikning 25 yilligi” konidagi texnogen falokat sabab bir necha oy qo‘lansa hiddan aziyat chekkan, salomatligi yomonlashgan, sarson-sargardon bo‘lgan boysunliklarning moddiy va ma’naviy zararlarini qoplash masalasida na rasmiylardan, na pudratchi kompaniyadan 9 oydan beri sado chiqmadi. Kon atrofida yashovchilar hozir ham vaqti-vaqti bilan oltingugurt hidini sezib turishibdi: konda yangi gaz otilib chiqish nuqtalari paydo bo‘lishi bilan, atrofni avvalgidek qo‘lansa hid tutib ketadi, favvora yoqib qo‘yilgach, hid kamayadi.
Shunday holatlardan navbatdagisi 5 may kuni tongda ro‘y berdi. Energetika vazirligiga ko‘ra, 202-sonli quduqdan favvora bo‘lib gaz otilib chiqishi holati takrorlangan. Bu quduqdagi birinchi portlash 27 mart kuni ro‘y bergan, shundan keyin fontanlanish 1 oy davom etib, quduq o‘qining g‘ovlanib tushgani va kolonna chiqib ketishi natijasida to‘xtagan. 5 may kungi takroriy portlashdan keyin yuzaga kelgan favvora, videolarga qaraganda, bir necha o‘n metr balandlikkacha ko‘tarilgan. Vazirlik axborotida, doimgidek, aholi punktlari uchun xavf yo‘qligi aytilgan, umumiy vaziyat borasidagi rejalar va prognozlar haqida ma’lumot berilmagan.
“Oilaviy shifokorlar 1500 dollar oylik oladigan tizim qilamiz”
Shifokorlarning oyligi bo‘yicha avval e’lon qilingan 1000 dollarlik marra plankasi ko‘tarildi: endi 1500 dollar xaqida gap ketmoqda. Bu haqda chorshanba kuni prezident selektorida ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, yangi tizimda tumanlardagi markaziy poliklinikalarda ishlovchi oilaviy shifokorning bazaviy oyligi 500 dollar, hamshiraniki esa 300 dollar bo‘ladi. Ular malaka sertifikatini olish orqali oyligini 2 barobarga, yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish orqali 3 barobarga oshirish imkoniga ega bo‘ladi. Yuqori samaradorlik ko‘rsatkichlari deganda, mahallada yurib surunkali kasalligi bor aholining tibbiy madaniyatini oshirish, onkologik, diabet, insult, infarkt kabi kasalliklarni erta aniqlab, shifoxonalarga tushadigan yuklamani kamaytirish tushuniladi.
“Bir so‘z bilan aytganda, oilaviy shifokorlar 1,5 ming dollar, hamshiralar esa 600–800 dollar oylik oladigan tizim qilamiz. Lekin, natija ham shunga yarasha bo‘lishi kerak”, – dedi davlat rahbari.
Ma’lum qilinishicha, bundan buyon birlamchi bo‘g‘inda 0,5 yoki 0,25 stavka bo‘lmaydi: barcha shifokor va hamshiralar faqat to‘liq stavkada ishlaydi. Shuningdek, poliklinikalarda akusher-ginekologlar sonini 2 baravarga oshirish, pediatr shtatlarini ham ko‘paytirish, tibbiy yordamning kafolatlangan paketini tasdiqlash reja qilingan.
Yangi rejalar e’lon qilinarkan, ko‘pchilik eski rejalarning amalga oshmayotganini o‘ylashi tabiiy. Bu masala selektorda ham o‘rtaga tashlandi. Prezident tibbiy sug‘urtani joriy qilish yillardan beri ortga surilib kelinayotgani, tizimni to‘liq raqamlashtirish uyoqda tursin, oddiy “elektron retsept” ham ishga tushirilmaganini tanqid qildi. “Elektron poliklinika” va “elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor, dedi Shavkat Mirziyoyev. Kamchiliklar sababli sog‘liqni saqlash vazirining ikki o‘rinbosari lavozimidan olinib, yana biriga 6 oy muhlat berildi.
Yig‘ilishda dalillarga asoslangan tibbiyotga o‘tish bo‘yicha topshiriqlar bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar har yili 600-700 mln dollar sarflab, samaradorligi isbotlanmagan dorilarni sotib olyapti. Bunday dorilarning importdagi ulushi naq 42 foiz ekani hayratlanarli. Shunga ko‘ra, “samarasiz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan preparatlarni klinik protokollardan chiqarish, bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha kompleks reviziya o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Sirtqi ta’lim yopiladi, yangi agentlik ochiladi
Oliygohlarda sirtqi ta’limga qabul to‘xtatiladi. Prezident farmoni bilan, uning o‘rniga kredit-modul tizimidagi maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shaklini ochishga ruxsat berildi. Oliy ta’limning bu shakli – odatiy kunduzgi ta’limga qaraganda dars soatlari va yuklamaning kamligi bilan ajralib turadi. Universitetlar ta’limning bu kabi muqobil shakllariga yoppasiga o‘tib ketmasligi uchun, maqbullashtirilgan kunduzgi, kechki va masofaviy ta’lim shakllari bo‘yicha kvotalar sonini kunduzgi ta’limga qaraganda 50 foizdan oshirmaslik talabi kiritildi. Bunga rioya qilmagan OTMlarning litsenziyasi bekor qilinadi.
Farmon bilan, universitetlar ustidan nazorat kuchaytirilyapti. Uch yil oldin ma’muriy reforma vaqtida yopilgan Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga o‘xshash yangi bir tashkilot – Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tashkil etilmoqda. Agentlik texnikum, oliygoh kabi ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish, ularning reytingini tuzish bilan shug‘ullanadi. Akkreditatsiya vaqtida aniqlangan kamchiliklarini bartaraf etmagan ta’lim tashkilotlarining faoliyati taqiqlanadi. Agentlikka zarurat tug‘ilganda navbatdan tashqari tekshiruvlar o‘tkazish vakolati ham berildi. Biz ayniqsa xususiy oliy ta’lim ustidan nazorat kuchaytirilishining salbiy oqibatlari haqida o‘tgan haftadagi dayjestimizda to‘xtalib o‘tgandik.
Shu hafta e’lon qilingan boshqa bir hujjat bilan, “Work and travel” (ish va sayohat) dasturlari doirasida xorijga ishlash uchun boradigan talabalarga foizsiz qarz berish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, har yili 2 ming nafar talabaga ta’til vaqtida AQSh, Yevropa Ittifoqi, Britaniya, Koreya, Yaponiya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaga borib ishlab kelishi uchun 15 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi. Olingan qarzni qaytib kelgandan keyin 1 oy ichida qaytarish kerak. Da’vogarlar 15 maydan boshlab davlat xizmatlari markazi yoki yagona portal orqali ariza berishi mumkin.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Haydovchilarga qoidabuzarlik uchun jarima ballari hisoblash 1 iyundan boshlanadigan bo‘ldi. Imzolangan hukumat qarori muhokamaga chiqarilganidan biroz farq qiladi: bir nechta qoidabuzarliklar uchun ballar miqdori kamaytirilgan. Loyihada eng kam – 0,3 ball beriladigan faqat bitta qoidabuzarlik kiritilgan bo‘lsa, yakuniy versiyada ikkita qoidabuzarlik uchun 0,2, yana ikkitasi uchun 0,3 balldan berilishi ko‘zda tutilgan. Shu tariqa, 7 yilga cho‘zilgan, o‘zi avvalboshdan chalajon ahvolda bo‘lgan tartib deyarli o‘lik ahvolga keltirilgan. Natijada 1 iyundan keyin ham yo‘llarda xavfsizlik borasida aytarli hech narsa o‘zgarmaydi.
O‘zbekistonga gibrid elektromobillarni olib kirishda ekologik sertifikat olish talabi qo‘yildi. Qo‘yildi-yu, 3 kunga bormay olib tashlandi. Avtoblogerlarga ko‘ra, sertifikat olish narxi qariyb 2 mln so‘m deb belgilangan. Avtomobil importini battar qimmatlashtiradigan bu sirli chora nega joriy qilindi-yu, nega bekor qilindi – rasmiylardan biror izoh bo‘lgani yo‘q. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonga 7 mingta yengil avtomobil olib kirilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili birgina yanvar oyining o‘zida 10 mingtadan ko‘p avtomobil import qilingandi.
Samarqand viloyatida odamlar o‘limiga olib kelgan ikkita portlash ro‘y berdi. Kattaqo‘rg‘ondagi AYoQShda “Zil” mashinasidan yoqilg‘i saqlovchi konteynerga solyarka quyilayotgan paytda portlash ro‘y berib, 2 kishi halok bo‘ldi, bir kishi jarohatlandi. Samarqand shahrida esa ko‘p qavatli uylardan biriga gaz to‘lib qolishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Voqea joyidan 6 kishining jasadi topilgan.
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 10 ming dollardan pul mukofotlari berildi. Urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar esa 25 mln so‘m bilan taqdirlandi. Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda II jahon urushi qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan faxriylar soni 82 nafarni tashkil qiladi. 8 may kuni ulardan bir guruhi va davlat rahbari o‘rtasida G‘alaba bog‘ida tadbir tashkil etildi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, 9 may kuni Moskvadagi harbiy paradda ham ishtirok etdi.
Jizzaxda AES qurish yo‘lida yana bir qadam tashlandi. 6 may kuni prezidentning energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Sultonov raisligida operativ shtab va ilmiy-texnik kengashning qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Forishda kam quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. “O‘zatom” stansiyani joylashtirish uchun ruxsatnomani kelasi yil boshida olishni rejalashtirmoqda. O‘tgan oyda loyihaning qurilish-montaj bazasini qurish ishlari boshlangandi.
Mavzuga oid

16:59 / 09.05.2025
“Suv toshishi 24 aprelda boshlangandi” - Buloqboshidan reportaj

22:49 / 08.05.2025
"Ekkan hosiligacha bozor bahosida hisob-kitob qildik" - Shuhrat Abdurahmonov

21:25 / 08.05.2025
Suv bosgan uylar va yo‘llar – Andijondagi toshqindan fotoreportaj

18:06 / 08.05.2025